Ucharlar uchun “saxiylik”. 170 km/soat tezlikda harakatlangan haydovchi faqat jarima bilan qutulib qolishi adolatdanmi?
Aholi punktlarida, ayniqsa shaharlarda tezlikni 100 km/soatdan oshirgan potensial qotillarning haydovchilik guvohnomasi shu zahotiyoq kamida 6 oy muddatga olib qo‘yilishi, bu holat takroran sodir etilganda esa avtomashina musodara qilinishi kerak.
Kuni kecha Toshkent shahrining Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasi bo‘ylab davlat raqami 01 F 222 FB bo‘lgan Tracker mashinasi haydovchisi 170 km/soat tezlikda harakatlanayotgani aks etgan video tarqaldi. Haydovchi topilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Yana bir holatda Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 140 km/soat tezlikda harakatlangan BYD 9 yoshli qizni bosib ketib, uning bevaqt o‘limiga sabab bo‘ldi.
Xo‘sh, qo‘llanayotgan jazo va jarimalar bu kabi jinoyatlarning oldini olish uchun yetarli bo‘lyaptimi?
Aholi yashash joylarida tez haydaganlarning “prava”si olib qo‘yilishi kerak
Kurbanoff.net Telegram-kanali muallifi Shuhrat Qurbonov 170 km/soat tezlikda harakatlangan Tracker keysiga e’tibor qaratib, belgilangan jarimani tezlikni oshirish uchun “pulli xizmat”ga o‘xshatdi.
“Eng qizig‘i, shaharda bunday tezlikda harakatlanganlik uchun jarima BHMning 9 barobari yoki 3 mln 60 ming so‘mni tashkil etadi. Bu hammasi emas, agar 15 kun ichida to‘lov amalga oshirilsa, umumiy summaning yarmi to‘lanadi.
Men uchun bu jarimaga emas, balki pulli xizmatga o‘xshaydi. Agar siz qoidani buzmoqchi bo‘lsangiz, to‘lovni 50 foiz chegirma bilan ham olishingiz mumkin. Faqat doimiy mijozlar uchun kartalarni o‘ylab topish qoldi.
Maqsad bu kabi holatlarning oldini olish bo‘lsa, belgilangan me’yordan 50 km/soatga oshib ketsangiz, ayniqsa, aholi gavjum bo‘lgan joylarda, haydovchilik guvohnomasi bekor qilinishi kerak.
Haydovchi ikki narsadan qo‘rqadi – guvohnomasini yo‘qotish va mashinasidan ayrilish. Agar maqsad pul ishlash emas, qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘lsa, yuqoridagi choralardan foydalanishi lozim.
Jarimalarni maosh bilan solishtirayotganlarga quloq solishning hojati yo‘q. Jarimalar soliq emas, shu jihatdan ular qo‘rqinchli va to‘lash juda og‘ir bo‘lishi kerak”, deya yozdi Shuhrat Qurbonov.
Xorijiy tajriba qanday?
Yevropaning aksariyat mamlakatlarida aholi punktlarida o‘rnatilgan harakatlanishning maksimal tezligi 50 km/soatni tashkil etadi. Bu qoidani buzgan haydovchilar esa jiddiy ravishda jazolanadi.
Masalan, turli mamlakatlarda aholi yashash hududida 105 km/soat tezlikda harakatlangan haydovchiga qo‘llanadigan jazo quyidagicha:
- Germaniyada – 3 oygacha haydovchilik huquqidan mahrum qilish, jazo ballari qo‘shish va 680 yevrogacha jarima;
- Fransiyada – 1500 yevro miqdorida jarima va haydovchilik guvohnomasidan 3 yil muddatgacha mahrum qilish;
- Italiyada – 532 yevrodan 2127 yevrogacha jarima, 1 oydan 3 oygacha haydovchilik huquqidan mahrum qilish;
- Ispaniyada – 600 yevro va 6 balli jarima, 3 oy haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilish;
- Buyuk Britaniyada – 2500 funt sterling va 6 balli jarima, haydovchilik huquqidan mahrum qilish.
Avstriyada esa jazo yanada qattiq. Aholi punktlari ko‘chalari bo‘ylab ruxsat etilgan tezlikdan soatiga 80 kilometrdan, shahar tashqarisida esa 90 kilometrdan ortiq tezlikda harakatlangan haydovchilarning avtomashinalari musodara qilinadi.
Yo‘llarni potensial qotillardan tozalash kerak
Oshirilgan tezlikni o‘lchovchi radarlar qo‘yilayotganiga qaramasdan, avtohalokatlar kamaymayapti. Har kuni respublikaning qaysidir qismida katta tezlikda kelayotgan avtomashina inson o‘limiga sabab bo‘lyapti. Xususan, 2023 yilda yo‘l-transport hodisalari natijasida 1568 nafar bola jarohatlangan, 263 bola hayotdan ko‘z yumgan. Joriy yilning dastlabki 5 oyida esa 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq avariya sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan.
Shu kabi dahshatli xabarlar fonida bloger Qobil Xidirov yo‘l harakati xavfsizligi sohasini butunlay qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
“Yo‘llarda bolalarning o‘limi uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerak. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati butunlay tugatilishi kerak. Bu xizmat va uning rahbariyati o‘zini oqlamadi. Ishining samarasi yo‘q, faoliyati teskari va mantiqsizlikdan iborat. Yo‘l harakati xavfsizligi strategiyasi butunlay qayta ko‘rib chiqilishi kerak”, deydi Qobil Xidirov.
E’tibor bilan kuzatsak, holat shu darajaga borganki, ba’zilar tezlikni oshirgani uchun yozilgan o‘nlab jarima qog‘ozlarini uyalmasdan internetda ko‘z-ko‘z qiladi. O‘nlab jarimalar bu aslida sharmandali holat-ku? Bunaqa ashaddiy qoidabuzarlar jamiyatning ko‘ziga qaray olmasligi kerak emasmi?
Antiradar, avtoraqamni oson yechib oladigan, yashiradigan qurilmalarning reklamalari ham haddan tashqari ko‘paygan. Aslida bu ham jazodan qutulib qolish va qoidabuzarlikni targ‘ib qilishning ko‘rinishi aslida.
Yo‘llardagi o‘lim bilan bog‘liq avtohalokatlarning katta qismi belgilangan tezlik me’yorini oshirish natijasida kelib chiqayotgani sir emas. Shu jihatdan, qoidabuzar haydovchilar uchun jarima ballari tizimi zudlik bilan joriy etilishi, bu tizimni shuncha paytdan beri ortga surib kelganlar siyosiy javobgarlikka tortilishi, aholi punktlarida tezlik rejimini nazorat qilishni kuchaytirish kerak.
Qolaversa, yo‘l qurilishi va yo‘llarda harakatlanishni tashkil etishga nisbatan yondashuvlar ham mutlaqo qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
Shaharlar ko‘chalarini avtobanga aylantirishni to‘xtatish, piyodalar o‘tish joylarini svetoforlar va kameralar bilan jihozlash, yo‘l chiziqlari va boshqa vositalar orqali tartibli va xavfsiz yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarur.
Vaziyat shuni ko‘rsatyaptiki, bunday dadil va kompleks qadamlarsiz minglab insonlar, eng achinarlisi murg‘ak bolalar hayotini saqlab qolish butkul imkonsiz.
Mavzuga oid
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
17:02 / 12.11.2024
Piskentda haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida qariyb 16 ming tup olxo‘ri daraxti yonib ketdi
14:15 / 12.11.2024
BAA o‘zbekistonlik haydovchilarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda
07:30 / 05.11.2024