O‘zbekiston | 19:41 / 29.03.2024
38422
9 daqiqa o‘qiladi

Jamoat transportidagi amaldorlar va piyodalar muammosini boshdan kechirgan vazir. Toshkentda «Avtomobilsiz kun» aksiyasi

«Avtomobilsiz kun»da ham Toshkentda tirbandliklar yo‘qolmadi. Ko‘plab vazirlar va boshqa amaldorlar ishiga piyoda, velosiped yoki jamoat transportida borishdi. Toshkent shahar hokimiyati esa bir kun uchun «parkovka»sini bo‘shatganini ma’lum qildi.

Fotokollaj / Kun.uz

Butun dunyoda 22 sentabr «Xalqaro avtomobilsiz kun» sifatida o‘tkaziladi. Bu kunda yo‘llar, ko‘chalar mashinalar uchun to‘silib, odamlar ko‘proq ekotransport vositalari: velosiped, avtobus, metrodan foydalanishga yoki piyoda yurishga chaqiriladi. Maqsad – iloji boricha shahar va uning aholisini sog‘lomlashtirish, atrof-muhitga zaharli gazlar chiqishini kamaytirish.

Shu yil 21 fevral sanasida imzolangan tegishli farmon bilan Toshkentda har oyning bir ish kunida «Avtomobilsiz kun» jamoat loyihasi o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Ekologiya vazirligi tashabbusi bilan dastlabki «bayram kuni» 29 mart bo‘lishi e’lon qilindi. Xo‘sh, Toshkent bu kunni qanday o‘tkazdi?

Katta tirbandlik bilan boshlangan kun

Poytaxt shahar uchun tirbandliklar, hatto «Avtomobilsiz kun»da ham normal holatga aylanib ulgurgan. Tig‘iz vaqtlarda, ya’ni ertalabki soat 07:00 dan 10:00 gacha va 17:00 dan 20:00 gacha deyarli har kuni katta tirbandliklar kuzatiladi.

Shu sababli 29 mart tongi 6 balli tirbandlik bilan boshlanganiga hayron qolmasa ham bo‘ladi. Soat 11:00 larga kelib tirbandlik darajasi bir ballga tushib, 5 ballni tashkil qilayotgandi. Kechki soat 5 yarimlarda esa bu daraja 8 ballga ko‘tarildi.

29 mart kuni soat 17:24 da Toshkent shahrida kuzatilgan 8 balli tirbandlik darajasi / Foto: Navigatordan skrin

Ma’lumot uchun, 2023 yilda 23 oktyabr kuni Toshkentdagi bir qancha ko‘chalarda 10 balli megatirbandlik kuzatilgandi. O‘shanda Transport vazirligi bunga bir nechta asosiy ko‘chalardagi qurilish-ta’mirlash ishlari sabab bo‘lgani, boshqa ko‘chalardagi mavjud oqimga qo‘shimcha yuklama hosil qilganini aytib chiqqandi.

Lekin shaharsozlar muammo yuzaga kelish sababini qurilish ishlari bilan emas, yo‘llar kengligi, avtomobillar jozibadorligini kamaytirishga urinmaslik va piyodalar uchun ustuvorlik yo‘qligi bilan bog‘lashgandi.

Ishiga avtomobilsiz borgan rahbarlar

«Avtomobilsiz kun» jamoat loyihasi e’lon qilingach, binolari Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika hamda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari ish joyiga jamoat transportida borishi orqali shaxsiy namuna ko‘rsatishi buyurilgandi. Shunga asosan, tarmoqlarda ba’zi senator, vazir hamda rahbar xodimlarning mashinasiz ko‘chaga chiqqani aks etgan fotosurat va videolari tarqaldi.

Masalan, sport vaziri Adham Ikromov svetofor o‘rnatilmagan piyodalar o‘tish joyida bir muddat yo‘ldan o‘ta olmadi. Keng polosali ko‘chada unga avtomobillar yo‘l bermadi.

Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov esa velosipedda ko‘rinish berdi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Kunning mutlaq «egasi» - transport vaziri Ilhom Mahkamov ham metro, ham avtobusda yurgani aks etgan suratlari kelib tushdi.

Ilhom Mahkamov avtobusda jurnalist bilan suhbatlashib ketmoqda / Foto: Transport vazirligi

Qolaversa, vazirning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov hamda yana 2 nafar o‘rinbosari Jasurbek Choriyev va Ilhomjon Abdugafarov ham avtobusdan foydalanishdi.

Transport vaziri birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov hamda vazir o‘rinbosari Jasurbek Choriyev / Foto: Transport vazirligi
Transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov / Foto: Transport vazirligi

Kanadaning Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha elchisi Alan Hemson ham aksiyaga qo‘shilib, 29 martda avtobusdan foydalandi. Uning aytishicha, u jamoat transportida yurishni yaxshi ko‘radi, bu transportlar qulay va arzon. «Bundan tashqari, [u] havoning ifloslanishini kamaytiradi», deydi u ekofaolga bergan kichik intervyusida.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov esa ish binosiga piyoda bora qoldi.

Foto: Sherzod Ahmatov

Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev aksiya doirasida ishga metroda borib, uni tanib qolgan yo‘lovchilardan biri bilan selfiga tushdi.

Foto: Chilonzor tumani hokimligi axborot xizmati

E’tiborli jihati, Chilonzor tumani hokimi o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ullari va boshqa xodimlar ham bugun jamoat transportida, shuningdek, piyoda yurib, ishga kelgan. 

Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov esa avtobusda ketayotgan kadrlari tarqaldi.

Quyidagi videoda esa ushbu aksiyaning har kunlik ishtirokchisi bo‘lgan Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov aks etgan.

Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda senator, Navoiy viloyati sobiq hokimi Qobul Tursunov metrodan foydalanayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev avtobusdagi suratini namoyish etdi.

FVV markaziy apparati xodimlarining xizmat avtomobillari «garaj»da qolgan.

«Avtomobilsiz kun» aksiyasi tashabbuskori bo‘lgan ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov soat 12:00 ga qadar prezident videoselektorida ishtirok etgani tufayli (u yig‘ilishga xizmat avtomobilida borgan) aksiyadagi ishtirokini kunning ikkinchi qismida amalga oshirdi.

Tushdan keyin Abduhakimov ham metrodan foydalangani videosi paydo bo‘ldi, u OAVga kunning ahamiyati haqida intervyu ham berdi.

Foto: Lola Rakhmani 

«Toshkent shahrida rejalashtirilgan tadbir doirasida davlat idoralarining rahbarlari va xodimlari jamoat transportidan foydalanishi orqali oyda bir kun davomida shaharda yuradigan avtotransport vositalari soni o‘rtacha 200 ming, 22–25 foizga kamayadi. Natijada atmosfera havosiga avtomobillardan zararli tashlamalar ham 22–25 foiz, o‘rtacha 580 tonnaga qisqaradi hamda shahar ichidagi tirbandliklar kamayishiga erishiladi.

O‘zi umuman, «Avtomobilsiz kun», «Yer soati», Zero Waste Day kabi aksiyalarni o‘tkazish xalq orasida odatga aylanib borsa va bu oila yoki jamoa davrasida keng targ‘ib qilinsa, ekologik madaniyat oshib borib, ko‘zlagan maqsadimizga erishamiz. Bunda, albatta, ommaviy axborot vositalarining ahamiyati ham katta», – deydi Aziz Abduhakimov.

Qolaversa, 29 martning ishdan keyingi kechroq vaqtida AOKA rahbari Asadjon Xo‘jayev ham aksiyada qatnashib, metroda poyezd kutayotgani aks etgan suratlari tarqaldi.

Shahar egasi «Avtomobilsiz kun»ni qanday o‘tkazdi?

OAVga deyarli ko‘rinish berishni istamaydigan Toshkent shahri hokimi v.b. Shavkat Umrzoqov bu kunni qanday o‘tkazgani ma’lum emas. Hokimiyat matbuot xizmati e’lon qilgan videoga tayanilsa, ma’muriyat xodimlari ham aksiyada ishtirok etishgan, ish joyiga avtomobilsiz borgan. Mashinalardan xoli bo‘lgan avtoturargoh shunga ishora qiladi. 

«Toshkent shahar hokimligi xodimlari bu aksiyani to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Shahar va tuman hokimliklari xodimlarini unda to‘liq ishtirok etishga undaydi va targ‘ib qiladi», – deyiladi hokimlik matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaning Kun.uz’ga bergan izohida.

O‘zbekistonda har oy «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi

O‘zbekistonda endilikda har oyning to‘rtinchi chorshanba kuni «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi.

O‘zA xabariga ko‘ra, hukumat topshirig‘iga binoan, 2024 yil mart oyidan boshlab har oyning to‘rtinchi chorshanba kuni (agar bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, payshanba kuni) Toshkent shahrida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan «Avtomobilsiz kun» deb e’lon qilindi.

«Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasida vazirlik va idoralar, hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va mas’ul xodimlari ish joyiga jamoat transportida kelib, namuna ko‘rsatib borishi belgilandi.

Mavzuga oid