O‘zbekiston | 16:50 / 21.12.2021
4968
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq madaniyat vaziri Madaniy meros agentligi rahbariga o‘rinbosar bo‘ldi

Foto: Telegram / Lola Rakhmanbaeva

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Tursunali Qo‘ziyev Madaniy meros agentligining direktor o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanali xabar qildi.

Tursunali Qo‘ziyev 1954 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, grafik rassom, kandakor, foto san’ati ustasi. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1976) va Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini (1982) tugatgan.

Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on shahar bosh rassomi, viloyat madaniyat fondi raisi, Respublika badiiy bilim yurti direktori lavozimlarida ishlagan.

1995 yildan keyin Prezident devoni konsultanti, madaniyat ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston badiiy akademiyasi raisi sifatida ishlagan.

2011—2013 yillar mobaynida madaniyat va sport ishlari vaziri sifatida faoliyat yuritgan. 2013—2016 yillarda Davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika kafedrasi professori bo‘lgan.

Madaniy meros rahbarligiga tayinlanishdan oldin esa Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Tursunali Qo‘ziyev 5 noyabrda Madaniy meros agentligi direktori vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tayinlangandi. 16 dekabr kuni Shahriyor Nurulloyev agentlik direktori bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Madaniy meros agentligi 6 aprelda Turizm va sport vazirligi huzurida tashkil etilgan.

Mavzuga oid