Jamiyat | 22:50 / 16.06.2017
103463
6 daqiqa o‘qiladi

«Chinozlik Ahmadboy» qo‘lga olinganiga roppa-rosa bir yil bo‘ldi

Rosa bir yil muqaddam «Chinozlik Ahmadboy» nomi ostida xalq o‘rtasida tanilgan moliyaviy piramida asoschisi Ahmadjon Tursunboyev huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan edi. Bu haqda dastlab «Toshkent» telekanalida xabar berilgan edi.

Ushbu voqeadan keyingi kunlarda, 2016 yilning 29 iyuniga borib, O‘zMTRKning bir necha telekanallarida Ahmadboyning faoliyatiga bag‘ishlangan «Ahmad vasvasasi» nomi ostida hujjatli film efirga uzatilgandi.

Ko‘rsatuvda ashyoviy dalil sifatida olingan mablag‘lar 13 mlrd. 139 mln. so‘m va 12 mln. AQSh dollari namoyish etilgandi.

Ko‘rsatuvda Ahmadjon Tursunboyevning o‘zidan bir qator iqtiboslar keltirildi: «Boshi berk ko‘chaga kirib qolib, keyin chiqib keta olmadim. Orqaga yo‘l yo‘qligini bilardim».

U odamlar orasida obro‘ orttirgani, saxovatpeshaligi evaziga odamlarning ishonchini qozongani aytib o‘tiladi. U 4-5 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelgan bo‘lsa-da, 2015 yil oxirida faoliyatini kengaytiradi. 2016 yilning 12 yanvarida esa Chinozda «Chinoz avto hamkor» va «Chinoz halol chorva» MChJ shaklidagi korxonalarini ta'sis etadi. U bu korxonalardan davlatga soliq to‘lash orqali o‘zining haqiqiy daromadlarini yashirishda foydalangani aytiladi.

U o‘z atrofida asosan qarindoshlarini to‘plagandi. Uning jiyanlaridan biri avtomobillarni qabul qilib olish va bozorda sotish, boshqalari pul va taqinchoqlar keltiruvchilarni ro‘yxatga olish bilan shug‘ullangan. Ular shunchaki maktab yoki kollejni bitirgani, yozishni bilgani uchun ishga olingan.

Ahmadboy o‘zining sodda tizimini hashamatli qarorgohlar barpo etish orqali xaspo‘shlagan. Keluvchilar darvoza oldidagi qo‘riqchilarni, ichkaridagi pul sanovchilarni ko‘rib, o‘zlarini bankka kelgandek his qilishgan.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘z qoramoli yoki pulini Ahmadboyga berayotgan odamlardan tushuntirish xati olingan. Xatda pul topshirayotgan odam, uning ota-onasi yoki turmush o‘rtog‘i «Chinoz avto hamkor» MChJga bergan mablag‘i yoki avtomashinasini 12 oy davomida oyma-oy bo‘lib olishga bergani, ushbu mashina yoki pulni berayotgan vaqtda hech kimdan hech qanday e'tirozi yo‘qligini zimmasiga olishi va ilova qilib pasportining nusxasini bergani, tushuntirish xatini o‘z qo‘li va o‘z so‘zi bilan yozgani bayon qilinadi.

Mazkur xatga, shuningdek, «Ogohlantirish xati» ham ilova qilingan bo‘lib, unda MChJ rahbariga biror kor-hol bo‘lib qolsa, hech kimga e'tiroz bildira olmasligi, tavakkalchilikka qo‘l urilayotganini unutmaslik yozilgan.

Shuningdek, mijoz topib keluvchilar ham bo‘lgan. Bu ish bilan shug‘ullanganlar uchun «suyunchi puli» joriy etilgan edi.

U bu jarayonga shu vaqtgacha hokim, IIV vakillari e'tiborsizlik bilan qaraganini aytib o‘tilgan edi. Chinoz tumani prokurori ham «Ahmadboy voqeasi» fonida lavozimidan chetlatilgan edi.

Ko‘rsatuvda mahalliy amaldorlar va huquq tartibot organlari vakillari Ahmadboyning faoliyatiga panja ortidan qaragani aytib o‘tilgandi. Aksincha, tergov jarayonida bu kishilar Ahmadboyni fosh etish o‘rniga unga jinoiy sheriklik qilib kelgani aniqlangan.

«Katta lavozimdagi amaldorlar, hokim yoki IIV vakillari unga mijoz bo‘lishgan», degan tergovdagi xodimlardan biri, "Chinoz avto hamkor" korxonasida yurist bo‘lib ishlagan Oybek Isoqov.

«Unikini bunga, bunikini unga berib, shu ishga kirib ketganman. Bankrot bo‘ldim. Pul yetkazib bera olmadim. Qancha odamdan qancha pul olinganimni aniq bilmayman», — degan edi Ahmadjon Tursunboyev kamera qarshisida.

Ko‘rsatuvda Ahmadjon Tursunboyev boshliq uyushgan guruhning noqonuniy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rganlar soni «bir necha o‘n mingni tashkil etishi» aytib o‘tilgandi.

«O‘nta zavodi bor odam ham buncha pulni qaytara olmaydi. Yashirmayman, men bu o‘yinga kirib qolganman va undan chiqib keta olmaganman», — degan edi Ahmadjon Tursunboyev va «Aholidan uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman», deya o‘z so‘zlarini yakunlagan edi.

Bir yil muqaddam qonunbuzarliklarni sodir etgan Ahmad Tursunboyev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan Jinoyat kodeksining bir nechta moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va surishtiruv-tergov ishlari davom etayotgani aytib o‘tilgan bo‘lsa-da, bu jinoiy ish nima bilan tugagani, sud bo‘lgan yoki bo‘lmagani, mablag‘i, mulki, moliga kuyib qolgan yurtdoshlarimizning taqdiri nima bo‘lgani noma'lumligicha qolmoqda.

Mavzuga oid