Jamiyat | 17:20 / 01.10.2025
3362
2 daqiqa o‘qiladi

Ommaviy zaharlanish yuz bergan bog‘chalar 2 oktyabrdan qayta ochiladi

Toshkent viloyatidagi ommaviy zaharlanish yuz bergan barcha maktabgacha ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini davom ettiradi. Ta’kidlanishicha, barcha bolalar sog‘ayib, ularning salomatligiga xavf yo‘qligi to‘liq tasdiqlangan, bolalar o‘z oilasiga qaytgan.

Foto: Kun.uz

2 oktyabrdan boshlab, Toshkent viloyatidagi ommaviy zaharlanish yuz bergan barcha maktabgacha ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini odatiy ish rejimida davom ettiradi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, barcha bolalar sog‘ayib, ularning salomatligiga xavf yo‘qligi to‘liq tasdiqlangan, bolalar o‘z oilasiga qaytgan.

Ta’kidlanishicha, joylarda ko‘rsatilayotgan autsorsing xizmatlari sifati ustidan nazorat tizimi yanada kuchaytiriladi. Bu jarayonga ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat jamoatchilik komissiyasi ham jalb etilib, «ularning xulosalari jamoatchilikka muntazam yetkazib boriladi».

Avvalroq, 30 sentabr kuni, Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda zaharlangan hamda shifoxonalarga yotqizilgan bolalarning deyarli barchasi oilasiga qaytgani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etilgan maxsus shtab a’zosi Nurmat Otabekov ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda faqat uch nafar tarbiyalanuvchi shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.

Voqealar rivoji

25 sentabr kuni Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlarida bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berildi.

26 sentabr kuni Nurmat Otabekov shifoxonalarga 1922 nafar bola zaharlanishdan shikoyat qilib murojaat qilganini aytdi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi (Canitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Manbalarga ko‘ra, ommaviy zaharlanishi ortidan 7 nafar shaxs ushlangan. Ularning 3 nafari mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona, qolgani autsorsing kompaniyalari mansabdor shaxslari hisoblanadi.

Mavzuga oid