Iqtisodiyot | 14:14 / 26.03.2026
4454
2 daqiqa o‘qiladi

P2P-o‘tkazmalarining maqsadini ko‘rsatish bo‘yicha talab bekor qilindi(mi?)

Mart oyi boshidan beri qator to‘lov tashkilotlari va bank mobil ilovalarida kartalar o‘rtasida pul o‘tkazmalarining maqsadini ko‘rsatish talabi joriy etilgandi. Ushbu majburiyat bekor qilingani aytilyapti. Markaziy bank axborot xizmati Kun.uz’ga bu talab boshidanoq ixtiyoriy bo‘lganini ma’lum qildi. Ammo regulyatorning 17 fevralda banklar va to‘lov tashkilotlariga yuborgan xatida sanksiyalar qo‘llanishiga oid bandlar bor edi.

Foto: Illyustrativ surat

25 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Markaziy bank P2P maqsadini ko‘rsatishga oid talabni bekor qilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Markaziy bank matbuot xizmati Kun.uz’ga: “majburiy bo‘lmagan narsani boshidan bekor qilib bo‘lmaydi; ixtiyoriy edi — bu masala noto‘g‘ri talqin qilingan”, deya javob berdi. Shuningdek, regulyator 5 martdayoq P2P maqsadini ko‘rsatish ixtiyoriyligi haqida rasman ma’lum qilgani eslatib o‘tildi.

17 fevralda Markaziy bank tomonidan banklar va to‘lov tashkilotlariga yuborilgan xatda o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish majburiy talab ekani va 1 martga qadar ko‘rsatma ijro etilmasa, sanksiyalar qo‘llanishi nazarda tutilgandi.

Jamoatchilik bosimidan keyin, 5 mart kuni Markaziy bank axborot xizmati jarayonning “texnik” ekanligini bildirib, kiritilgan 16 ta to‘lov maqsadi parametrlari esa namunaviyligi, bank yoki to‘lov tashkiloti o‘z mobil ilovasi arxitekturasidan kelib chiqqan holda uni ixtiyoriy belgilashi mumkinligini qayd etgandi.

Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, bir qator to‘lov tashkilotlari va banklar 5 martdagi bayonotdan keyin Markaziy bankka murojaat qilib, P2P maqsadini ko‘rsatish talabi borasida so‘ragan. Regulyator “biz ixtiyoriy deb aytdik, kiritsangiz ham, kiritmasangiz ham bo‘ladi” deya javob bergan. Shundan keyin tarmoqlarda bu talab bekor bo‘libdi, degan gaplar tarqalgan.

Avvalroq Kun.uz suhbatlashgan bank-moliya sohasi mutaxassislari P2P maqsadini ko‘rsatishni kartadan o‘tkazmalar nazoratiga oid yangi urinish deb baholagandi — ular agar maqsad iqtisodiyotni “oqartirish” bo‘lsa, kartadan kartaga o‘tkazmalarni ommalashtirish kerak, deya fikr bildirgandi.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid