O‘zbekiston | 19:04 / 02.05.2023
19081
5 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiya darajasidagi talab: Jurnalistlar faoliyatiga aralashganlar javobgarlikka tortiladi

O‘zbekistonning yangilangan konstitutsiyasida ikkita kasb egalarining faoliyatiga aralashish javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan: birinchisi – ommaviy axborot vositalari xodimlari, ikkinchisi – sudyalar.

Foto: dpa

O‘zbekiston konstitutsiyasining 1 maydan kuchga kirgan yangi tahririda so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalariga doir moddalarida ham ayrim o‘zgarishlar ro‘y bergan.

Avvalgi tahrirning 29-moddasida quyidagicha belgilangan edi:

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

Bu qoidalar yangi konstitutsiyaning 33-moddasida quyidagicha tarzda aks etdi:

Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

Davlat internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.

Ayni paytda, so‘z erkinligi huquqining cheklanishiga asos bo‘ladigan “ijtimoiy axloq” tushunchasiga aniqlik kiritish talab etiladi. Bunga qadar O‘zbekiston qonunchiligida bunday tushuncha yo‘q edi. Jamoat tartibini saqlash maqsadida so‘z erkinligi cheklanishining me’yorlari ham aniq huquqiy tavsiflanmagan. Shu o‘rinda, yangi konstitutsiyaga binoan, barcha noaniqliklar inson foydasiga hal etilishini eslatib o‘tish o‘rinli.

Avvalgi tahrirning 67-moddasi ommaviy axborot vositalariga bag‘ishlangan va u quyidagicha edi:

Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.

Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yangi tahrirdan OAVga oid ikkita modda o‘rin olgan:

81-modda. Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar.

Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.

82-modda. Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

30 may kungi referendumda qabul qilingan qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikni yangi konstitutsiyaga moslashtirish dasturini 2 oy ichida ishlab chiqib, Oliy Majlisga kiritish vazifasi yuklatilgan.

Jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki aralashganlik uchun kodekslarda javobgarlik belgilash masalasi ham shu dasturdan o‘rin olishi kerak bo‘ladi.

Kun.uz avvalroq yozganidek, 4-5 yildan buyon OAV xodimlari faoliyatiga qarshilik uchun jazo belgilash masalasi qator voqealar fonida bot-bot ko‘tarildi, lekin ijobiy hal bo‘lmadi. Natijada ularga to‘sqinlik qilish holatlari kuzatilib turibdi.

2019 yildayoq jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi. 2020 yilda javobgarlikni joriy etishni nazarda tutuvchi yana bir qonun loyihasi e’lon qilindi.

2021 yil boshida yana bir loyiha – yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasi e’lon qilindi. Unda ham jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik joriy etish ko‘zda tutilgan. Biroq hozirga qadar yuqoridagi loyihalarning hech biri qabul qilinmadi.

2020 yili parlamentda ko‘rilgan masala – OAVga ma’lumot bermaslik yoki noto‘g‘ri ma’lumot berganlik uchun javobgarlik belgilash ham qog‘ozda qolib ketgan edi.

OAV faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, shu jumladan mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlik belgilash 2022 yilgi davlat dasturiga ham kiritilgan edi, lekin amalga oshmadi.

Mavzuga oid