O‘zbekiston | 16:40 / 12.11.2025
14919
8 daqiqa o‘qiladi

Sobiq “Toshturma” hududi tadbirkorga berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. U yer xiyobon bo‘lishi kerak edi

2018 yilda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga asosan, Toshkent shahri hokimligiga Yunusobod tumanidagi sobiq 1-sonli tergov hibsxonasi o‘rnida xiyobon barpo etish vazifasi yuklatilgan edi. Lekin 2020 yilga kelib, sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev qariyb 3 gektarlik ushbu yer maydonini “Yunusobod Business City” qurilishi uchun mulki olib qo‘yilgan tadbirkorga kompensatsiya sifatida berib yuborgan.

Foto: Google Earth

Xalq tilida “Toshturma” deb ataladigan 1-sonli tergov hibsxonasi Zangiotaga ko‘chirilganidan keyin, undan bo‘shagan 3 gektarlik hudud xususiy tadbirkorga berib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, hukumat farmoyishiga asosan, bu yerda aholi dam olishi uchun xiyobon barpo etilishi kerak edi.

Yunusobod tumanida joylashgan hibsxona 2017 yilda Zangiota tumaniga ko‘chirilgan. Shundan keyin, 2018 yil 22 mart kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan, sobiq hibsxona joylashgan yer maydoni Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan. Hujjatga ko‘ra, hokimlik 3 oy ichida u yerdagi binolarni buzib, bo‘shagan yer maydonini obodonlashtirishi va zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etishi kerak edi.

Hukumatning ushbu farmoyishi 7 yildan buyon bajarilgani yo‘q. Hudud tashlandiq holatda qolmoqda. Fuqarolarning bu boradagi e’tirozlari 2025 yil oktyabr oyida Senat e’tiboriga tushdi. Senator Sayyora Abdukarimova poytaxt hokimiga so‘rov yuborib, hukumat topshirig‘i nega haligacha ijro etilmagani yuzasidan izoh so‘radi.

Ushbu so‘rovga shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov imzosi bilan yo‘llangan javob xatidan ma’lum bo‘lishicha, xiyobon qurilishi kerak bo‘lgan yer maydoni xususiy tadbirkorga berib yuborilgan.

Yer maydoni Toshkent shahri hokimining 2020 yil 7 oktyabrdagi qarori asosida, “Ogneupor” MChJga kompensatsiya tariqasida berilgan.

Bunda, tumanning boshqa bir nuqtasidagi ushbu korxonaga qarashli sanoat obekti joylashgan yer maydonining bir qismi “Yunusobod Business City” qurilishi uchun olingan bo‘lib, hokimlik buning evaziga sobiq hibsxona o‘rnini tadbirkorga doimiy foydalanish huquqi bilan rasmiylashtirib bergan.

  • Ma’lumot uchun, “Toshturma” o‘rnida xiyobon barpo etish haqidagi hukumat farmoyishi qabul qilingan paytda poytaxt hokimi Rahmonbek Usmonov edi. Oradan bir oy o‘tib, bu lavozimga Jahongir Ortiqxo‘jayev tayinlangan va keyinchalik, ushbu yer maydonini tadbirkorga kompensatsiya sifatida berish haqidagi qarorni u imzolagan.
2018 yil 30 aprel (chapda) va 2018 yil 30 avgust (o‘ngda) kunlari sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar / Foto: Google Earth

Yong‘inga chidamli mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Ogneupor” MChJ rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya dastavval “Toshturma” o‘rnida o‘z faoliyatini davom ettirish uchun sanoat korxonasi qurmoqchi bo‘lgan, lekin yer maydoni aholi uylari orasida joylashgani tufayli, bu fikrdan voz kechilgan.

Hozirda kompaniya bu joyda yo mehmonxona, yoki turar joy majmuasi qurishni reja qilib qo‘ygan, lekin qurilish qilish uchun rasmiylardan ruxsat ololmayapti. Chunki poytaxt bosh rejasiga asosan, sobiq hibsxona joylashgan 2,9 gektarlik yer maydoni konservatsiya zonasi deb belgilangan va u yerda yangi qurilishlar qilish taqiqlangan.

  • Eslatib o‘tamiz, tasdiqlanganiga hali bir yil ham bo‘lmagan Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi o‘zgarishi kutilmoqda. Avvalroq Kun.uz bosh rejaga zid ravishda qurilish loyihalarini ishlab chiqish davom etayotgani haqida xabar bergan edi.

Detallar

Toshkent shahar hokimligining senator so‘roviga javoban yo‘llagan xatida yozilishicha, Yunusobod tumani Namangan ko‘chasi 5-uy (sobiq 1-uy) manzilidagi 2,9 gektar yer maydonida joylashgan sobiq 1-son tergov hibsxonasi 2017 yilda Zangiotaga ko‘chirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 mart kungi 220-sonli farmoyishiga asosan, sobiq hibsxonaning bino-inshootlari tegishli hududi bilan shahar hokimligiga operativ boshqaruv huquqi bilan topshirilgan. Mazkur farmoyish asosida shahar hokimligiga obektni belgilangan tartibda buzish, bo‘shagan yer maydonini obodonlashtirish va unda barcha infratuzilma obektlari mavjud bo‘lgan zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etilish vazifasi yuklatilgan.

Shunga qaramay, poytaxt hokimining 2020 yil 7 oktyabrdagi qarori asosida, “Yunusobod Business City” nomli yangi tadbirkorlik markazi qurilishi uchun Yunusobod tumani Chinobod ko‘chasi 8-uy manzilida joylashgan (3,0 gektar yer maydoni va undagi 2571 kv.metr) obekt buzilishi evaziga, kompensatsiya tariqasida, muqaddam hibsxona joylashgan 2,9 gektar yer maydoni ma’muriy bino qurish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan “Ogneupor” MChJga ajratib berilgan hamda kadastr hujjatlari shakllantirilib, 2021 yil 5 oktyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

2023 yil 13 may kuni Yunusobod tuman qurilish bo‘limi bu yerda ma’muriy bino qurish loyihasiga ijobiy xulosa bergan. Ushbu xulosa bilan tasdiqlangan loyiha asosida 76,0 kv.metrdan iborat ma’muriy bino qurilib, 2024 yil 6 aprelda berilgan ruxsatnomaga asosan qurilishi tugallangan obekt foydalanishga qabul qilingan. 9 aprelda esa mazkur noturar joyning kadastr pasporti shakllantirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

2024 yil 24 dekabrda tasdiqlangan Toshkent shahrining bosh rejasiga asosan, muqaddam “Toshturma” joylashgan mazkur 2,9 gektar yer maydoni konservatsiya zonasi sifatida qayd etilgan. Ya’ni bu yerda qo‘shimcha turar va noturar bino hamda inshootlar qurish mumkin emas.

Qo‘shimcha qilinishicha, “Ogneupor” MChJga doimiy foydalanish huquqi asosida tegishli Yunusobod tumani Chinobod ko‘chasi 8-uy manzilida joylashgan umumiy yer maydoni 2019 yil 8 may holatiga 7,4 gektar bo‘lgan, hozirgi kun holatiga esa 4,4 gektarni tashkil etadi.

Tadbirkor bosh reja o‘zgarishini kutmoqda

Poytaxt hokimligining qayd etishicha, ishchi guruh holatni hududga chiqqan holda o‘rganib, “Ogneupor” MChJ rahbari bilan gaplashgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, korxona kompensatsiya tariqasida olib qo‘yilgan Chinobod ko‘chasi 8-uy manzildagi yer maydonida yong‘inga chidamli mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan. Shahar hokimligi biznes markaz qurish uchun ularning bino-inshootlari joylashgan yer maydonini tanlab olib, o‘rniga sobiq tergov hibsxonasining 2,9 gektar bo‘sh yer maydonini qaror asosida doimiy foydalanish huquqi bilan bergan.

MChJ rahbari, avvaliga, faoliyatini davom ettirish uchun ajratib berilgan yerda yong‘inga chidamli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxona qurmoqchi bo‘lgan, lekin tanish loyihachisi bilan gaplashganida, u yer maydoni to‘liq aholi punktida joylashgani, atrofi uy-joylar bilan o‘ralgani sababli ishlab chiqarish korxonasi qurish imkoni yo‘qligini aytgan.

Shundan keyin tadbirkor zamonaviy mehmonxona qurishni rejalashtirgan, lekin qurilishga yetarli mablag‘i bo‘lmagan.

Bu orada MChJ o‘ziga qarashli 2,9 yer maydonini xususiylashtirish maqsadida yagona darcha orqali dastlab 2022 yilda, keyinchalik 2025 yil fevral-avgust oylarida bir necha marta ariza topshirgan. Lekin tuman qurilish bo‘limi shahar bosh rejasiga asoslanib, arizalarni rad etgan.

“Ogneupor” rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ular kelgusida ushbu yer maydoni konservatsiya zonasidan chiqarilgan taqdirda, investor jalb etgan holda mehmonxona yoki maishiy xizmat ko‘rsatish do‘konlarini o‘z ichiga oluvchi ko‘p qavatli uy-joy qurishni reja qilgan.

Mavzuga oid