Qishdan qo‘rqadigan qishloq ayollari. Ular qanday orzular bilan yashaydilar?
U yong‘oqni po‘stidan ajratganida qo‘li tanib bo‘lmas darajada yorilganidan turmush o‘rtog‘idan bekitib yuradi. Buning uchun shifokorga borish esa u uchun uyat. Ushbu maqolada qishloq ayoli bo‘lish peshonasiga bitilgan opa-singillarimiz hasratiga quloq tutamiz.

Foto: Kun.uz
15 oktyabr – Qishloq ayollari kuni. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2007 yilda qishloq ayollarining turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida maxsus rezolyutsiya qabul qilingan va mazkur sana Xalqaro qishloq ayollari kuni deb belgilangan.
O‘zbekistonda qishloq ayollari qanday yashayotgani, ularning muammo va yutuqlari nimada ekani bilan qiziqdik. Shu boisdan respublikamizning turli viloyatlaridagi qishloqlarda istiqomat qilayotgan ayollarning fikrlarini eshitdik.
Qishdan yaxshi chiqsak deymiz
Madina (ismlar o‘zgartirilgan) 38 yoshda, Navoiy viloyati:
Bahordan to kech kuzgacha vaqt qanday o‘tgani bilinmaydi bizga. Erta bahordan g‘o‘za chopiq boshlanadi. Hozir bola-chaqamiz bilan paxta teryapmiz, harna o‘zlariga kiyim-kechak olamiz. Paxtadan keyin g‘o‘zapoya teramiz, chunki qishda tandir-o‘choqqa o‘tin qimmat bo‘ladi. Sotib olishga imkon yo‘q. Uyni isitishga ko‘mir olsak ham katta gap. Qishda hammamiz bitta uyda yotamiz, ko‘mirni tejab bitta uy isitiladi. Yosh kelinlar, chaqalog‘i borlarga qiyin bo‘ladi. Isitishni-ku amallaymiz, chiroq o‘chmasa bo‘ldi. Yo‘qsa bolalarimiz dars tayyorlashga qiynaladi.
Turmush o‘rtog‘im ustachilik qiladi. Uning topganiga un, yog‘ga o‘xshagan oziq-ovqat g‘amlaymiz. Shuning uchun ortiqcha xarajatlarga o‘rin qoldirmaslikka harakat qilib paxta teryapmiz. Yaxshi niyatda bolalarimizni o‘qitamiz deb mol-qo‘y qilamiz, ulargayam qishga yem-xashak sotib olamiz, o‘zimiz ekkanimiz yetmaydi baribir. Tezagini tappi qilamiz – yaxshi yonadi. Umuman yoqsa bo‘ladigan hamma narsani yig‘amiz qishga, masalan makkajo‘xori donini ajratgandan keyin qoladigan so‘tasi, qo‘ylarning tezagi qiy ham yaxshi yonadi.
Bolalarim o‘qishini xohlayman. Lekin daladan charchab kelib zo‘rg‘a ovqatlanishga kuchlari yetadi xolos. Qo‘shimcha darslarda o‘qitishni juda istaymiz, o‘zimiz o‘qimaganimiz uchun. Qishloqda repetitorlar ancha arzon, lekin shungayam berishga sharoit yo‘q hozircha.
Qishloqda yashashning yaxshi tomonlariyam bor, yomon taraflariyam. Hozir ayni kuz, hammamiz qish g‘amidamiz. Bizning shahar aholisidan farqimiz – ular kabi yashash ehtiyojlarimizdan tashqari narsalarni, masalan sayohat, shopping kabilarni o‘ylamaymiz. Qishdan yaxshi chiqsak, bolalarimiz qiynalmasa...Orzularimiz shulardan iborat. Biz ko‘p narsani o‘zimiz ko‘rayotgan seriallar orqali tasavvur qilamiz.
Ayolligini yo‘qotayotgan ayollar
Nozima 27 yoshda, Toshkent viloyati (poytaxtdan poytaxt biqinidagi tumanga uzatilgan. Qishloq ayoliga aylanganiga uch yil bo‘lyapti):
“Hozir 27 yoshdaman. Lekin o‘zimni yoshi o‘tgan ayollarday his qilyapman. Umuman qishloqda ayol o‘zining ayolligini yo‘qotarkan. Hozir o‘zimni tanimay qolyapman – dag‘al qo‘llar, yorilgan oyoqlarim qachon bunaqa bo‘ldi, bilmayman. Hovlidagi katta yong‘og‘imizning po‘stini ajratganimizda qo‘lim tanib bo‘lmas darajada yorilganidan bir necha kundan beri turmush o‘rtog‘imdan bekitib yuribman. Yoriqlarni qanday parvarish qilishni bilmayapman, bu masalada shifokorga borishni uyat deb bilishadi bu yerda (O‘zi uncha-muncha kasalliklardayam shifokorga borilmaydi odatda).
Bularni tuzatsa bo‘ladi. Eng yomoni – suv muammosi bilan bog‘liq. Issiq suvni aytmayapman, oddiy ichimlik suvi - sovuq suv tanqis. Qishlog‘imizda ichimlik suvi yo‘q. Ikki-uch kunda bir suv kelganda hamma idishlarimizni to‘ldirib qolamiz. Shuni keyingi safargacha tejab ishlatishga majburmiz. Ba’zida shu suv uchun navbatlarda urishib ketishlarga guvoh bo‘laman. Alam qiladi shunda – oddiy ehtiyojimiz uchun ham shuncha talashib-tortishishga majburligimiz. Boshida suv uchun ham urishadimi odam deb juda hayron bo‘lganman, hozir o‘rganib qoldim.
Qishloq sharoiti deganda faqat ko‘z oldimga, yashillik, sara mevalar, keng dalalar, sigir-buzoqlar kelardi. Bugun shular ichida yashayapman, ammo kun sayin ichimdagi norozilik kuchayib boryapti. Turmush o‘rtog‘im bilan oliygohda tanishib, bir-birimizni yoqtirdik va u ota-onamga ham ma’qul kelib turmushga berishdi. Viloyat hududi bo‘lsa-da yashash joylari poytaxtdan uncha uzoq bo‘lmaganligi uchun bu haqida o‘ylamagandim. Oila a’zolarimdan yoki turmush o‘rtog‘imdan nolimayman, lekin yashash sharoiti tufayli ich-ichimdan norozi bo‘laman. Qaynotam hamma sharoitni qilib bergan, lekin kir yuvish mashinasini ishlatish uchun suv yo‘q. Har kuni erimga shahardan uy olish haqida bir xarxasha qilaman.
Qishloq ayoli bo‘lishni istamayman
Zamira, 19 yoshda. Qashqadaryo:
Men qishloq ayoli bo‘lishni istamayman. Ikki yildan beri o‘qishga kira olmayman, kelasi yil yana harakat qilib albatta o‘qiyman va shaharda yashayman. Ota-onam o‘zlari oliy ma’lumotli bo‘lishgani uchun xohishimni inobatga olishadi. Lekin men onamga o‘xshagan ayol bo‘lishni orzu qilmayman. Chunki ularning umri faqat mehnatda o‘tyapti. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan onam sahar soat 5:00 dan yarim tungacha tinim bilmaydi. Men institutga tayyorlanishim uchun ko‘p ishni o‘z zimmasiga oladi. Ishga ketgunicha sigir sog‘adi, xasta bobom uchun parhez ovqat pishiradi, hammayoqni saranjomlaydi. Ishdan kelib tomorqamizdagi turp, sholg‘om, kechki sabzini kavlaydi, mosh tozalaydi, makka ajratadi, ko‘rpacha qaviydi. Biz ukam mol-hollarni eplaymiz: o‘t berish, sug‘orish, tagini tozalash deganday.
Dadam davlat ishida ishlaydi, ular ham tinim bilmaydilar. Lekin negadir doim onam hammadan ko‘p harakatda bo‘lishlarini his qilaman. Unga yordam bergim keladi. Uyimizda sharoit uncha-muncha odamlarnikidan nisbatan yaxshi. Ba’zi qo‘shnilarimizda hammom yo‘q – biznikida bor. Shunisigayam shukur qilamiz.
Biz bor-yo‘g‘i uchtagina viloyatdagi qishloq ayollardan fikr oldik xolos. Ularning iltimoslariga ko‘ra ismlarini oshkor qilmadik. O‘z muammolarini aytgani uchun oshkor bo‘lishdan ham iymanishdi ular...
Gulmira Toshniyozova, jurnalist
Tavsiya etamiz
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?
Jahon | 16:25 / 30.03.2025
Germaniyadagi shaharcha gazetada e’lon berib, yangi hokim axtarmoqda
Jahon | 07:57 / 30.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Yevropaning oltita davlati «Rossiyaga bosim o‘tkazishni» davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi
Jahon | 01:11
-
Britaniyaliklar to‘liq ofisga qaytishdan ko‘ra ishdan bo‘shashni afzal ko‘rmoqda - tadqiqot
Jamiyat | 00:46
-
Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston | 00:20
-
Dunyodagi eng yashil shaharlardan biri ekologik maqsadlariga erisha olmagani uchun jarimaga tortildi
Jahon | 23:40 / 31.03.2025
Mavzuga oid

10:35 / 20.03.2025
O‘zbekistonda qishloq joylarda tug‘ilish ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi

18:05 / 27.11.2024
Istiqlol qishlog‘ining tashvishli qishi

08:10 / 03.11.2024
Tog‘ bag‘ridagi qishloq – Yordonda nahor oshi

17:46 / 19.10.2024