Toshkentdagi ayrim ko‘chalarda tezlik soatiga 50 kilometrgacha cheklandi
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining yetmish birinchi sessiyasida “Toshkent shahrining ko‘chalarida transport vositalarining yuqori tezligini soatiga 60 kilometrgacha cheklash masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Unga muvofiq, Kichik halqa avtomobil yo‘lidan markazga yo‘nalgan barcha ko‘chalarda transport vositalarining yuqori tezligi soatiga 60 km.gacha cheklanadi.
Shu bilan birga, Alisher Navoiy shohko‘chasining Labzak ko‘chasi va Sharof Rashidov shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Maxtumquli ko‘chasining Yahyo G‘ulomov va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari oralig‘idagi qismida, Amir Temur shohko‘chasining KHAYdan Alisher Navoiy shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Kichik halqa avtomobil yo‘lining Qatortol ko‘chasi va Bunyodkor shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Islom Karimov ko‘chasining Anhor bo‘yi ko‘chasi va Sharof Rashidov shohko‘chasi oralig‘idagi qismida, Taras Shevchenko ko‘chasining Islom Karimov va Nukus ko‘chalari oralig‘idagi qismida, Bobur va Furqat ko‘chasining Shota Rustaveli va Islom Karimov ko‘chalari oralig‘idagi qismida, Amir Temur xiyoboni aylanma yo‘lida transport vositalarining harakat tezligi soatiga 50 km.gacha cheklanadi.
Davletov.uz telegram-kanali bordi-yu ushbu chora o‘z samarasini bersa, kelajakda shahardagi barcha ko‘chalarda tezlik pasaytirilishi haqida yozdi.
Eslatib o‘tamiz, xalq deputatlari poytaxt kengashining 16 sentabrdagi sessiyasida Toshkent IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi poytaxtning ayrim ko‘chalarida eng yuqori tezlikni 60 km/soat (hozir 70 km/soat)gacha cheklashni taklif qilgan, ammo deputatlarning bir qismi bunga qarshi chiqqan, boshqalari esa bu chora samaradorligiga shubha bildirgandi. Natijada kengash ushbu masalani ko‘rib chiqishni keyingi sessiyaga qoldirgandi.
Sessiyada ishtirok etgan Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Nosirov shu yilning sakkiz oyida Toshkentda 645 ta YTH sodir bo‘lgani, buning natijasida qurbonlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 720 nafardan 775 nafarga ko‘paygani, barcha baxtsiz hodisalarning qariyb yarmi — 47,9 foizi tezlikni oshirish tufayli sodir bo‘lganini ta’kidlab, o‘limga olib keladigan avariyalar sonini keskin kamaytirish maqsadida Toshkentning ayrim ko‘chalarida tezlikni kamaytirishni ma’qullashni taklif qilgandi.
Biroq ushbu taklifga bir qator deputatlar keskin qarshi chiqishgan. Jumladan, deputatlar Azamat Ziyo, Murodxon Jo‘rayev, Dilshod Shoumarovlar maksimal tezlik 60 km/soatgacha pasaytirilishi muammoga yechim bo‘la olmasligini ta’kidlashgan.
Sessiyada ko‘rilgan masala va qabul qilingan mujmal qaror ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans keltirib chiqargandi. Ayrim foydalanuvchilargina deputatlar to‘g‘ri qarorga kelishganini aytgan, ammo bu mavzuda xorijiy tajribalarni allaqachon O‘zbekistonda ham joriy etish kerakligi haqida aytib keladigan jurnalistlar va blogerlar deputatlarning qarorini qoralagan.
Jumladan, Nikita Makarenko “O‘zbekiston rahbariyati, iltimos, kelinglar, ushbu muhim islohotni shu sharmandalar ishtirokisiz amalga oshiraylik!” deb aytgandi.
Toshkent ko‘chalarida tezlik limiti pasaytirish kechiktirilishi qattiq tanqidga uchragach, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi mazkur taklif rad etilmagani, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi muhokamasiga qayta kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ma’lum qilgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil fevral oyida Samarqand shahriga qilgan tashrifida yaqinda Toshkentda tezlik ko‘pi bilan 60 km/soatgacha pasaytirilishi rejalashtirilayotganini aytgandi.
Mavzuga oid
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:03 / 13.11.2024
Andijonda Damas ag‘darilib piyodalar yo‘lakchasida 9 yoshli qizchani bosib qoldi
13:19 / 13.11.2024
Penzadagi YTHda halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni aniqlashtirildi
19:07 / 12.11.2024