O‘zbekiston | 16:00 / 09.12.2022
32296
3 daqiqa o‘qiladi

Bitta suddan ikkita qo‘pol xato. Toshkent tumani IIB xodimlari va sudyasiga chora ko‘riladimi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudining inson taqdiriga bog‘liq 2 ta hukmi “sindi”: biri bekor qilindi, boshqasi esa o‘zgartirildi. Agar apellyatsiya berilmaganida 20 yoshli yigit ortiqcha 2 yil-u 6 oy qamoqda o‘tirgan, aybsiz er esa bitta “i” harfini deb juvonmarg bo‘lgan bo‘lardi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz oldinroq jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tuman sudi va tuman IIB tergovchilari tomonidan qilingan adolatsizliklar haqida yozgandi.

Xususan, do‘konda sotuvchilik bilan shug‘ullanib kelgan 20 yoshli Abdurahim Abdug‘aniyev taqiqlangan ekanini bilmagan holda internetdan diniy material yuklab (“skachat”) olib, o‘rtog‘iga yuborgani uchun mazkur sud hukmi bilan 6 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Asli Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan Abror Shamarov esa sobiq turmush o‘rtog‘iga o‘zaro tortishuvda “harom” degan so‘zni ishlatgani uchun jazoga hukm qilingandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudining mazkur ishlar doirasida chiqarilgan hukmlari yuqori instansiyada “sindi”. Jumladan, Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan Abdurahim Abdug‘aniyevga chiqarilgan sud hukmi o‘zgartirildi va unga nisbatan 3 yil-u 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ta’kidlanishicha, dastlabki sud jazo tayinlashda Oliy sud Plenumining tegishli qaroridagi tushuntirishlarga rioya qilmagan.

Garchi jazo birmuncha yengillagan bo‘lsa-da, mahkumning yaqinlari va advokati adolatsizlik hamon barham topmagan deb hisoblashmoqda. Advokatning dalillar keltirishicha, Abdurahim Abdug‘aniyev bu ishda aybsiz bo‘lib, u oqlanishi zarur.

Fuqaro Abror Shamarov Toshkent viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining hukmi bilan yana bir bor oqlandi va unga oid jinoyat ishi tugatildi. Sudga oid lingvistik ekspertiza xulosasiga ko‘ra, taqdim etilgan diskdagi videolavhada Abror Shamarov turmush o‘rtog‘i bilan tortishuvda “haromi” so‘zini ishlatmagani, “harom” so‘zini shar’iy nuqtayi nazardan taloq ma’nosiga tenglashtirib qo‘llagani aniqlangan. Mazkur ish doirasida ham jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudi jazo tayinlashda jiddiy xato qilgan: aybi belgilangan tartibda isbotlanmagan, ishda uni ayblash uchun asos bo‘luvchi biror-bir dalil bo‘lmagan vaziyatda Abror Shamarovga nisbatan ayblov hukmi chiqargan.

Toshkent tumani IIB tergovchilari hamda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi sudyasining bu kabi “adashish”lari insonlar uchun qimmatga tushmoqda. Adolat maskanida adolatsizlik qilayotganlarga chora ko‘riladimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi.

Sudyalar oliy kengashi va IIVdan munosabat kutib qolamiz.

Mavzuga oid