Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda AES qurilishi qachon boshlanadi? «Rosatom» bosh direktori birinchi o‘rinbosari bilan eksklyuziv intervyu
O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi (AES) inshootini qurish uchun munosib maydon izlashga doir ishlar faol olib borilmoqda. Shu bilan birga, stansiyani qurish bo‘yicha qonunchilik bazasini tayyorlash hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi atom energetikasi yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur masalalar o‘tgan hafta Toshkent shahrida O‘zbekiston parlamentariylari va «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori birinchi o‘rinbosari, «IK» AJ prezidenti Aleksandr Lokshin boshchiligidagi RF delegatsiyasi uchrashuvi davomida batafsil muhokama qilindi. Aleksandr Lokshin Kun.uz muxbiriga bergan eksklyuziv intervyusida loyihaga oid ishlarining borishi va stansiya qurilishi rejalashtirilgan sana haqida so‘z yuritdi.
- Sizning O‘zbekistonga tashrifingiz loyihani amalga oshirish doirasidagi amaliy ish hisoblanadi. «O‘zatom» AES qurilishini 2020 yilda boshlashni mo‘ljallamoqda, ishlar belgilangan vaqtda boshlanadimi?
- Umid qilamizki, ha. Hozir stansiyaning joylashuvi bilan bog‘liq salohiyatli ehtimoliy maydonlarni o‘rganishga doir intensiv ishlar ketmoqda. Mart oyining oxiriga borib maydon tanlovi bo‘yicha qaror qabul qilinishiga umid qilyapmiz. Bu vaqtga kelib loyihani amalga oshirish bo‘yicha tadqiqot ishlari tugallanadi, rejaga ko‘ra, bu 2019 yilning oxirlariga borib taqaladi, AES qurilishi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi kutilmoqda. Shundan keyingina tayyorgarlik davri ishlarini boshlash mumkin bo‘ladi. Bu sanoat bazasi, turar joylar, infratuzilmalarning qurilishi demakdir, ya'ni bo‘lg‘usi AES maydoni hududida hayot qaynay boshlaydi. AES qurilishiga esa 2021 yil oxiri - 2022 yil boshida, regulyatordan tegishli litsenziya olgandan keyin kirishishga umid qilyapmiz.
- Ya'ni 2020 yilga borib qurilishning boshlang‘ich bosqichi boshlanib, keyin atom stansiyasi qurilishiga o‘tiladi, shundaymi? Jarayon qancha vaqt davom etadi?
- Shartli ravishda oladigan bo‘lsak, stansiya qurilishi muddati - bu reaktor korpusi asosiga birinchi betonning quyilish vaqtidan to stansiyani tarmoqqa ulashgacha bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oladi. Dastlabki grafikka ko‘ra, bu davr 2022 yildan 2028 yilgacha bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu muddatga rioya qilish muammo emas, zero biz bu borada tegishli tajribaga egamiz. Boz ustiga, biz seriyali loyiha quramiz - Novovoronejda referent stansiyamiz bor. Biz dunyo bo‘ylab juda ko‘p stansiyalar bunyod qilyapmiz, O‘zbekistondagi AES qurilishi davriga borib esa, yanada ko‘proq tajriba to‘planadi. Har bir mamlakatdagi dastlabki davrning davomiyligi har xil bo‘lishi mumkin. Biz mamlakatda birinchi atom stansiyasining qurilishi – yangi sanoatni yaratish ekani haqida ko‘p gapiramiz. Bu jarayonlarning muvaffaqiyatli va o‘z muddatida amalga oshirilishida ko‘p narsa mamlakatlararo hamkorlikka bog‘liq. Bizning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik darajasini esa juda yuqori baholaymiz. Biz regulyator organlar, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotni shakllantirish, atom sohasi uchun qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yaratishda maksimal darajada ko‘mak berishga tayyormiz.
Bir-birimizga shartnomani muvofiqlashtirish uchun belgilagan muddatlar ham ancha shijoatli. Bu juda jiddiy va keng qamrovli hujjat bo‘lib, unda barcha jihatlar ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak.
Shartnomaning birinchi versiyasini 17 dekabr kuni tantanali ravishda Jo‘rabek Tursunpo‘latovich Mirzamahmudov ("O‘zatom" agentligi rahbari)ga topshirdik. O‘zbekistonlik hamkasblarimiz maslahatchilarni jalb qilgan holda hujjatni batafsil o‘rganib chiqishadi, bir necha mavzuiy ishchi guruh tashkil qilinadi. Bizning maqsadimiz - shartnoma imzolanganidan keyin hech bir tomonda ularning manfaatlari to‘liq hisobga olinmagandek his qolmasligiga erishish. Bu hatto eng iliq munosabatlarda ham juda muhim.
- O‘zbekiston energetikasi bir tomondan diversifikatsiyaga muhtoj, boshqa tomondan esa - atom generatsiyasi biz uchun yangi yo‘nalish. Qanday qilib "oltin o‘rtalik"ka erishish mumkin?
- Generatsiya turlarining optimal nisbati har bir mamlakatdagi muayyan shart-sharoitlarga bog‘liq. Kimdadir gaz bor, kimdadir esa - yo‘q, qayerdadir yil bo‘yi shamol esib, 365 kun quyosh chiqadi, boshqa bir joyda esa - yomg‘ir va qor. Bir joyda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ko‘proq, boshqa joyda esa kamroq foydalanish kerak, qayerdadir ko‘mir qo‘llansa, boshqa bir joyda gidroresurslar mavjud. Qanday bo‘lmasin, ham tabiiy, ham kon'yunktur tashqi ta'sirni minimallashtirish uchun elektr generatsiyasi portfeli diversifikatsiya qilinishi kerak. Masalan, shamol ma'lum bir muddatga qisqarishi mumkin, gaz narxi keskin oshishi mumkin, ko‘mir zararli chiqindilardan tashqari kelgusida qimmatlashishi mumkin, chunki uni qazib olish tobora qimmatga tushmoqda. Gidroresurslar ham cheklangan. Shu jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, atom energetikasining afzalligi uning juda uzoq muddat xizmat qilishidadir. AESning xizmat muddati - 60 yil va bu muddatni 80 yilgacha uzaytirish uchun real imkoniyatlar mavjud. Qurilishga sezilarli xarajat qilinsa-da, u uzoq vaqt mobaynida barqaror narx bo‘yicha elektr energiya ishlab chiqaradi. Atom stansiyalarida elektr energiya ishlab chiqarish narxi yoqilg‘i narxiga u qadar bog‘liq bo‘lmaydi, chunki uning ulushi 10 foizdan oshmaydi. Agar qachonlardir uran 2-3 baravarga qimmatlashsa ham, elektr energiya narxi atigi 2-3 foizga oshadi. Gaz generatsiyasi haqida gap ketganda esa, masalan, elektr energiyasini ishlab chiqarish tannarxida gazning ulushi 80 foizgacha yetadi. Shuning uchun gaz narxining ikki baravarga oshishi elektr energiyasining bir yarim baravarga oshishiga olib keladi, bu esa narxning sezilarli darajada yuqorilashidir.
- Atom generatsiyasining xavfsizligi haqida ko‘p gapiriladi. Biroq qator mamlakatlarda so‘nggi vaqtlarda quyosh energetikasi foydasiga tanlovlar amalga oshirilmoqda. Bu qanchalik to‘g‘ri tanlov? Masalan, bizda ham quyoshli kunlar juda ko‘p.
- Men xitoycha yondashuv tarafdoriman: bog‘da barcha gullar gullashi kerak. Quyosh energetikasi ham, shamol energetikasi ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kerak. Shuni ta'kidlab o‘tmoqchimanki, ushbu dinamik rivojlanayotgan texnologiyalar bilan bog‘liq afsonalar juda ko‘p. Masalan, quyosh energetikasi arzonlashuvi - biz quyosh elementlari haqida gapiradigan bo‘lsak, haqiqat. Ularning faoliyatini ta'minlaydigan, quyosh generatsiyasida sezilarli ulushga egainfratuzilma esa allaqachon shu darajada optimallashtirilganki, bunda narxning arzonlashishi haqida gapirishning o‘zi noto‘g‘ri. Yana bir xususiyatga to‘xtalish mumkin: keng qamrovli quyosh generatsiyasi ulkan maydonlarni muomaladan chiqarishni talab qiladi. Bugunga kelib 1 kv. m quyosh elementlarining erishilgan sutkalik o‘rta quvvati - 100 vatt atrofida. Bu AESning ikki bloki (2,4 GVt)ga ekvivalent quvvatni olish uchun 24 kv. km maydon kerak degani! Albatta, cho‘lu biyobonlardan foydalanish mumkin, lekin unda yetkazib berish xizmatlari qimmatga tushadi... Shunday bo‘lsa-da, bu quyosh generatsiyasining o‘rni yo‘q, degani emas. U, shubhasiz, katta birlik quvvatlari kerak bo‘lmagan joylarda, masalan, kichik xo‘jaliklarni elektr energiya bilan ta'minlashda talabgor bo‘ladi. Agar uyingiz quyoshli joyda bo‘lsa, tomga quyosh batareyalarini o‘rnatish mumkin, ular ishlab chiqaruvchi elektr energiya televizor, kir yuvish mashinasi va boshqa maishiy uskunalar ishlashi uchun yetadi. Qolganini hatto sotish ham mumkin. Biroq quyosh batareyalari hammaga birdek yetmaydigan yoki quyosh 365 kun charaqlab turmaydigan hududlardagi sanoat obektlari, katta shaharlar haqida gap ketganda quyosh generatsiyasi an'anaviy generatsiya o‘rnini bosishi amri mahol. Shamol generatsiyasi haqida ham xuddi shunday vaziyat. Ehtimol, ajablanishingiz mumkin, lekin «Rosatom» shamol generatsiyasini rivojlantirishda ishtirok etadi. Biz umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan bir necha shamol generatsiyasi parklarini quryapmiz, ilk 150 MVt quvvatni keyingi yilda ekspluatatsiyaga kiritish kutilmoqda. Mamlakat energiya muvozanatida, asosiysi, generatsiyaning barcha turlari rejali va samarali qo‘llanilishida. Quyosh ham, shamol ham unda o‘z o‘rnini topishiga ishonchim komil, biroq ularning asos bo‘lib xizmat qilishi juda qiyin.
Lola Raxmanbayeva
Mavzuga oid
09:10 / 07.06.2026
AES narxi ochiqlandi, yirik pudrat sxemasi fosh bo‘ldi - hafta dayjesti
16:12 / 05.06.2026
AESda ishlab chiqarilgan 1 kWh elektr narxi 1000 so‘mdan past bo‘ladi - Azim Ahmadxo‘jayev
10:59 / 05.06.2026
O‘zbekistonda quriladigan AES qiymati 9,5 milliard dollardan oshmaydi - "O‘zatom" direktori
08:19 / 05.06.2026