Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi Toshkentda katta stadion va Toshkent viloyati issiqxonalarida reydlar – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli stadion quriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni Yangi Toshkentda yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
– Mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni qurilishini boshlaymiz. Qiymati 100 million dollarlik ushbu stadion qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi, dedi Mirziyoyev.
Ta’kidlanishicha, Yangi Toshkent stadioni FIFA talablariga mos ravishda barpo etiladi hamda Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi.
Toshkent viloyatida qator issiqxonalarda filtr o‘rnatilmagani aniqlandi
Bosh prokuratura hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xodimlaridan iborat ishchi guruh Toshkent shahar va viloyatdagi issiqxonalar faoliyatini tekshirish bo‘yicha tungi reydlar o‘tkazdi. Qator obektlarda atrof-muhitga zararli tashlamalarga oid qoidalar buzilgani aniqlandi.
Tekshiruvlar davomida, jumladan, Toshkent viloyati Toshkent tumanida joylashgan issiqxonalar qozonxonalarida filtr o‘rnatilmagani ma’lum bo‘ldi. Bu holatlar atrof-muhitga zararli moddalar chiqarish bilan bog‘liq talablar buzilishi sifatida baholandi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha issiqxonalarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga muvofiq ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Chiqindi xizmatidan qarzi bor iste’molchi bevosita elektrdan uzilmaydi
Energetika vazirligiga ko‘ra, chiqindi xizmatidan qarzi bor fuqarolar elektr ta’minotidan bevosita uzilmaydi, balki qarz bartaraf etilmaguncha elektr uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtincha cheklov qo‘yiladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, chiqindi xizmati bo‘yicha qarzi mavjud abonentlar avvaldan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning 2100 qisqa raqamidan SMS ogohlantirish oladi. Agar ogohlantirishdan so‘ng 5 kun ichida qarzdorlik qoplanmasa, abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirish imkoniyati (onlayn yoki kassa orqali) vaqtincha cheklanadi.
Shu bilan birga, vazirlik ta’kidlashicha, bu chora elektr ta’minotini uzish emas. Iste’molchi qarzni to‘lashi bilan vaqtinchalik cheklov darhol bekor qilinadi.
«Eko Nom» va «Novator» rusumli suv hisoblagichlaridan foydalanish taqiqlandi
«O‘zsuvta’minot» AJ Axborot xizmati rahbari xabariga ko‘ra, «Novator LK» turidagi hisoblagichga berilgan sertifikat muddati 2023 yil 30 avgust kuni tugagani bois amalda emas.
«Eko Nom» rusumli hisoblagichlar 2016 yil 30 iyunda davlat reyestriga kiritilgan bo‘lib, 2020 yil 10 iyulda «Eko Nom SV» turidagi hisoblagichlar uchun 2024 yil 29 noyabrga qadar amal qilish muddati tugagan. Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda mazkur hisoblagichlar amaldagi milliy standart talablari bo‘yicha sinovdan o‘tkazilmagan.
«O‘zsuvta’minot» AJ Axborot xizmati rahbari fuqarolar tomonidan hozirgi vaqtda ishlatilayotgan bunday rusumli hisoblagichlar taqdiri nima bo‘lishiga aniqlik kiritmadi.
Jizzaxda tuman FVB boshlig‘i pora olgan paytda ushlandi
Jizzax viloyatidagi tumanlardan biri Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i loyiha hujjatlarini tasdiqlab berish evaziga avvaliga 200 dollar, keyinroq 6 mln so‘m talab qilgani uchun ushlandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlari bilan ish qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Tergovgacha bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, mansabdor shaxs 2025 yil sentabr oyida tadbirkor qurishni rejalashtirgan ko‘p qavatli uyning loyiha hujjatlarini tasdiqlab berish uchun 200 dollar olgan. Keyinchalik, shu hududda xususiy maktab qurish loyihasini tasdiqlash uchun tadbirkordan 6 mln so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida u pulni turmush o‘rtog‘i orqali qabul qilayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Hozirda jinoyat ishi doirasida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
22:53 / 10.02.2026
Olmaliqdagi maktabda baxtsiz hodisa va tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish muhlati – mahalliy dayjest
21:45 / 06.02.2026
«Amir Temur oyligi» va senatorning imperiyaparast chiqishlarga munosabati – mahalliy dayjest
21:56 / 05.02.2026
Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest
21:48 / 04.02.2026