Iqtisodiyot | 21:31 / 09.11.2023
39144
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda valuta sotib olish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritiladi

Tadbirkorlik sub’yektlari va chet el fuqarolari xorij valutasini sotib olishda bankka taqdim etadigan ma’lumotlar kengaytirilishi kutilmoqda.

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’yektlari uchun xorijiy valuta sotib olish qoidalari qat’iylashtirilishi kutilmoqda. Markaziy bank tegishli hujjat loyihasini e’lon qildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar chet el valutasini sotib olish yoki sotish uchun xizmat ko‘rsatuvchi bankka buyurtma berganda, maqsadi va asoslovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak.

Regulyator tadbirkorlar bankka taqdim etadigan qo‘shimcha ma’lumotlarni kengaytirishni taklif qilmoqda, xususan:

  • valuta operatsiyasini amalga oshirish uchun tuzilgan kontrakt (shartnoma, bitim, invoys);
  • chet el valutasidagi lizing va kreditlarga xizmat ko‘rsatishda – asosiy summa va foiz to‘lovlarini qaytarish jadvali;
  • xorijiy investorlarning foydasi, dividendlari va boshqa daromadlarini repatriatsiya qilishda – foyda taqsimlangani va dividendlar to‘langani to‘g‘risidagi hujjat, auditorlik firmasi yoki soliq organining xulosasi hamda daromad solig‘i to‘langani to‘g‘risidagi soliq organlari tasdiqnomasi;
  • norezidentlar tomonidan mablag‘larni ularning chet eldagi hisobvaraqlariga yoki ushbu norezidentlarni tashkil etgan xorijdagi korxonalarga o‘tkazishda – milliy valutadagi mablag‘larning qonuniy yo‘l bilan topilganini asoslovchi hujjatlar.

Shuningdek, norezident jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish ular tomonidan mablag‘larning qonuniy manbalardan olinganini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda amalga oshiriladi. Bunda operatsiya summasi taqdim etilgan hujjatlarda ko‘rsatilgan summa miqdoridan oshmasligi lozim.

Markaziy bank izohiga ko‘ra, taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar valuta operatsiyalarini cheklash yoki qat’iylashtirishni emas, balki amalda mavjud normalarga aniqlik kiritish, ayrim operatsiyalarni amalga oshirish jarayonini yanada soddalashtirish, tarqoq normalarni umumlashtirishni nazarda tutadi.

Loyiha muhokamasi 19 noyabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 18 sentabrdan boshlab tijorat banklari uchun valuta operatsiyalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirgani jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘lgandi. Shundan keyin regulyator yangi cheklovni bekor qildi. Tanqidlarga uchragan loyihaga ko‘ra, Markaziy bankning talabi bilan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar valuta operatsiyalarini faqat asosiy hisobvarag‘i ochilgan bankda amalga oshira olishi belgilangandi. MB raisi Mamarizo Nurmurodov valuta operatsiyalari bo‘yicha qarorini sanksiyaviy komplayens bilan izohlagandi.

Mavzuga oid