Jahon | 19:02 / 29.08.2025
2893
4 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Isroil rasmiylarining London qurol-yarog‘ yarmarkasiga kirishini taqiqladi

Buyuk Britaniya hukumati Londonda o‘tkaziladigan yirik qurol-yarog‘ yarmarkasi – DSEI’ga Isroil rasmiylarini kiritmaslikka qaror qildi. Bunga sabab sifatida Isroilning G‘azodagi urushni yanada kuchaytirgani ko‘rsatildi. Ammo bu cheklovlar Isroilning xususiy qurol-yarog‘ kompaniyalariga taalluqli emas.

Foto: DSEI

«Isroil hukumatining G‘azodagi harbiy operatsiyasini yanada kengaytirish qarori – xato. Shu sababli biz Isroil delegatsiyasi DSEI UK 2025 ko‘rgazmasiga taklif etilmasligini tasdiqlaymiz. Bu urush darhol tugashi uchun diplomatik yechim bo‘lishi shart – zudlik bilan sulh, garovdagilarni qaytarish va G‘azo xalqiga humanitar yordam oqimini oshirish», deya hukumat vakilining so‘zlarini keltirmoqda CNN nashri.

Isroil ilgari Mudofaa va Xavfsizlik uskunalari xalqaro ko‘rgazmasida (Defence & Security Equipment International show) muhim ishtirokchi bo‘lgan. Ushbu to‘rt kunlik konferensiya har ikki yilda bir marotaba Britaniya poytaxtida o‘tkaziladi va unda hukumatlar, armiyalar hamda qurol sanoati vakillari qatnashadi.

Isroil mudofaa vazirligi esa Britaniya hukumatining qarorini keskin tanqid qildi: «Bu cheklovlar Isroil vakillariga nisbatan ataylab qilingan va afsuslanarli kamsitish harakati hisoblanadi». Shuningdek, u Isroil ko‘rgazmadan butunlay chiqib ketishini tasdiqladi.

Britaniya Mudofaa vazirligining tasdiqlashicha, hukumat vakillari chetlashtirilgan bo‘lsa-da, bu taqiq Isroilning xususiy qurol-yarog‘ kompaniyalariga tegishli emas. Xususan, Elbit Systems, Rafael, IAI va Uvision kabi Isroil mudofaa kompaniyalari ko‘rgazmada qatnasha oladi.

Isroilni qurol-yarog‘ ko‘rgazmasidan chiqarish – Britaniya hukumatining so‘nggi oylar ichida bosh vazir Benyamin Netanyahuga bosim o‘tkazish maqsadida amalga oshirgan navbatdagi qadam. Maqsad – G‘azodagi urushni to‘xtatish va Hamas bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish.

Falastinni tan olish masalasi

Shu bilan birga Fransiya va Kanada yetakchilari qatorida Buyuk Britaniya bosh vaziri Keir Starmer ham sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi doirasida Falastin davlatini tan olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu sammit 9 sentabr kuni Londondagi qurol ko‘rgazmasi bilan bir kunda ochiladi va oy oxirigacha davom etadi.

Foto: AFP

Ammo Fransiya va Kanadadan farqli o‘laroq, Starmer Britaniya tomonidan Falastin davlatini tan olishni Isroilning harakatlariga bog‘lagan. Unga ko‘ra, agar Isroil G‘azodagi humanitar inqirozni bartaraf etmasa, Hamas bilan sulhga kelishmasa va «barqaror, uzoq muddatli tinchlik» hamda ikki davlat yechimiga qat’iy majburiyat olmasa, London sentabr oyida Falastinni tan oladi.

Lekin Yevropa davlatlari o‘tgan oyda ushbu pozitsiyasini e’lon qilgandan beri Isroil G‘azodagi hujumlarini keskin kengaytirdi. Isroil armiyasi hozir anklavdagi eng yirik – G‘azo shahrida halokatli urush olib bormoqda.

Fransiya ham Isroilni chetlatgandi

Fransiya hukumati ham iyun oyida Parijda bo‘lib o‘tgan dunyodagi eng yirik aviatsiya yarmarkasi – Paris Airshow’da Isroilning yirik qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalari Elbit Systems va Rafael stendlarini yopib qo‘ygandi. Sabab ular hujum qurollarini namoyishdan olib tashlashdan bosh tortgan edi.

Foto: EPA

CNNning yozishicha, Yevropa Isroilga diplomatik bosim o‘tkazishga urinayotganiga qaramay, Isroildan qurol sotib olishni ham davom ettirmoqda. Xususan, avgust oyida Elbit Systems Yevropa davlatlarining biri bilan 1,6 milliard dollarlik mudofaa shartnomasini imzolaganini e’lon qildi. Nashrning yozishicha, 2024 yilda Isroil quroli rekord daraja – 14,8 milliard dollarga chiqqan.

Umuman olganda butun dunyoda qurol eksporti va harbiy xarajatlar oshib bormoqda. Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari institutiga (SIPRI) ko‘ra, bunga bir nechta qit’adagi yirik mojarolar turtki bo‘lyapti.

Mavzuga oid