O‘zbekiston | 12:09 / 12.12.2025
2738
2 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Farg‘ona vodiysida «metan zapravka»lar o‘chib qolsa, ko‘chma konteynerlar orqali gaz yetkazib beriladi – energetika vaziri

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, 2025-2026 yilgi qish mavsumida vodiy viloyatlaridagi gaz quyish stansiyalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taqchillikni bartaraf etish maqsadida 2 xil yechim ishlab chiqilgan. Birinchisi, qo‘shni davlatdagi mavjud tranzit trubalardan foydalangan holda yaqinroq masofadan ta’minotni amalga oshirish. Ikkinchisi, 150 ta ko‘chma konteynerlar orqali gaz yetkazib berish.

2025 yil 11 dekabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida energetika tizimida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, 2025-2026 yilgi qish mavsumida vodiy viloyatlaridagi gaz quyish stansiyalarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taqchillikni bartaraf etish maqsadida 2 xil yechim ishlab chiqilgan.

«Yangi tashabbus tashkil qilindi. Bu bosim past bo‘ladigan Farg‘ona vodiysidagi avtomobillarga gaz quyish stansiyalariga (AGKS) ko‘proq ta’sir qilishi inobatga olinadi. Ikkita yo‘nalishda ish tashkil qildik. Birinchisi, qo‘shni davlatdagi mavjud tranzit trubalardan foydalangan holda yaqinroq masofadan ta’minotni amalga oshirish. Xavos-Farg‘ona liniyasidan foydalanilyapti. Ikkinchisi, 150 ta ko‘chma gaz quyish shoxobchalarini olib keldik. 22 dekabrgacha Beshariqdagi gaz quyish shoxobchasi to‘liq ishga tushadi va hozir texnologik uskunalar, treylerlar va konteynerlar olib kelinyapti. Bu gaz zapravka o‘chgan paytda ko‘chma shoxobchalarni to‘ldirgan holda 5 mingdan 10 ming kub metrgacha gaz yetkazib berish imkonini beradi. Hozirgi kunda 14 ta AGKS bilan mazkur tizim sinab ko‘rildi. 22 dekabrdan keyin bu Farg‘ona vodiysida zaxira tizim sifatida joriy qilinadi», dedi Mirzamahmudov.

Avvalroq, «metan zapravka»lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilayotgani xabar qilingandi. Energetika vazirligi buni qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargani bilan izohlagan.

Mavzuga oid