Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadbirkorlar uchun maxsus huquqiy rejim va har bir mahallaga futbol maydoni – mahalliy dayjest
Yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030 yil 31 dekabrgacha maxsus huquqiy rejim amaliyotga tatbiq etiladi. Prezident stadionlarni xususiylashtirishni taqiqladi. 1 oktyabrdan «Har bir mahallaga futbol maydoni» dasturi boshlanadi. Silk Avia bir qancha mahalliy qatnovlarni 2 oyga to‘xtatdi. Migratsiya agentligining ikki xodimi 700 ming dollar pora olgani aniqlandi. Kun.uz yoritgan ushbu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Tadbirkorlar uchun 2031 yilgacha maxsus huquqiy rejim tatbiq etiladi
Prezident qarori bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 2030 yil 31 dekabrgacha maxsus huquqiy rejim amaliyotga tatbiq etiladi.
U davlat va moliyaviy xizmatlarni to‘liq onlayn olish, avtomatik ro‘yxatdan o‘tish, soliq to‘lash va hisobot taqdim etish, bank va to‘lov tizimlari bilan integratsiya, biometrik identifikatsiya va SMS orqali tasdiqlangan hujjatlarning yuridik kuchga ega bo‘lishi va boshqalarni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar uchun umumiy funksionalga ega raqamli platformalar yaratiladi. Ular orqali YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, buxgalteriya va soliq hisobi, to‘lovlar, elektron hamyonlar orqali hisob-kitoblar, soliq organlari bilan o‘zaro aloqa va cheklar, QR-kodlar, tap to pay kabi naqd pulsiz to‘lov vositalarini shakllantirish amalga oshiriladi.
Prezident stadionlarni xususiylashtirishni taqiqladi
Prezident qarori bilan davlatga qarashli stadionlar va futbol maydonlarining foydalanish maqsadini o‘zgartirish va sotish taqiqlandi. 2025 yil oxirigacha davlat mulkidagi futbol stadionlari va maydonlari xatlovdan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xatlov natijalari bo‘yicha, futbol stadionlari va maydonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 2026 yil iyuligacha «Milliy futbol elektron platformasi»ga kiritilishi zarur.
Shuningdek, 1 oktyabrdan «Har bir mahallaga futbol maydoni» dasturi boshlanadi: davlatga qarashli futbol maydoni mavjud bo‘lmagan mahallalarda yer uchastkalari futbol maydoni qurish uchun auksionga chiqariladi. Hokimlar 2025 yil dekabr oyida mahallalarda futbol maydonlarini barpo etish bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlashi lozim.
Silk Avia bir qancha mahalliy qatnovlarni 2 oyga to‘xtatdi
Aviakompaniya xabariga ko‘ra, sentabr va oktabr oylarida bir qator mahalliy reyslar «texnik sabablarga ko‘ra» to‘xtatiladi.
Yo‘lovchilar ilgari xarid qilingan chiptalar uchun pul mablag‘larini to‘liq qaytarib olishi yoki bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lgan taqdirda aviakompaniyaning boshqa yo‘nalishlariga qayta band qilish xizmatidan foydalanishi mumkin.
Silk Avia — Uzbekistan Airports tomonidan tashkil etilgan loukoster aviakompaniya bo‘lib, parvozlarini 2023 yil 25 apreldan boshlagan. 2023 yil oktabr oyida prezident qarori bilan kompaniya brendi saqlab qolingan holda Uzbekistan Airways tarkibiga o‘tkazilgan.
Soliq tekshiruvlarini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalaniladi
2026 yil 1 yanvardan boshlab sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy bo‘ladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining soliq auditi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash huquqi sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarga ham tatbiq etiladi.
Migratsiya agentligining ikki xodimi 700 ming dollar pora olgani aniqlandi
Migratsiya agentligining Namangan viloyatidagi bosh mutaxassisi odamlarning ishonchiga kirib, Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan 41 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushdi. Keyinroq bu pulning bir qismi agentlik markaziy apparati xodimiga yetib bordi va u ham jinoyat ustida ushlandi.
Jinoiy guruh o‘tgan yili 80 dan ortiq odamdan 700 ming dollardan ortiq pul olgani ta’kidlanmoqda.
Mavzuga oid
21:05 / 26.12.2025
2026 yil nomi va o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish rejasi – mahalliy dayjest
21:28 / 25.12.2025
Deputatlar yashirincha tasdiqlagan 41 trln so‘m va YHXX raddiyasi – mahalliy dayjest
21:41 / 24.12.2025
Yo‘llardagi yuzlab kameralarning internetda ochiq qoldirilishi va o‘zbek so‘mida sigareta tutatgan xorijliklar – mahalliy dayjest
21:57 / 23.12.2025