Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada metan muammosi: shoxobchalar ochilmadi, vazir va’da qilgan konteynerlardan darak yo‘q
Havo harorati pasayishi ortidan metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritilgan edi. Bungacha kunning ma’lum vaqtida ishlab turgan vodiydagi AGslar 19 dekabrga kelib faoliyat yuritishdan to‘xtadi. Energetika vazirining taqchillik paytda zapravkalarga ko‘chma konteynerlarda gaz yetkazib berilishi haqidagi va’dasi chippakka chiqdi. Farg‘onadagi zapravkalarda haydovchilar hanuz yo‘q gazga navbati kelishini kutib turishibdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida energetika tizimida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berar ekan bu yilgi qish mavsumida vodiy viloyatlaridagi gaz quyish stansiyalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taqchillikni bartaraf etish maqsadida ko‘chma konteynerlarda gaz yetkazib berilishini ma’lum qilgandi. Bu xabar qish qarshisida turgan haydovchilarni xursand qildi. Lekin bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Vodiy viloyatlaridagi metan zapravkalarining darvozasiga hamon qulf osilgan. Energetika vazirligi 22 dekabr kunidan soat 10:00 dan 16:00 ga qadar respublika bo‘yicha barcha metan quyish shoxobchalari odatdagi rejimda faoliyat yuritishi haqida ma’lum qildi. Keyinchalik vazirlik zapravkalarning ish vaqti hokimliklar bilan kelishilgan holda, gaz bosimidan kelib chiqib amalga oshirilishini bildirdi. Biroq shunda ham Farg‘onadagi zapravkalar ochilmadi. Kun.uz muxbiri Farg‘onadagi bir nechta AGslarda bo‘lib holat bilan tanishdi:
Ko‘chma konteynerning daragi yo‘q...
“Zapravkaga soat 12:00 da kelgandim. Gaz berilishini kutib zapravka atrofida aylanib yuribmiz-da endi. Gaz yo‘q hech qayerda. Telegramʼda bugundan soat 10:00 dan soat 16:00 gacha zapravkalar ishlaydi, degan xabarni o‘qidim. Har yili vodiy viloyatlarida shunaqangi sarsongarchiliklar bo‘ladi-da. Bu masalaga yechim topish kerakku axir. Oddiy xalqning nima aybi bor ekan, endi bilmadim. Ko‘pchilik qiynalyapti-da. Benzin qimmat. Ko‘chma konteynerlar taqchillik paytda yordamga keladi deyishgandi. U ham yo‘q. Daragi yo‘qolib ketdi, bu haqda yozmay ham qo‘yishdi. Endi buning uchun qayerga uchrashish kerak, kimga yana murojaat qilish kerak, bilmayapmiz. Nima qilamiz endi. Yo‘q gazni kutib o‘tiribmiz. Chiqmagan jondan umid”, deydi haydovchilardan biri.
Soat 10:00 da ochiladi degani yolg‘on ekan...
“Bugun telefonimda soat 10:00 da zapravka ochiladi, degan xabarni o‘qib darrov yetib keldim. Shu kelganimcha mana kech tushyapti, hali metan ochilmadi. Yaxshi niyatda umid qilib turibmiz. Ko‘chma konteyner keladi deyishdi. Lekin o‘sha aytgan konteyneri biror joyda kelib gaz quyganini eshitgan, ko‘rganim yo‘q hali. Muammo asl holicha turibdi. Endi bilmayman qachon ochilar ekan bu gazlar. Benzin arzon bo‘lsa ekan, benzin olib quysak. Benzinlar ham qimmat yurgani”, deydi haydovchilardan biri.
Farg‘ona shahridagi metan zapravkalardan birida faoliyat yurituvchi xodimning ma’lum qilishicha, Farg‘onada hali hech qaysi zapravka ko‘chma konteyner olib kelib, gaz quyib ko‘rgani yo‘q.
“Bugun soat 10:00 dan soat 16:00 gacha zapravkalarga gaz beriladi deyilgandi. Gaz bosimi tushib ketganligi uchun zapravkalar ishlamayapti. 19 dekabrdan beri ishlaganimiz yo‘q.
Ko‘chma konteynerlar haqida bizga hali to‘liq ma’lumot kelgani yo‘q. Uni ham osonlikcha olib kelib bo‘lmaydi. Hisob raqamiga pul o‘tkazish kerak ekan. Keyin u zapravkalarga o‘xshab 200 bosimda gaz qo‘ymas ekan. Haydovchilar uch-to‘rt kundan beri zapravka ostonasida yotishibdi. Farg‘onada hali hech qaysi zapravka ko‘chma konteyner olib kelib, gaz quyib ko‘rgani yo‘q”, deydi zapravka xodimi.
Kun.uz Energetika vazirligi matbuot kotibidan holat bo‘yicha izoh so‘radi. U metan zapravkalar 22 dekabr kunidan ochilishi kutilayotgani, yangilik bo‘lishi bilan qo‘shimcha xabar qilishini ma’lum qildi.
Qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani sababli O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritildi.
2025 yil 11 dekabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida energetika tizimida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Unda Mirzamahmudov 2025-2026 yilgi qish mavsumida vodiy viloyatlaridagi gaz quyish stansiyalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taqchillikni bartaraf etish maqsadida 2 xil yechim ishlab chiqilganini ma’lum qildi:
«Yangi tashabbus tashkil qilindi. Bu bosim past bo‘ladigan Farg‘ona vodiysidagi avtomobillarga gaz quyish stansiyalariga (AGQS) ko‘proq ta’sir qilishi inobatga olinadi. Ikkita yo‘nalishda ish tashkil qildik. Birinchisi, qo‘shni davlatdagi mavjud tranzit trubalardan foydalangan holda yaqinroq masofadan ta’minotni amalga oshirish. Xavos-Farg‘ona liniyasidan foydalanilyapti. Ikkinchisi, 150 ta ko‘chma gaz quyish shoxobchalarini olib keldik. 22 dekabrgacha Beshariqdagi gaz quyish shoxobchasi to‘liq ishga tushadi va hozir texnologik uskunalar, treylerlar va konteynerlar olib kelinyapti. Bu gaz zapravka o‘chgan paytda ko‘chma shoxobchalarni to‘ldirgan holda 5 mingdan 10 ming kub metrgacha gaz yetkazib berish imkonini beradi. Hozirgi kunda 14 ta AGKS bilan mazkur tizim sinab ko‘rildi. 22 dekabrdan keyin bu Farg‘ona vodiysida zaxira tizim sifatida joriy qilinadi», dedi Mirzamahmudov.
Energetika vazirligi bugun — 22 dekabr kuni soat 10:00 dan 16:00 ga qadar respublika bo‘yicha barcha metan quyish shoxobchalari odatdagi rejimda faoliyat yuritishi haqida ma’lum qilgandi.
Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz
Mavzuga oid
20:14 / 25.12.2025
Dekabr oyi boshidan beri propan 10 foizga qimmatlashdi
10:03 / 25.12.2025
Toshkentda avtobuslarga gaz quyish shoxobchalari 33 tadan 11 tagacha qisqartirildi
07:35 / 25.12.2025
Strategik metallar zanjiri: 2030 yilda nazorat kimning qo‘lida bo‘ladi?
23:18 / 22.12.2025