«Bu holat uyushtirilgan, kim bunday qilganini ham bilaman» - o‘quvchini kaltaklagan o‘qituvchi
Yashnobod tumanidagi maktab o‘qituvchisi jarimaga tortildi. U o‘quvchiga nima sabab qo‘l ko‘targanini ochiqlab, yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi. Ayolning aytishicha, videodagi ayrim holatlar kesib tashlanib, ataylab tarqatib yuborilgan. «Hattoki o‘quvchining onasini chaqirib, «bolamning o‘zida ayb ekan, ustozni yomon so‘kibdi, kitob-daftari xam yo‘q ekan», deyishiga qaramasdan, majburlab ariza yozdirishdi», – deya yozgan ishdan bo‘shatilgan o‘qituvchi.
Voqea nimadan boshlandi?
«Milliy» telekanalining «Millar» dasturida Yashnobod tumanidagi 152-maktab sinf xonalaridan birining videokamerasida yozib olingan holat yuzasidan reportaj e’lon qilindi. Videoda ayol o‘qituvchining o‘quvchini kaltaklab, sinfdan chiqarib yuborgani aks etgan.
Dastur xodimiga ko‘ra bu holat 2 mart kuni 8-sinf o‘quvchisi bilan sodir bo‘lgan, keyinroq videoyozuv shaxsi sir saqlanishini istagan bir ona tomonidan telekanalga yuborilgan.
«Bu voqea 5-soat biologiya darsida sodir bo‘ldi. O‘qituvchi dars boshlamoqchi bo‘lgan, dars boshlangan vaqtda esa u o‘quvchimiz telefonini olib, yonidagi bolalarni suratga olishni boshlagan. O‘qituvchi ogohlantirib, telefonini olib qo‘yishni, jim o‘tirishni aytganida ham o‘quvchi davom etavergan.
Keyin o‘qituvchi borib, bolaning telefonini olib qo‘ygan. O‘qituvchi dars o‘taman deganida yana to‘polon qilgan. Pedagogimiz bolaga daftar-kitobini olishini aytganida, hech narsasiz kelganini aytgan. So‘ng o‘qituvchining jahli chiqib, qo‘l ko‘tarib yuborgan. Chunki bola o‘qituvchini yomon so‘zlar bilan haqorat qila ketgan. Keyin darsdan chiqib ketgan u bola», – deya ta’kidlagan dasturda intervyu bergan maktab xodimi.
Ko‘rsatuvda surishtiruv ishlari sabab o‘qituvchi va o‘quvchidan intervyu olinmagani qayd etilgan.
O‘qituvchi jarimaga tortildi
Qayd etilishicha, shundan so‘ng mazkur holat jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida ko‘rib chiqilgan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga ko‘ra pedagog ayol mayda bezorilik sodir etgan deb topilib, BHMning 3 baravari (900 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.
Ishdan ketgan o‘qituvchining munosabati
10 mart kuni Telegramʼdagi «Domlajon kanali» guruhida ushbu holat 152-maktab o‘qituvchisi Gulchehra Mamajonova bilan sodir bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. O‘qituvchining o‘zi janjalga nima sabab bo‘lganiga to‘xtalib o‘tgan.
«Men shu videorolikdagi o‘qituvchiman. Biologiya fanidan dars beraman, 20 yillik stajga egaman. Oliy toifaliman. Magistraturani xam o‘qib bitirganman. Videorolik haqida ham ijobiy, ham salbiy har xil fikrlarni o‘qidim. Har bir insonning o‘z fikri bor. Lekin asl holatni o‘zimdan eshitsangiz degandim. «Millar» ko‘rsatuvi boshlovchisi, siz ham o‘qing va keyingi safar biror voqeani yoritayotganingizda, tarqatgan videorolik bo‘yicha emas, voqeaning haqiqatda qanday bo‘lgani to‘g‘risidagi surishtiruvni olib borishingizni maslahat berar edim.
Videorolikda men o‘zim tan olaman, o‘ta darajada quyushqondan chiqib ketganman. Lekin bu video to‘liq video emas, provokatsion vaziyatlar qirqib tashlangan. Eng asosiysi bu uyushtirilgan. Kim uyushtirgan? Nima uchun uyushtirgan, degan savollarga javob beraman. Maktab direktori Mavlonova Marziya Davronovna 30 yildan ko‘proq vaqt mobaynida shu maktabda faoliyat olib boradi. 30 yil direktor bo‘lganidan keyin, ta’limda ishlaydiganlar biladi, hech kimdan va hech narsadan qo‘rqmaydi.
Shu maktabdagi 5 yillik faoliyatim natijasida noqonuniy pul yig‘imlariga qarshi turdim. Maktab shtat birligida turadigan qorovulni ota-onalarga qo‘riqlash xizmatidan, «oxrana» deb tanishtirib, bola boshidan 30 ming so‘mdan pul yig‘ib olardi. Maktabda 3 mingga yaqin o‘quvchi o‘qiydi. Yig‘ilgan summani tasavvur qiling. Bechora o‘qituvchi o‘z mehnati uchun beriladigan ustamaning ham yarmini direktorga «dolya» sifatida qaytarib berishi kerak. Sinf o‘quvchilaridan (sharoiti og‘irmi, yengilmi, farki yo‘q) fond yig‘ib bermasangiz, yoki mendek tuzoqqa tushasiz, yoki bosim ostida qolasiz. O‘qituvchi xalqi nima deydi? «Mayli, olaqolsin, darsini bersin, tirikchiligimni qilay», – deydi.
Mening aybim shu noqonuniy yig‘imlarning yig‘ilishiga qarshi bo‘lganim. O‘tgan o‘quv yilida bir ustozning shikoyat xati ketidan maktabni prokuratura tekshirgandi. 40-50 mln so‘m kamomad chiqdi. Shu tekshiruv paytida pul yig‘imlarining haqiqatda yig‘ilishini tasdiqlab berganim uchun kun bermay qo‘ydi desam ham bo‘ladi. Hattoki, ichki ishlardan himoya orderi ham olishga majbur bo‘ldim. Ochiqdan ochiq, ishdan bo‘sha, arizangni yoz, deya turtkilayverdi. Arizamni o‘zim yozmaganim uchun shunaqa tuzoqlar qo‘yishni boshladi.
Bu videorolik xam shunaqa tuzoqlardan bittasi. Maktabda ishlaydiganlar biladi, kameraning dostupi faqat direktorning xonasida bo‘ladi. Videoni ham o‘zi tarqatdi.
Hattoki, o‘quvchining onasini chaqirib, «bolamning o‘zida ayb ekan, yomon so‘kibdi ustozni, kitob daftari ham yo‘q ekan», deyishiga qaramasdan, majburlab ariza yozdiribdi. Bugun cudda oyisi yig‘lab kechirim so‘radi. Xalqim, bugun qalbim qon yig‘lamoqda. O‘zim sevgan kasbdan majburlab ariza yozdirishdi. «Tepadagilar» qo‘ymayotganmish.
Hurmatli «tepadagilar», sizlarga bir insonning taqdirini hal qilish, surishtirmay haydab yuborish shunchalik osonmi? Sizga to‘g‘riso‘z o‘qituvchilar kerakmasmi? Unda bitta taklif – “pedinstitut”larga «yaloqilik qilish texnikasi va uning foydalari» degan fanni qo‘shinglar, toki kelajakdagi yosh avlod mendek qiynalib yurmasin, mendek bechora bo‘lib qolmasin! Men bugun yig‘lab o‘zimga so‘z berdim, boshqa o‘qituvchilik qilmayman, boshqa o‘qituvchilik qilmayman… Mayli, och qolay, mayli, bechora bo‘lay, boshqa o‘qituvchilik qilmayman», – degan Yashnobod tumanidagi 152-maktab o‘qituvchisi Gulchehra Mamajonova.
Eslatib o‘tamiz, konstitutsiyaviy qonun loyihasida pedagog xodimlarga oid qoidalar qayta ko‘rib chiqilib, o‘qituvchi kasbiga nisbatan yuksak hurmatni hamda ularning ijtimoiy himoyasini nazarda tutuvchi alohida yangi modda kiritilgandi. Xususan, davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi mustahkamlanishi qayd etilmoqda.
Mavzuga oid
07:30
O‘rta Chirchiqda 9-sinf o‘quvchisi sinfdoshlari tomonidan kaltaklandi
13:56 / 22.11.2024
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
12:10 / 24.10.2024
O‘quvchilar ota-onalari qaysi mahsulot iste’moliga ruxsat bermasligi aytildi
12:58 / 17.10.2024