O‘zbekiston | 16:20 / 31.07.2018
88458
4 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning yangi davlat maslahatchisi tayinlandi, Rustam Qosimov boshqa ishga o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohidov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi etib tayinlandi.

«Kun.uz» manbasi ma'lumotiga ko‘ra, u prezident devonida Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektorga boshchilik qiladi.

U bu lavozimda 2017 yil noyabridan buyon ishlab kelayotgan Rustam Sobirovich Qosimov o‘rnini egalladi.

Abdujabbor Abduvohidov 2018 yilning fevralida Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Abdujabbor Abduvohidov
Foto: Xalqaro Press-klub

Abdujabbor Abduvohidov 2002—2011 yillarda Toshkentdagi Vestminster universitetini boshqargan. Shundan so‘ng Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi rektori bo‘lgan. Tashqi ishlar vazirligiga kelishdan oldin O‘zbekiston prezidentining «Iste'dod» fondi ijrochi direktori bo‘lib ishlagan.

Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari xizmati:
ta'limning uzluksizligini ta'minlashga va yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan ta'lim sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi, Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalda samarali ijro etilishi bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari, zamonaviy fan yutuqlarini hisobga olgan holda ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-texnik taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini iqtisodiyot, ijtimoiy, ta'lim va boshqa amaliy faoliyat sohalariga joriy qilishni kengaytirish, ilmiy kadrlarni tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishini ta'minlaydi;
sog‘liqni saqlash va sport sohasini rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash va yaxshilash, sog‘lom avlodni tarbiyalash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish, Olimpiya o‘yinlarida, jahon birinchiliklarida, Osiyo chempionatlarida, xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston terma jamoalari sportchilarining natijadorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

O‘z navbatida Rustam Qosimov Rustam Komilov o‘rniga Jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimiga o‘tkazilgan, u shuningdek Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimini saqlab qolgan.

Foto: Rustam Qosimov

Rustam Qosimov 2004 yil mayidan 2008 yilgacha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri bo‘lgan, 2004 yil oktabridan bir vaqtning o‘zida bosh vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. 2009-2011 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga rektorlik qilgan Qosimov faoliyatida bir muddat tanaffus yuzaga kelgan. U 2016 yilning sentabrida yana O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziriga o‘rinbosar bo‘lgan, Alisher Vahobov o‘rniga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri lavozimiga tayinlangandi.

U 2017 yil iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi birinchi o‘rinbosari – Tashkiliy-kadr xizmati rahbari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori lavozimiga tayinlangan, 2017 yil noyabr oyi oxirida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi etib tayinlangan.

Mavzuga oid