O‘zbekiston | 14:56 / 27.04.2023
5215
2 daqiqa o‘qiladi

Yil oxirigacha Toshkent metrosi yana 56 ta yangi vagonga ega bo‘ladi

Rossiyaning “Metrovagonmash” kompaniyasi Toshkent metropoliteni uchun 2023 yilda yana 56 ta vagon (14 ta tarkib) yetkazib berishi kutilyapti. Kompaniya bunga qadar 2019−2021 yillarda jami 60 ta vagon yetkazib bergan.

Foto: Kun.uz

Transmashholding (TMX) tarkibiga kiruvchi Rossiyaning “Metrovagonmash” zavodi 2023 yilda Toshkent metropoliteni uchun 56 ta vagon yoki 14 ta tarkib yetkazib berishi kerak. Bu haqda TMX bosh direktori Kirill Lipa ma’lum qildi.

“Hozir stolimizda (Toshkent uchun) 50 dan ortiq metro vagonlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan va amalga oshirilmoqda”, – degan Lipaning “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi panel sessiyasidagi so‘zlarini keltirmoqda Gazeta.uz.

Avvalroq Kun.uz 2023 yilda Rossiyadan 56 ta vagon olib kelinishi haqida metropoliten matbuot xizmatiga tayangan holda xabar bergan edi. Biroq bu poyezdlar qaysi oyda, qancha summaga olib kelinishi ochiqlanmayapti. Yangi tarkiblar yuklamaga qarab barcha yo‘nalishlarga taqsimlanishi aytilgan.

Transmashholding rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2019-2021 yillarda O‘zbekiston poytaxti metrosiga “Metrovagonmash”dan umumiy qiymati 91,3 million yevro bo‘lgan 60 ta vagon olib kelingan. Bu – 15 ta tarkibni shakllantirish imkonini bergan.

Yetkazib berish “VEB.RF” davlat taraqqiyot korporatsiyasi, “Rossiya eksport markazi” AJ, Roseksimbank kreditlari va O‘zbekiston davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Toshkent yerusti metrosining yana 5 ta bekati foydalanishga topshirildi.

Mavzuga oid