13 dekabr kuni prezidentning 18-avtobus saroyiga qilgan tashrifidan so‘ng, oxirgi bir haftada jamoat transporti muammolariga jiddiy e’tibor qaratila boshlandi. Avtobuslar soni keskin oshirildi.
21 dekabr kuni AOKAda o‘tgan brifingda Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatov bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirda 850-870 ta qatnov yo‘nalishidagi avtobuslar soni 1050-1090 taga ko‘paytirilib, harakatlanish intervali 25-30 daqiqadan 10-12 daqiqaga qisqartirilgan. Qayd etilishicha, bu sababli yo‘lovchilar soni ham oshgan.
«12 dekabr kuni yo‘lovchilar 501 ming 863 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 19 dekabr kuni bu ko‘rsatkich sezilarli oshib, tegishlicha 567 ming 535 nafarni tashkil etdi», – dedi Ashurmatov.
Ushbu raqamlar faqatgina avtobuslar haqida ma’lumot bermoqda. Xo‘sh, Toshkent metropolitenida qanday ishlar qilinyapti? Vaholanki, tiqilinchlar shahar metrosida ham tez-tez kuzatiladi. Kun.uz mavzu borasidagi bir qancha savollarga javob olish uchun «Toshkent metropoliteni» DUK axborot xizmati rahbari To‘ychi Mirzayev bilan suhbatlashdi.

2022 yilda metroda qancha nosozlik kuzatildi?
Dastlab yil davomida metroda kuzatilgan nosozliklar haqida ma’lumot berildi. Mirzayevning aytishicha, o‘tgan yili «Toshkent metropoliteni» DUK «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tarkibida bo‘lgani, o‘rtaliqdagi tashkilot hisoblangani, qolaversa, matbuot xizmati ham bo‘lmagani uchun 2021 yil statistikasi to‘liq yuritilmagan.










