Jahon | 01:27 / 28.03.2020
126756
15 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Italiyada qurbonlar o‘n mingga yaqinlashdi, lekin hali hammasi oldinda bo‘lishi mumkin

Koronavirus pandemiyasi qurbonlari butun dunyoda 27 mingga yaqin kishini hayotdan olib ketdi, Yevropaning o‘zida qurbonlar soni 19 mingga yaqin. So‘nggi kunlarda AQShda virusga chalinish holatlari keskin oshib ketdi va mamlakat bu borada Xitoy va Italiyani ortda qoldirdi (AQShda 96 616, Italiyada 86 498, Xitoyda 81 340 holat).

Foto: Reuters

O‘limlar soni bo‘yicha esa quyidagicha ketma-ketlik - Italiya (9134), Ispaniya (4 934), Xitoy (3 292), Eron (2378), Fransiya (1995) va AQSh (1468). 2019 yil dekabridan buyon qayd etilgan zararlanish holatlari soni - 590 mingdan oshdi, shundan 132 mingdan ortiq kishi sog‘aygan, 26 939 kishi vafot etgan.

Italiya hukumati ehtiyotkorlik bilan yangi zararlanish holatlari kamaya boshlagani haqida aytmoqda (so‘nggi bir kunda 5909 kishida virus aniqlandi, bir kun oldin 6150 holat qayd etilgandi, undan avvalgi kun yanada ko‘proq), ammo virus avj olishi cho‘qqisi hali oldinda bo‘lishi ham mumkinligidan ogohlantirmoqda (so‘nggi bir kunda 919 kishi vafot etdi va bu bir kunda virus oqibatida o‘limning eng yuqori ko‘rsatkichidir).

EPA

Milliy sog‘liqni saqlash instituti rahbari Silvio Brusaferroning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda virusdan zararlanish o‘sishi sekinlashishi qat'iy choralar natijasidir.

Shu bilan birgalikda, u karantinni susaytirmaslikka chaqirmoqda: «Biz hozircha cho‘qqidan o‘tmadik».

Italiya G‘arbda qat'iy karantin choralari qo‘llagan ilk davlat bo‘lgandi, fevral oyidayoq mamlakatda harakatlanishga cheklovlar o‘rnatilgandi. Avvaliga 3 aprelgacha kiritilgan cheklovlar yana uzaytiriladi.

Hozirda vaziyat nisbatan qashshoq bo‘lgan janubda og‘irlashgan.

Rimda supermarketlar uchun uzun navbatlar / EPA

Virusdan eng ko‘p o‘lim qayd etilayotgan ikkinchi davlat Ispaniyadir. So‘nggi bir kunda Piriney yarimorolida Covid-19 569 kishi o‘limiga sabab bo‘ldi.

Statistikaga ko‘ra, o‘limlar asosan keksa yoshdagi aholi bilan bog‘liq, xususan, qariyalar uylarida o‘lim holatlari ko‘p qayd etilmoqda.

Ispaniya - Yevropada virusdan zararlanganlar soni bo‘yicha Italiyadan keyingi ikkinchi o‘rinda. 

Shu haftada Ispaniyadagi favqulodda holat rejimi 12 aprelga qadar uzaytirildi -mamlakatdagi do‘konlar, boshqa xizmat ko‘rsatish muassasalari va kompaniyalarning katta qismi yopilgan.

Ispaniya Sog‘liqni saqlash vaziri Fernando Simon so‘nggi ma'lumotlarga asoslanib, epidemiya barqarorlashganini ma'lum qilgan.

«Aftidan biz eng yuqori cho‘qqini bosib o‘tdik»,- degan u.

  • Mamlakatda koronavirusning jami qurbonlari soni 4 934 kishini tashkil etmoqda. 27 mart kuni yana 6273 kishi virusdan zararlangani ma'lum bo‘ldi va jami holatlar soni 64 059taga yetdi.

Kamida million qurbon - optimistik ssenariy
BBC’ning fan masalalari bo‘yicha muxbiri Nikolay Voronin:

«London Imperial kollejining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, Covid-19 pandemiyasini to‘xtatish uchun qilinayotgan sa'y-harakatlarga qaramay, virus sayyoradagi har bir odamga yetib borishi mumkin. Virus yuqtirishi mumkin bo‘lgan odamlar soni 7 mlrd kishiga baholanmoqda, koronavirus qurbonlari soni esa 40 mln bo‘lishi mumkin.

Agar JSSTning asosiy tavsiyalariga rioya etilsa, keksa yoshdagilarning aloqalari 60 foizga, qolganlarning aloqalari 40 foizga qisqartirilsa, kasallanish holatlari keskin o‘sishini to‘xtatish mumkn. Bu holatda epidemiya qurbonlari ham ikki baravar kamayishi kerak - 20 milliongacha.

Ammo olimlarning hisoblashicha, bu holatdayam amalda barcha mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tizimlari og‘ir ahvoldagi bemorlar oqimiga dosh berolmaydi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday ssenariydan qochish uchun butun dunyoda bir vaqtning o‘zida qat'iy cheklov choralari amal qilishi, aholi to‘liq test qilinishi, kasallik belgilariga ega bo‘lganlarning barchasi izolyatsiya qilinishi, jamoat transportida harakat cheklanishi, jismoniy masofalanish va boshqa qat'iy karantin choralari qo‘llanishi talab etiladi.

Agar bunday cheklov choralari yetarli darajada uzoq davom etsa, koronavirusning ehtimoliy qurbonlari soni 38,7 mln kishiga, agar bunday choralar keyin ham qo‘llanishi davom etsa, bu miqdor 30,7 mln kishiga kamaytirilishi mumkin.

Bu shuni anglatadiki, eng optimistik ssenariyda ham koronavirusdan vafot etadiganlar soni 1,3 mln kishini tashkil etadi».

Fransiyada qat'iy choralar

 

Fransiyada shifokor koronavirusga test olmoqda / AFP

Mamlakat bosh vaziri Eduard Filipp yangi zararlanish holatlari oshganidan tashvishdaligini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat sharqida boshlangan epidemiya Parij atrofiga yetib kelgan.

Fransiya hukumati epidemiyani jilovlash uchun karantin choralarini qat'iylashtirishda davom etmoqdaa. Ko‘chalarda yugurish ishqibozlari o‘z uyidan bir kilometrdan uzoqqa ketmasligi va ko‘chada bir soatdan ortiq vaqt qolishi mumkin emas.

Mamlakatdagi shaharlarda yuz minglab politsiyachilar patrullik qilmoqda. Karantin qoidalarini buzganlarni olti oygacha qamashlari mumkin.

Jurnalistlar shahar ko‘chalarida ishlash uchun alohida ruxsatnomani taqdim etishi kerak bo‘ladi. Avvallari guvohnomani ko‘rsatish kifoya qilardi.

Mashinada ikki kishi bo‘lib yurish ham jarima to‘lashga sabab bo‘ladi. Oziq-ovqat xaridi uchun bir kunda bir oilaning faqat bir a'zosi do‘konga chiqishi mumkin.

Fransiya shifoxonalar federatsiyasi yaqin ikki kunda Parijdagi shifoxonalarda yangi bemorlarga joy qolmasligi mumkinligidan ogohlantirgan. Orange mobil operatori ma'lumotlariga ko‘ra Parijni 1,2 mln kishi tark etgan.

Payshanba kuni Fransiyada koronavirusning eng yosh qurboni qayd etildi - Covid-19 16 yoshli Juli A o‘limiga sabab bo‘ldi. Uning opasi Le Parisien nashriga bergan intervyusida shunday dedi: «Bu virus faqat keksa yoshdagilarga zarar beradi, deb o‘ylashni bas qiling. Bu mutant-virus hech kimni ayamaydi».

  • Fransiyada so‘nggi bir kunda yana 3809 kishida kasallik aniqlandi va jami holatlar soni 32 964taga yetdi, 1995 kishi vafot etgan.

Germaniya: ikkidan ortiq kishi yig‘ilishi mumkin emas

Germaniyada qoidalar u qadar qat'iymas. Bir uyda yashovchilar oilaviy sayrga chiqishi mumkin.

Shuningdek, ko‘chada do‘stlar va boshqa qarindoshlar bilan ham uchrashish mumkin, ammo bu holatda faqat ikki kishi bo‘lib, 1,5 metr oraliq masofa saqlagan holda sayr qilish kerak bo‘ladi. Buni politsiya nazorat qiladi.

Mamlakatda koronavirusdan o‘lim darajasi Yevropadagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir, ammo mamlakat virusologlari vaziyat o‘zgarishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.

Nemislar ijtimoiy tarmoqlarda xuddi Britaniyada bo‘lgani kabi do‘konlar peshtaxtalaridan barcha makaronlar va un mahsulotlari g‘oyib bo‘lib qolgani haqida yozishmoqda.

  • Germaniyada so‘nggi bir kunda yana 6933 kishida virus aniqlandi va jami holatlar soni 50871taga yetdi, o‘limlar soni - 342ta.

Britaniyadagi inqiroz

Britaniyada tibbiy xodimlar va kerakli tibbiy jihozlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan / GETTY IMAGES

Britaniyada umummilliy karantin davom etmoqda, deyarli barcha do‘konlar yopilgan, faqat dorixonalar va oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan do‘konlar ochiq, mamlakat aholisiga faqat zarur hollarda uyni tark etish tavsiya etilgan.

Londondagi shifoxonalardan biri rahbariyati «koronavirusdan kasalllanganlar sunamisi» kutilayotganidan ogohlantirgan. Shifokorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, tibbiy muassasalarda sun'iy nafas olish apparatlari bilan ta'minlangan xonalar yetishmayotganini ma'lum qilgan.

Britaniyadagi jami bemorlarning uchdan bir qismi Londondagi shifoxonalarda yotibdi.

Mamlakatda tibbiy xodimlar yetishmovchiligi ham yuzaga kelgan, Covid-19 yuqtirgan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shifokorlar izolyatsiyaga ketmoqda.

Payshanba kuni britan qamoqxonalarida koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. Covid-19 tashxisi qo‘yilgan 84 yoshli mahbus olamdan o‘tgan.

Politsiya izolyatsiya rejimini buzganlarga jarima yozish vakolatiga ega. Angliyada bunday qoidabuzarlik uchun jarima miqdori 60 funtni tashkil etadi (ikki hafta ichida to‘lansa 30 funt), takroriy qoidabuzarlik uchun esa 960 funt miqdorida jarima to‘lashga to‘g‘ri keladi.

Juma kuni mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonda ham infeksiya borligi aniqlandi. Unda yo‘talish va harorat ko‘tarilishi bilan bog‘liq yengil simptomlar kuzatilgan, endi u Dauning-strit, 10 manzilidagi qarorgohida karantinda yashaydi, amm videoaloqa orqali hukumatni boshqarishni davom ettiradi.

Britaniyada Covid-19 qurbonlari soni 759 nafarni tashkil etmoqda, bu bir kun avvalgidan 181 nafarga ko‘p.

  • Pandemiya boshlanganidan buyon Britaniyada koronavirus 14 543 kishida aniqlangan. So‘nggi bir kunda kasallanishning yangi 2885 holati qayd etilgan.

Okeanortidagi vaziyat

AQShda bemorlar soni keskin darajada oshib bormoqda, 27 mart kuni holatiga ko‘ra mamlakatda virusdan zararlanganlar soni 100 minglik nuqtaga yaqinlashgan.

Mamlakatda virus tarqalishi markazi Nyu-York bo‘lib turibdi (bemorlarning qariyb yarmi), ammo so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Yangi Orlean, Chikago va Detroytda ham vaziyat og‘irlashgan. Virus barcha shtatlarga yoyilgan.

AQShda virus qurbonlari soni 1,5 mingga yaqinlashdi. Shu bilan birga, 2,5 mingga yaqin kishi sog‘aygan. Payshanba kuni prezident Donald Tramp uning jamoasi ijtimoiy masofalanish bo‘yicha qoidalarni ishlab chiqayotganini ma'lum qildi.

Payshanbaga o‘tar kechasi AQSh Senati mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 trillion dollardan ortiq mablag‘ ajratishga rozilik berdi. Bu Amerika tarixida hukumat tomonidan ajratilgan eng katta moliyaviy yordamdir. Bu yordam paketi doirasida AQShning har bir fuqarosi 1200 dollardan bir martalik yordam oladi. Bundan tashqari, ko‘plab kompaniyalarga dotatsiyalar ajratiladi va bu orqali ular xodimlariga ish haqi to‘lay olishlari mumkin bo‘ladi.

Epidemiya tufayli mamlakatda ishsizlar soni barcha prognozlarni ortda qoldirgan holda 3,3 millionga yetdi. Mehnat vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, o‘tgan haftada uch milliondan ortiq amerikalik ishsizlik nafaqasi olish uchun ariza yozgan. Bundan avvalgi rekord 1982 yilda qayd etilgan, o‘shanda nafaqaga navbatda turganlar soni 695 ming kishi atrofida bo‘lgandi.

Boshqa davlatlarda nima gaplar

Janubiy Koreya hukumati mamlakat aholisini uydan chiqmaslikka chaqirishda davom etmoqda, so‘nggi kunlarda virus tarqalishi sekinlashgandi, ammo 27 mart kuni yana 91ta yangi holat qayd etildi, 8 bemor vafot etdi. Pandemiya boshlanganidan buyon virus yuqtirganlar soni 9 332 nafar, 139 kishi olamdan o‘tgan.

Janubiy Koreyada yana 91 kishida virus aniqlandi / EPA

Bosh vazir Chon Se Gyun jurnalistlarga, bahor kelishi bilan odamlarning uyda o‘tirishi qiyinlashgani, ammo «uzoq vaqt qiynalgandan ko‘ra, kasallikni tezroq daf etish uchun yaxshisi uyda o‘tirish lozimligi» haqida gapirgan.

Pokiston bosh vaziri Imran Xon pokistonlik yoshlarning «Korona bilan kurashuvchi yo‘lbarslar» nomli guruhlari tashkil etilgani, ullar turli sabablarga ko‘ra uyini tark etolmaydiganlarga zarur mahsulotlar yetkazib berish bilan shug‘ullanishini ma'lum qilgan. Ayni vaqtda bu mamlakatda virusdan zararlanish holatlari 1331ta, 9 kishi vafot etgan.

Tokio aholisidan uyda qolish so‘ralmoqda, so‘nggi kunlarda barcha supermarketlarda uzun navbatlar hosil bo‘lgan. Tokio gubernatori Yuriko Koike poytaxtda virus tarqalishi avj olishi mumkinligidan ogohlantirgan. Yaponiyada yanvar oyidayoq ilk bemorlar qayd etilgan bo‘lsada, hozirga kelib jami holatlar soni 1387ta, 47 kishi vafot etgan.

Bangladeshda millionlab ishchilar Yevropa va AQShdan buyurtmalar bekor bo‘lgani tufayli ishsiz qolishi mumkin. Bu haqda Bangladesh kiyimlar ishlab chiqarish va eksport qilish assotsiatsiyasi rahbari Rubana Huk ma'lum qilgan. U xalqaro kompaniyalarni pandemiya vaqtida ularni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslikka chaqirgan.

Avstriya aholisining katta qismi karantin sharoitida yashamoqda, ularning aksar qismi oziq-ovqat mahsulotlari uyga yetkazib berilishida muammolarga duch kelmoqda. Barcha tegishli xizmatlar tig‘iz grafikda ishlamoqda va yangi buyurtmalar bir hafta keyinga qabul qilinmoqda.

Vengriya poytaxti Budapeshtda Bike Maffia xayriya guruhi issiq taomlarni uysizlar va qariyalar uchun yetkazib berish tadbirini o‘tkazdi.

Sloveniya va Serbiya o‘rtasida diplomatik ziddiyat yuzaga kelmoqda: Serbiya chegaralarni yopib qo‘ygan, Sloveniya hududida 100ga yaqin serbiyalik qolib ketgan. Ularning barchasi Sloveniyaga ishlash uchun kelishgan, ammo uylariga qayta olishmayapti. Sloveniya hukumati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ularning aksari avtomobillarida yashashmoqda.

Eronda virus tarqalishi yana avj ola boshladi, mamlakat barcha tashqi aloqalarni to‘xtatgan.

Singapur iqtisodiyoti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foizga qisqargan.

JARda uch haftalik karantin joriy etildi. Harbiylar va politsiyachilar shahar ko‘chalarida navbatchilik qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda politsiyachilar yangi qoidalarga bo‘ysunishni istamaganlarga kuch ishlatayotgani tasvirlangan videolar ham tarqaldi.

Keyptaun ko‘chalarida harbiylar navbatchilik qilmoqda REUTERS

Zimbabveda Amerika dollaridan foydalanishga yana ruxsat berildi. O‘tgan yilda mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun xorijiy valyuyatalardan foydalanishga taqiq joriy qilingandi. Mamlakatda dushanba kunidan karantin boshlandi.

Tanzaniyada yolg‘on ma'lumot tarqatgan ikki kishi hibsga olingan. Ular avtobusda yurib, koronavirus - aslida yo‘q kasallik ekani haqida gapirishgan.

Shanba kuni Kinshasada - Kongo Demokratik Respublikasi poytaxtida uch haftalik karantin boshlanadi. Avvaliga odamlar to‘rt kun mobaynida uylaridan chiqa olishmaydi, keyingi ikki kunda esa oziq-ovqat zaxirasini g‘amlashlari mumkin bo‘ladi.

Keniya hukumati kiyim-kechak importiga chek qo‘ygan. Bu mamlakatdagi asosiy bizneslardan biri hisoblanardi. Ko‘plab keniyaliklar sekond-hend mahsulotlar sotiladigan bozorlardan kiyinishadi. Bunday kiyimlar asosan Yevropa, Shimoliy Amerika va Xitoydan keltirilardi.

Afrika qit'asida koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon 3450 kishi virus yuqtirgan.
 

Mavzuga oid