Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Lukoyl» xorijdagi aktivlarini sotyapti. Kompaniya O‘zbekistonda nimalarga egalik qiladi?
AQSh Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl» bilan bog‘liq tranzaksiyalarni bloklagandi. Sanksiyalari e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay «Lukoyl» xorijdagi aktivlarini sotishini elon qildi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi eng yirik loyihasi yiliga 8,1 milliard metr kub gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasidir. Shuningdek, mamlakatdagi 13 ta yirik konga egalik qiladi.
AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiyadan jiddiy jahli chiqqanga o‘xshaydi. Dastlab u Putin bilan o‘zaro uchrashib, ikki tomonlama muzokaralar orqali Ukrainadagi urushni to‘xtatishga harakat qilib ko‘rdi. Bu yo‘l amalda hech qanday ijobiy o‘zgarishga olib kelmagach, Amerika tomoni Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl» bilan bog‘liq tranzaksiyalarni blokladi.
Neft va gaz savdosi Rossiya davlat budjetining qariyb chorak qismini tashkil etadi. Shunday bo‘lsa-da, Kremldagilar yangi cheklovlar Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligini ta’kidlashyapti. Ularning iddao qilishicha, Moskva bu kabi cheklovlarga «mustahkam immunitet» hosil qilib bo‘lgan.
Kun.uz O‘zbekistonda juda ham katta aktivlarga egalik qiluvchi va eng yirik gaz ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan «Lukoyl» atrofida nimalar sodir bo‘layotganiga e’tibor qaratadi.
«Lukoyl» xalqaro darajadagi kompaniya maqomini yo‘qotadimi?
AQSh sanksiyalari e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay «Lukoyl» xorijdagi aktivlarini sotish bo‘yicha salohiyatli xaridorlardan tushgan takliflarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Kompaniya Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Moldova, BAA, Iroq, Kamerun, Nigeriya, Gana va boshqa mamlakatlarda faoliyat yuritadi, Yevropada neftni qayta ishlash zavodlari va dunyoning 19 mamlakatida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘iga ega.
Asosiy tuzilmalardan tashqari «Lukoyl» ulushi 50 foizdan ortiqni tashkil etadigan shu’ba kompaniyalar ham sanksiyalarga duchor bo‘lgan. Mutaxassislar fikricha, «Lukoyl»ning ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan loyihalarda aktivlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish talab qilinmasligi mumkin, ammo yakuniy qaror milliy hukumatlarning pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Shunga qaramay, AQShning blokirovka choralari kompaniyani tegishli tuzilmalarni boshqarish va ularning faoliyatidan daromad olish imkoniyatidan mahrum qiladi.
Ushbu xabarlar fonida «Lukoyl tugadi», deya yozyapti Politico. Nashr bilan suhbatda bo‘lgan kompaniya sobiq top-menejerining ta’kidlashicha, «Lukoyl» xorijiy aktivlarsiz qolsa, daromadining 30 foizini yo‘qotadi.
Rossiyalik mutaxassislarning baholashicha, «Lukoyl» xorijdagi aktivlari umumiy qiymati 10 mlrd dollarni tashkil etadi. Biroq ularni 50-70 foizgacha chegirma bilan, 3 milliard dollar atrofidagi narxga sotish mumkin. Kasatkin Consulting kompaniyasi rahbari Dmitriy Kasatkinga ko‘ra, barcha bitimlarni 21 noyabrgacha yakunlash imkonsiz. Bunday jarayonlar odatda 6–12 oy talab qiladi.
Umuman olganda, joriy sanksiyalarsiz ham Rossiyaning neft kompaniyalari og‘ir davrni boshidan kechirayotgandi. 2025 yilning birinchi yarmida mamlakatda neft ishlab chiqarishning uchdan bir qismini nazorat qiluvchi «Rosneft»ning sof foydasi 3 barobardan ko‘proqqa, «Lukoyl» va «Gazprom Neft»ning sof foydasi 2 barobardan ko‘proqqa, «Tatneft»niki esa qariyb 3 barobarga qisqarib ketgan.
«Lukoyl» va O‘zbekiston
«Lukoyl»ning O‘zbekistondagi faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, kompaniya yigirma yil ichida neft va gaz sanoatiga 10 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritib, respublikadagi eng yirik investorlaridan biriga aylangan.
Hukumat 2004 yilda mazkur kompaniya bilan Buxoro viloyatidagi «Qandim-Hauzak-Shodi» va Qashqadaryodagi «Janubi-G‘arbiy Hisor» loyihalari bo‘yicha mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitim imzolagan. «Qandim-Hauzak-Shodi» bo‘yicha kelishuv dastlab 35 yil muddatga tuzilgan va 2014 yilda yana 7 yilga – 2046 yilgacha uzaytirilgan. «Janubi-G‘arbiy Hisor» loyihasi bo‘yicha shartnoma 2007 yilda kuchga kirgan va 36 yilga, 2043 yilgacha amal qiladi.
«Lukoyl»ning O‘zbekistondagi eng yirik loyihasi yiliga 8,1 milliard metr kub gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi bo‘lib, uning umumiy sarmoyasi 3,5 milliard dollarni tashkil etadi. Kompaniya O‘zbekistonda «O‘zbekneftgaz»dan keyin ikkinchi yirik gaz ishlab chiqaruvchi hisoblanib, 13 ta yirik konga egalik qiladi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, konlarda qazib olingan gazning 55 foizi O‘zbekiston, 45 foizi esa «Lukoyl»ga tegadi.
Ayni paytda O‘zbekneftgaz «Lukoyl» bilan qo‘shma loyihalarga ta’sir etuvchi AQSh sanksiyalari bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ma’lum qildi. Kompaniya boshqaruv raisi Bahodir Sidiqov Gazeta.uzʼga bergan intervyusida hozirda O‘zbekiston tomonidan Rossiya aktivlarini sotib olish masalasi ko‘tarilmayotganini aytib o‘tdi.
Bundan oldinroq Markaziy bank rahbari Timur Ishmetov AQShning «Lukoyl» va «Rosneft»ga qarshi sanksiyalariga izoh berib, bu O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi, ammo uzoq muddatli shartnomalar va diplomatik mexanizmlar ehtimoliy oqibatlarni kamaytirishga imkon berishini aytgandi. U mamlakat sanksiyalar rejimiga rioya qilish bo‘yicha qat’iy pozitsiyaga egaligini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
23:10 / 18.12.2025
Estoniya Rossiya harbiylari chegarani buzganini ma’lum qildi
16:40 / 18.12.2025
«Yevropalik cho‘chqachalar qulashimizdan umid qilgan» - Putin Bayden ma’muriyati va yevropaliklarni urushni boshlashda aybladi
16:35 / 18.12.2025
Rossiya Mudofaa vazirligi: 2025 yilda Ukrainadagi urushga 11 trln rubl sarflanadi
16:08 / 18.12.2025