Jizzax viloyatiga yangi prokuror tayinlandi
Baxtiyor Ibrohimov Jizzax viloyatining yangi prokurori sifatida ish boshladi. U bu lavozimda Islomjon Ergashxo‘jayevni almashtirdi.
Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Baxtiyor Toyirjonovich Ibrohimov Jizzax viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
Baxtiyor Ibrohimov muqaddam Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori lavozimida ishlagan, Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori – Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga qarshi ish doirasida OAVga bergan intervyusida aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilmagani bilan e’tiborga tushgandi.
U 2021 yil yanvarida Bosh prokuraturaning boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgan, so‘nggi vaqtlarda Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.
Jizzax viloyati prokurori lavozimida 2017 yil noyabridan buyon esa Islomjon Ergashxo‘jayev ishlagandi. U 2023 yil martida Jizzax viloyati prokurori lavozimiga ikkinchi muddatga tayinlangandi.
- Bundan oldinroq 2023 yilning avgust oyidan buyon Andijon viloyati prokurori lavozimida ishlab kelgan Marufxon Xo‘jayev «Hududgazta’minot» AJ boshqaruv raisi lavozimiga o‘tgani xabar qilingandi.