Otabek Sattoriy 6,5 yilga hukm qilindi
Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy tuhmat va tovlamachilik moddalari bilan aybdor deb topilib, 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘taladi.
10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriy ustidan sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar bermoqda.
Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudi raisi T. Abdiraimov raisligida ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga ko‘ra, O.Sattoriy jabrlanuvchi N. Narbayevani haqorat qilganlik hamda T.Ko‘charov, A.Xudoyqulov va Z.Xursanovga tovlamachilik qilganlik ayblovi yuzasidan oqlandi.
Sattoriy JKning 139-moddasi 3-qismi «a», «g» bandlari (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab, g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) va 165-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdordagi tovlamachilik)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari)ga asosan, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Ashyoviy dalil deb topilgan 1 dona «Vivo-X50» rusumli uyali telefon apparati qonuniy egasi L. To‘rayevga, 1 dona «Redmi 5+» rusumli uyali telefon apparati va 1 dona «Zotac» rusumli kompyuter protsessori qonuniy egasi sudlanuvchi O. Sattoriyga qaytarilishi belgilandi.
«Termiz Eko Ekspress loyiha» MChJ rahbari T. Shapulatov va O. Sattoriy o‘rtasida tuzilib, notarusda tasdiqlangan, Termiz shahri «Ma'rifat» mahallasi Istiqlol ko‘chasi 6-uyda joylashgan 42- va 44-raqamli kvartiralar O. Sattoriyga sotilgani bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari haqiqiy emas deb topildi.
Qayd etilishicha, T. Shapulatovdan sudlanuvchi O. Sattoriy foydasiga jami 234 835 000 so‘m undirilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, prokuror blogerga 5 ta ish bo‘yicha ayblov qo‘yilganini bildirib, unga 11 yil qamoq jazosi so‘ragandi.
Otabek Sattoriyning advokati Xursanoy Kuchayeva voqealar rivojiga ko‘ra mijozi qamaladigan bo‘lib turganini aytgandi.
Mavzuga oid
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024