O‘zbekiston | 17:46 / 24.09.2021
28919
6 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘chada o‘qimasdan «prava» olgan yuz minglab potensial qotillar yuribdi» – mutaxassis ayanchli YTHlar va Rossiyadan ko‘chirilgan yo‘l belgilari haqida

Bugun, 24 sentabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda qo‘mita eksperti Nosirjon Zokirov yo‘l-transport hodisalari ko‘payib borayotgani va buning sabablari haqida gapirdi.

«Yo‘l-transport hodisalari haqida kelayotgan ma'lumotlar xuddi frontdan kelayotganga o‘xshaydi, Tuproqqal'a tumanida 4 ta o‘lim, Andijonda 3 ta o‘lim, Qarshida bo‘lgan YTH, bir-ikkita o‘lim bo‘lganlarini gapirmayapman.

Savolim Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi vakiliga: 2020 yil 19 sentabr kuni bo‘lgan yalpi majlisda qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘zbekistonda 408 mingta yo‘l belgisi yetishmasligi haqida ma'lumot bergan edi. Statistika qo‘mitasi ma'lumotlarida bu ko‘rsatkich 150 mingta edi, lekin rasmiylar shu raqamni [408 mingta] aytishgan. Hozirda bu masala bo‘yicha holat qanday, ijobiy tarafga o‘zgarish bormi?» - dedi u.

Shuningdek, qo‘mita eksperti 2019 yilda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan taqdim qilinib, tasdiqlangan yo‘l belgilari bo‘yicha davlat standartlari haqida gapirdi. Nosirjon Zokirovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi yo‘l belgilariga oid standartlar Rossiyadan ko‘chirib olingan.

«Men ularni o‘rganib chiqqanman, afsuski, Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi bilan kelishilgan yo‘l belgilariga oid standartlar Rossiya Federatsiyasidan ko‘chirib olingan deyilgan. Bizda yo‘q belgilar shunday  tarjima qilinganki… Sun'iy notekisliklarni tarjima ham qilib o‘tirmasdan rus tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirilgan. Mayli, texnik jihatdan tarjima qilish qiyin bo‘lgandir. Lekin Rossiya standartlarida 5.31 yo‘l belgisi bosib chiqarishdagi xatolik tufayli 5.3.1 bo‘lib qolgan ekan. Xato shu bo‘yicha ko‘chirib olingan. Vaholanki, bizda unday belgi yo‘q, bizga to‘g‘ri kelmaydi.

Normativ huquqiy hujjatning o‘zi mustahkam bo‘lmasa, qanday qilib yo‘l belgisini o‘rnatib yoki chiziqni chizib bo‘ladi?» dedi ekspert. 

Nosirjon Zokirovning ta'kidlashicha, O‘zbekistondagi YTHlarning aksariyati piyodalar o‘limi bilan tugayapti.

Nosirjon Zokirov

«Piyodalarni bosib ketyapti, urib ketyapti. O‘zbekistondagi piyodalar o‘tish joylari qoniqarsiz tashkil qilingan.

Masalan, Chiroqchi tumanidagi Xo‘jaobod qishlog‘ida Senat nazoratga olgan YTH oqibatida vafot etgan 7 yoshli qiz voqeasini olaylik. Men borib o‘rganib keldim, senatorlarga rasmlarini ham taqdim qildim. O‘sha yerdagi odamlar bilan gaplashdim. Chiziqlarni chizib qo‘yishgan, balki belgilarni ham yangilashgandir. Lekin u yerda asosiy masala qolib ketgan. Piyodalar o‘tish joyidagi zebraning kengligi taxminan 2 metr bo‘lsa, yo‘l o‘rtasidagi betonning yorig‘i yarim metr. O‘nta bola o‘tayotgan bo‘lsa, o‘rtada kutib qoladi. Eng yomoni, farosatsizlikni qarangki, yo‘l ta'mirlovchilar betonni o‘ygan, o‘yganda ham 20 sm atrofida pastki qismida beton qolgan. Xuddi ostonaga o‘xshab beton o‘rtada qolgan. Har bir o‘tayotgan odam unga qoqilsa, yo‘lning narigi tarafiga yiqilib tushadi-ku.  

Bundan tashqari, Qarshi shahrida yo‘l belgilari noto‘g‘ri o‘rnatilgan. Piyodalar o‘tishi belgilari almashtirib qo‘yilgan. Bu haydovchida noto‘g‘ri tasavvur hosil bo‘lishiga olib keladi. Nahotki shunga e'tibor bilan qarashning iloji bo‘lmasa», – dedi ekspert.

Zokirjon Nosirov O‘zbekistonda haydovchilarni tayyorlash va imtihon tizimi umuman izdan chiqib ketganini ta'kidladi.

«Asosiy YTHlar inson omili oqibatida bo‘lyapti. Bunday ayanchli statistikalar davom etaveradi, buni to‘xtata olmaymiz. Chunki ko‘chalarimizda bir kun ham o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasini olgan yuz minglab potensial qotillar yuribdi. Hozir halol ishlayotgan avtomobil maktablariga kun yo‘q, chunki dars soatlarini beraman desa, narxi oshadi. Bitta hududda bir maktab 1,5 million so‘m bo‘lsa, yana bir maktab 900 ming so‘mga o‘qitadi. Lekin dastur bir xil va u bajarilishi kerak. Asosiy xarajat yoqilg‘i bilan bog‘liq, yoqilg‘ini bermasa [amaliy darslarni kamaytirsa] albatta 900 ming so‘mlik darslarga borishadi-da. Bu masalalar dolzarb deb o‘ylayman”, – dedi ekspert.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va YHXB mas'ullari ushbu masalalarni o‘rganib, kelasi majlisda axborot berishi ma'lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir haftada Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon va Xorazmda sodir bo‘lgan YTHlarda 11 kishi halok bo‘ldi.

Shuningdek, joriy yilning iyun oyida mamlakat yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhi tuzilib, uning tarkibiga hukumat, ichki ishlar, transport, moliya vazirliklari, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va boshqa mutasaddi idoralar va tashkilotlarning rahbar va malakali mutaxassislari kiritilgan edi.

Ishchi guruh tomonidan alohida e'tibor, yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq jiddiy muammolar – yo‘llar holati, piyodalar o‘tish joyi, yo‘l belgilari, tartibga solinmagan chorrahalar va boshqalarga qaratilib, ularni tubdan yaxshilash bo‘yicha har tomonlama choralar ko‘rilishi belgilangan. Lekin, bugunga qadar guruh tomonidan YTHlarni kamaytirish bo‘yicha biror bir taklif ishlab chiqilgani haqida ma'lumot berilmagan.  

Mavzuga oid