O‘zbekiston | 09:42 / 09.08.2023
32000
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya hukumati Gulnora Karimovaning 20 mln funtlik mulklarini nazoratga oldi

Buyuk Britaniya sudining qarori bilan, Katta firibgarliklarga qarshi kurashish byurosi (Serious Fraud Office, SFO) mamlakatda Gulnora Karimovaga tegishli uchta ko‘chmas mulk ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Bu haqda nazorat organi tarqatgan bayonotda aytiladi.

Foto: Getty Images

Ma’lum qilinishicha, gap Londonning nufuzli Belgravia tumanidagi ikkita kvartira va Surrey grafligidagi uy haqida bormoqda. Byuroga ko‘ra, ularning narxi 20 million funt sterlingdan oshadi.

Ingliz rasmiylarining fikricha, Gulnora Karimova va uning oilasi bu mulklarni O‘zbekistondagi korrupsion faoliyatdan topgan pullari hisobiga sotib olgan.

“Byuroning hisoblashicha, Karimova 2004-2012 yillar oralig‘ida O‘zbekiston bozoriga kirishiga yordam berish evaziga telekommunikatsiya kompaniyalaridan yuzlab million dollar pora olib kelgan”, deyiladi Angliyaning vakolatli organi bayonotida.

Surreydagi hovli uy / Foto: gorsehillsurrey.com

SFO Karimovaning Britaniyadagi aktivlarini, jumladan, shu uchta mulkka taqiq qo‘yish yuzasidan sudga 2018 yil oktyabr oyida murojaat qilgan. Kecha, 8 avgust kuni sud bu da’voni qanoatlantirgan.

“Biz bugun bu mulklar ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun ko‘plab ofshor hisobraqamlar va kompaniyalarni o‘z ichiga olgan murakkab moliyaviy zanjirlarni o‘rganib chiqdik. Sudning bu qarori bizning Birlashgan Qirollikdan iflos pullarni yo‘qotishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizda oldinga siljish bo‘ldi”, – degan Katta firibgarliklarga qarshi kurashish byurosi direktori Liza Osofski.

Surreydagi hovli uy / Foto: gorsehillsurrey.com

Gulnora Karimova 2019 yil bahoridan beri Toshkent viloyatidagi 21-sonli koloniyada jazo muddatini o‘tamoqda. 2020 yil mart oyida Oliy sud u jinoiy guruh tashkil etish, firibgarlik, davlat mulkini o‘zlashtirish va boshqa jinoyatlarda ayblanib, 13 yil-u 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar bergan edi.

Shveytsariya, Fransiya, AQSh va boshqa qator mamlakatlarda Gulnora Karimovaga aloqador aktivlarning umumiy miqdori qariyb 1,4 milliard dollarga baholanmoqda. Xususan,, Kun.uz xorij nashrlariga tayanib O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi Britaniyada kamida uchta uyga egaligi haqida yozgan edi.

To‘ldirish: Kun.uz va boshqa bir qator nashrlar mazkur holat bo‘yicha e’lon qilgan ilk xabarlarida Britaniyaning vakolatli organi Karimovaning uchta mulkini musodara qilgani haqida ma’lum qilgan edi. Karimovaning qizi Imon Karimova Instagram'dagi sahifasida mulklar musodara qilinmagani, faqat vaqtincha tegishli organning nominal nazorati ostiga o‘tganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid