O‘zbekiston | 20:05 / 03.11.2023
23483
4 daqiqa o‘qiladi

“Nomusga tegish alomatlari topilmadi” - Xorazmlik amaldorlar ustidan hukmga izoh berildi

Xorazmda bolalar uyidagi voyaga yetmagan qizlar bilan jinsiy aloqa qilib kelgan sobiq adliya va FVV mansabdorlari harakatida kuch ishlatib, nomusga tegish alomatlari (JK 118-modda) topilmagan. Bosh prokuror o‘rinbosari va Oliy sud raisi o‘rinbosari jinoyatchilarga tayinlangan 3 yillik qamoq hukmi yuzasidan tushuntirish berdi.

3 noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasi tomonidan pedofiliyada ayblangan xorazmlik sobiq amaldor ishi yopiq tarzda ko‘rib chiqildi.

Apellyatsiya instansiyasi Xorazm viloyati Adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tuman FVB sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovlarga nisbatan Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentabrdagi hukm bekor qildi.

Ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining oldingi tahrirdagi 128-moddasi 1-qismi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) va 128-1-moddasi (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatda aybdor deb topildi va ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud yakunlangach, shu kuni AOKAda brifing o‘tkazildi va unda Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikromjon Muslimov va bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova hukm yuzasidan tushuntirish berdi.

“Ish qayta ko‘rilishni boshlaganda sudlanuvchilarning harakatlarida Jinoyat kodeksining 118-moddasi alomatlari bor-yo‘qligi tekshirilgan, buning uchun sudga taalluqli bir qancha ekspertizalar o‘tkazilgan.

JK 118-moddasining dispozitsiyasiga ko‘ra, bu modda bilan ayblash uchun qo‘rqitish, jabrlanuvchi ojizligidan foydalanish, zo‘rlik ishlatish alomatlari bo‘lishi kerak. Lekin qo‘shimcha protseduralar vaqtida ikki ayblanuvchining harakatlarida bunday alomatlar topilmadi.

Bizning fikrimizcha, tergov organi ikki sudlanuvchining harakatini 128-modda 1-qismi va 128-1-modda bilan to‘g‘ri malakalangan”, – dedi bosh prokuror o‘rinbosari.

“Masharipov va Kuryazovga qo‘yilgan moddalar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat toifasiga kiradi. Toshkent shahar sudi tomonidan shu turdagi jinoyatlar uchun maksimal jazo tayinlandi. JKning 59-moddasiga ko‘ra, bir necha jinoyatlar uchun tayinlangan jazoning yengilrog‘ini og‘iri bilan qoplash, qisman va to‘liq qo‘shish tartibi bor. Bu ishda qisman yoki to‘liq qo‘shilmaganiga sabab 59-moddasi 2-qismida uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun sudlangan shaxsga tayinlanadigan jazo o‘sha moddadagi maksimal jazodan oshib ketmasligi belgilangan. Shuning uchun sud 3 yil jazo tayinlandi.

2023 yil 11 aprelda bu turdagi jinoyatlar uchun jazo miqdori og‘irlashtirildi. Biroq, sudning bu qonunlarni Masharipov va Kuryazovga qo‘llash imkoniyati cheklangan. Chunki, JKga ko‘ra, shaxs jinoyati u sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan qonun bilan ko‘riladi. Shuning uchun, ularga eski tahrirdagi qonun bo‘yicha jazolar tayinlandi”, – dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikromjon Muslimov.

Oliy sud vakili, shuningdek, jurnalistlar savoliga javoban “ayblanuvchilar ortida kimdir turibdi, shunga kam muddat berildi, degan iddaolar noto‘g‘ri” ekanini ta’kidladi.

Mavzuga oid