O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkaziladi
Prezidentning tegishli farmoni imzolangan. Saylovlar qonunga to‘la muvofiq holda, ochiq va oshkora tarzda o‘tkazilishi qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazilishini e’lon qildi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berishicha, bu to‘g‘risidagi farmonni davlat rahbari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib imzolagan.
«Prezident bugun ikkita muhim farmonni imzolaganini e’lon qildi. Birinchi farmon yangilangan Konstitutsiyani hayotga joriy etish, ijrosini ta’minlash uchun uning mazmun-mohiyatini xalqimiz o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha aniq vazifalarni nazarda tutadi.
Bosh qonunimizning har bir bandi va moddasini jamiyatimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun hayot qoidasiga aylantirish, bu borada ularning tushuncha va tasavvurlarini kengaytirish; har bir mahalla, ta’lim maskani, tashkilot va korxonada chuqur o‘rganish maqsadida o‘quv dasturlari, darslik va qo‘llanmalar yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib, davlat rahbari ikkinchi muhim farmonni imzoladi. Unga muvofiq, mamlakatda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkaziladi», deyiladi xabarda.
Prezident bu qarorini izohladi.
«Bunday qarorga kelish uchun qanday obektiv zarurat bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Nima uchun qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusim bilan voz kechyapman?
Chunki, o‘zingiz ko‘rib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilinib, ular o‘rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o‘zgarmoqda.
Ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qo‘ymoqda.
Uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda g‘oyat muhim va dolzarb o‘zgarish va islohotlarni kutmoqda.
To‘rtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda to‘g‘ri va samarali rivojlanish yo‘lini izlab topish va uni amalga oshirish eng o‘tkir va dolzarb masalaga aylanmoqda.
Aziz va muhtaram vatandoshlar, barchangiz ko‘rib turibsiz, oldimizga bugun yanada ulkan marralar qo‘ymoqdamiz. Bundan buyon ham, davlat va jamiyat hayoti, bugungi va kelgusi taraqqiyotiga oid har bir masala bo‘yicha faqat va faqat sizlar, donishmand, bag‘rikeng xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.
Asosiy qonunimizda xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, deb bejiz yozilmagan. Shu nuqtayi nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz o‘zi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq. O‘ylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu eng to‘g‘ri va adolatli qaror bo‘ladi», - dedi prezident.
Saylovlar qonunga to‘la muvofiq holda, ochiq va oshkora tarzda o‘tkazilishi qayd etildi. Bunda siyosiy partiyalar, Prezidentlikka nomzodlar yurtimiz tinchligi va uning ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishiga ishonch bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 maydan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi konstitutsiyaviy qonun kuchga kirdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga to‘liq muvofiq holda ikki oy ichida o‘tkaziladi. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Shunga ko‘ra, saylov iyul oyining birinchi yakshanbasi (2 iyul) yoki ikkinchi yakshanbasiga (9 iyul) belgilanishi mumkin.
Mavzuga oid
07:31
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
14:13 / 21.11.2024
Akmal Saidov Shavkat Mirziyoyevga: “Yangi O‘zbekiston parlamentining me’mori kim deyishsa, sizni aytardim”
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
17:59 / 20.11.2024