Iqtisodiyot | 20:10 / 21.06.2019
93276
4 daqiqa o‘qiladi

«Milliy manfaatlar hisobga olinmagan». Prezident «Lukoyl»dan qanday qilib 600 mln dollar qarz bo‘lib qolingani haqida gapirdi

Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Senatdagi chiqishi vaqtida «Lukoyl» kompaniyasidan 600 mln dollar miqdoridagi qarzdorlik haqida gapirdi.

Prezident mas'ullar mahsulotni bo‘lib olish to‘g‘risidagi bitim imzolash oldidan milliy manfaatlarni hisobga olishi kerakligi, lekin bu holatda milliy manfaatlar hisobga olinmaganini aytib, bu borada savol bilan yuzlangan.

«Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekistonda gaz qazib olmoqda. Biz ulardan ming kubini 146 dollardan xarid qilib, aholiga 46 dollardan sotyapmiz. Oradagi farq evaziga kompaniyadan qarz bo‘lyapmiz. Har ming kubometrdagi 100 dollarlik farq 600 mln dollarlik qarzni paydo qilgan. Bu raqam kun sayin ortib boryapti. Balki, bu kompaniya bilan ishlayotganimiz, noto‘g‘ridir. Nima uchun shartnoma tuzilganda milliy manfaatlar inobatga olinmagan?», - deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Reuters agentligi shu yilning mart oyida O‘zbekiston «Lukoyl»dan 2018 yilda gaz yetkazib bergani uchun 600 million dollarga yaqin qarz bo‘lib qolgani haqida xabar bergan edi.

Bu xabar ortidan, aprel oyi boshida Baxtiyor Anorqulov «O‘ztransgaz» kompaniyasi raisining moliya bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimidan ozod etildi.

«Lukoyl»ning qazib olish bo‘yicha katta vitse-prezidenti Azat Shamsuarov qarzdorlik mahsulotni bo‘lishib olish to‘g‘risidagi kelishuvda qazib olingan gaz to‘liq eksport qilinishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa ham, O‘zbekiston qazib olingan gazning bir qismini ichki bozorga olib qolgani sababli vujudga kelganini ma'lum qilgandi.

«O‘zbekneftgaz» o‘sha vaqtda hech qanday izoh bermagan edi.

May oyi boshida O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, «O‘zatom» agentligi boshlig‘i Jo‘rabek Mirzamahmudov «O‘zbekneftegaz»ning «Lukoyl»dan qarzdorligi bo‘yicha izoh bergandi.

«Bu ikki kompaniyaning o‘zaro munosabati va bu munosabatlar o‘zaro bir-birini tushunish asosida muvaffaqiyatli kechmoqda. Iste'mol o‘sishi munosabati bilan gaz olingan. Ammo vaziyat nazorat ostida. Tomonlarning kelishuviga muvofiq munosabatlar tartibga solinmoqda. Qarz bilan bog‘liq muammo yo‘q», – degandi Mirzamahmudov.

Ma'lumot uchun, «Lukoyl» O‘zbekistonda Qandim-Havuzak-Shodi-Qo‘ng‘irot va Janubi-Sharqiy Hisor loyihalarida mahsulotlarni bo‘lib olish sharti bilan ish olib bormoqda. Loyihalarda ishlab chiqarilgan gaz asosan Xitoyga yetkazib beriladi.

«Praym» agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, martda «Lukoyl» O‘zbekiston bilan Qandim loyihasidan yiliga 5 mlrd kub metrgacha gazni ichki bozor uchun eksport netbekiga 12,5 foizlik chegirma bilan yetkazib berishga kelishgan.

Bundan avvalroq Shavkat Mirziyoyev Senatdagi yig‘ilish vaqtida neft-gaz sohasidagi korrupsiya holatlari to‘g‘risida to‘xtalib, Surg‘il neft-gaz loyihasi doirasidagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi uchun bir amaldor 80 mln dollar pora olgani haqida aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid