Xorazmda davlat amaldorlari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqa qilib kelgani ma’lum bo‘ldi
Xorazm viloyatida kamida ikki davlat amaldori – viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i va tuman FVB rahbari 15-17 yoshli qizlar bilan jinsiy aloqa qilib kelgan. Bu ishga qizlarni 10 oy davomida mehribonlik uyi mudirasi majburlab kelgan. Mudira 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, ikki mansabdorga 1,5 yillik ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Xorazmda oilaviy mehribonlik uyi rahbari X.Yu. o‘z vasiyligidagi 3 nafar voyaga yetmagan qizni 2021 yil maydan 2022 yil fevralgacha, ya’ni 10 oy davomida turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan. Mijozlar viloyat adliya boshqarmasining boshlig‘i hamda tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i ekani aytilmoqda. Erkaklar ko‘rsatilgan “xizmat” evaziga mudirani turli miqdordagi pul bilan siylashgan, mehribonlik uyiga homiylik yordami sifatida mebel, ofis jihozlari, oziq-ovqat, ichimlik va shirinliklar olib berishgan.
Mazkur jinoyat fosh etilgan va sudga oshirilgan. Oliy sud axborot xizmati rahbari Azizxon Obidov Kun.uz so‘roviga javoban shunday mazmundagi ish sudda ko‘rilganini tasdiqladi. Biroq ish yopiq sud majlisida ko‘rilgani uchun tafsiloti ochiqlanmasligi, qonun bunga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.
“Sukut saqlama” loyihasi jinoyat ishiga doir ayrim tafsilotlarni ochiqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, viloyat adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i M.A. mudiraning muammolarini hal qilishda o‘z vakolatlarini ishga solishga va’da beradi. U 2021 yil aprel oyida mehribonlik uyiga xayriya sifatida printer sovg‘a qiladi (tergov davomida qurilma viloyat adliya boshqarmasi balansida bo‘lgani, mehribonlik uyi kelguniga qadar ham yaxshigina ishlatilgani, keyinchalik yaroqsiz holga kelgani aniqlangan).
Qayd etilishicha, “xayriya” qilganidan bir necha hafta o‘tgach, erkak mehribonlik uyi rahbaridan unga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiz topib berishni talab qilgan. Shunda mudira 17 yashar yetim qiz Ra’noni (ismi o‘zgartirilgan) tanlaydi va uni och qoldirib, boshqa bolalardan ajratib qo‘yadi, tashqariga chiqishini taqiqlaydi. U ruhan mudiraning har qanday buyrug‘iga tayyor bo‘ldi deb hisoblagan ayol viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i qizga 250 ming so‘mlik sport oyoq kiyimi olib bergani, shu bois endi u bilan jinsiy aloqa qilishga majburligini uqtiradi. Adliya boshqarmasi tomonidan viloyat adliya boshqarmasi xodimlariga xizmat uyi sifatida ajratilgan xonadon adliya boshqarmasi boshlig‘ining voyaga yetmagan qizlar bilan shahvoniy uchrashuviga makon vazifasini o‘taydi.
2021 yil may oyi boshida mehribonlik uyi mudirasi o‘sha paytda 15 yoshli Aziza (ism o‘zgartirilgan)ni tanish erkak bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan. Qiz bunga qarshilik ko‘rsatganda mudira oshxonadan o‘qlov olib kelib, barcha bolalarning ko‘z o‘ngida qizning ukasini kaltaklagan. Shu tariqa qizning irodasini sindirgan mudira uni o‘sha kuni tanishining, keyinchalik esa boshqa erkaklarning quchog‘iga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
2021 yil iyun oyida viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i yana mudiradan qiz talab qiladi. Bu safar hali 16 yoshga ham to‘lmagan Aziza uning shahvoniy nafsi qurboni bo‘ladi. Boshqa safar 16 yoshli maktab o‘quvchisi Dilya (ismi o‘zgartirilgan) u bilan jinsiy aloqa qilishga majburlanadi. Voqealar qayta-qayta takrorlanadi…
Xorazm viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i M.A. oilaviy mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan qizlarga ko‘z olaytirgan yagona mansabdor emas. Bu yerda bo‘layotgan ishlarning dong‘i boshqalarga ham yetib borgan shekilli Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Q.A. ham mudiraning ko‘nglini ovlash, bu orqali chirkin niyatiga erishish payida bo‘ladi.
“Sukut saqlama” loyihasining yozishicha, ushbu mansabdor ham mehribonlik uyi rahbariga uning muammolarini hal qilishda yordam berishga tayyorligini bildirib, so‘zlarining isboti sifatida 2021 yil may oyi boshida homiylik yordami sifatida bolalar uchun divan, shkaf, oshxona stoli olib beradi va bolalarga turli shirinliklar sovg‘a qiladi.
Ushbu “oliyhimmatlik” evaziga mudira unga o‘z qaramog‘idagi qizlar bilan jinsiy aloqa qilishi uchun imkoniyat yaratib beradi. 2021 yil iyun oyi boshida mehribonlik uyi yotoqxonasida 17 yoshli Ra’no bilan shahvatini qondiradi. Shu oy oxirida yana shu qiz bilan ko‘ngilxushlik qiladi, buning uchun mudirga 200 ming so‘m beradi. Keyin esa mehribonlik uyiga oziq-ovqat va ichimliklar olib keladi va buning evaziga boshqa qizlar Q.A. bilan jinsiy aloqa qilishga majburlanadi.
Mazkur holat 2022 yilning sentabr oyida sudda ko‘rib chiqilgan.
Sud tomonidan oilaviy bolalar mehribonlik uyi mudirasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi, 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlangan.
Mudiraning doimiy mijozi bo‘lgan ikki mansabdor erkak — viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i va Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tuman bo‘limi boshlig‘i Jinoyat kodeksining 128-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 128-1-moddasida (O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish – ushbu modda jinoyat sodir etilgan vaqtda kuchda bo‘lgan, ayni paytda kuchini yo‘qotgan – tahr.) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Ularning har ikkisiga 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi: bu vaqt davomida ularga 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish taqiqlanadi, shuningdek probatsiya organlarini ogohlantirmasdan yashash joyini o‘zgartirishlari va yashash tumani chegaralarini tark etish taqiqlanadi.
2022 yilning dekabr oyida ish apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan va birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan qaror o‘zgartirishsiz qoldirilgan.
Bu yaqin o‘tmishda O‘zbekistonda kuzatilgan yagona holat emas. 2018 yili Marg‘ilon va Qo‘qonda ham maxsus ta’lim-tarbiya muassasalarida voyaga yetmagan qizlar zo‘rlangani fosh bo‘lgandi.
Marg‘ilon shahridagi 1-Mehribonlik uyi sobiq direktori, uning o‘rinbosarlari va boshqa xodimlar o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, voyaga yetmagan ojiz ahvoldagi shaxsni qiynash, o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish, shuningdek ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, sud tomonidan ular 4 yildan 16 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilingandi.
Qo‘qon shahridagi salomatligida va xulqida nuqsoni bor qizlarni tarbiyalashga ixtisoslashtirilgan maxsus yengil sanoat kasb-hunar kolleji direktorining haydovchisi, qorovul, yoshlar yetakchisi va ruhshunos bir guruh qizlarni muntazam zo‘rlab kelishda ayblanib hibsga olingandi.
Mavzuga oid
15:29 / 19.12.2024
Indoneziyada ayollarga nisbatan zo‘ravonlik tufayli favqulodda holat e’lon qilindi
13:50 / 02.12.2024
Dunyoda shunday qishloq bor: unga erkaklar kirishi taqiqlangan
17:13 / 29.11.2024
Tojikistonda bolalarni xivchin bilan savalagan ayol ushlangani ma’lum bo‘ldi
12:00 / 27.11.2024