O‘zbekiston | 23:30 / 10.01.2023
53539
6 daqiqa o‘qiladi

11 yanvarda dars bo‘ladimi? So‘nggi ma’lumotlar

10 yanvar soat 23:30 holatiga, qishki ta’til qachon tugab, darslar qachon boshlanishi masalasiga aniqlik kiritgan hududlar soni 11 taga yetdi (xabar yangilandi). Hokimliklar eng oxirgi soatlardagina bu ma’lumotni e’lon qilishyapti. Ayrim hududlar, masalan Toshkent shahri bo‘yicha tushunarsiz holat saqlanib turibdi.

Foto: Kun.uz

Namangan viloyati

Viloyatdagi maktablarning aksariyatida o‘qish 11 yanvardan boshlanadi. Faqat 24 ta maktabda darslar bosqichma-bosqich boshlanadi. Viloyat haqidagi bu xabarni Namangan shahri hokimligi soat 23:25da (!) e’lon qildi.

Qo‘shimcha qilinishicha, 11 yanvardan Namangan viloyatidagi OTMlar, texnikumlar, kollej va kasb-hunar maktablari ham ta’limni davom ettiradi.

Jizzax viloyati

Jizzax viloyatidagi 140 ta maktabda darslar 11 yanvardan boshlanadi. Viloyat XTBning soat 23:07da (!) ma’lum qilishicha, aynan shuncha maktabda darslarni ertagayoq boshlash imkoniyati bor.

Qolgan 415 ta maktabda o‘quv jarayonlari bosqichma-bosqich boshlanadi. Rasmiy xabarda 140 ta maktab qaysi maktablar ekaniga aniqlik kiritilmagan, qolgan 415 ta maktab bo‘yicha sanalar mavhum qolgan.

Toshkent shahri

11 yanvardan boshlab poytaxtdagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma-bosqich o‘quv jarayonlari boshlanadi.

Bu haqda kech soat 22:47da (!) ma’lum qilgan shahar hokimligiga ko‘ra, darslar qachon boshlanishini maktablar rahbariyati ota-onalar kengashi bilan kelishgan holda hal qiladi.

Hokimlik bayonotidagi bu ikki abzats bir-biriga zid: 11 yanvardan darslar boshlanishi aytildi, lekin qaysi maktablarda boshlanishiga aniqlik kiritilmadi – qanday qilib ota-onalar 11 yanvardan darsni boshlash haqidagi qarorga kelishlari mumkin, axir 10 yanvar deyarli tugagan.

Qashqadaryo viloyati

Viloyat hokimligining 10 yanvar soat 22:07da (!) ma’lum qilishicha, viloyatdagi ta’lim muassasalarida dars jarayonlari 11 yanvardan bosqichma-bosqich boshlanadi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, “bosqichma-bosqich” deganda hududdagi ob-havo sharoiti, OTM yotoqxonalaridagi shart-sharoitlarga qaraladi. Xususan, tog‘li va uzoq qishloqlar maktablarida ta’lim jarayonlari 16 yanvardan boshlanadi. Xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi imkoniyati cheklangan maxsus maktab-internatlarida o‘qish 18 yanvardan boshlanadi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligiga qarashli ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida esa o‘qish 16 yanvardan boshlanadi.

Viloyatdagi barcha bog‘chalarda ta’til 17 yanvargacha davom etib, ular faoliyatini 18 yanvardan boshlaydi.

Surxondaryo viloyati

Avvaliga, soat 21:41da (!) Surxondaryo viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida ertaga, ya’ni 11 yanvardan an’anaviy shaklda darslar boshlanishi e’lon qilindi.

Soat 22:32da esa qo‘shimcha xabar berildi: viloyatning tog‘li, olis hududlaridagi maktablarda dars mashg‘ulotlari boshlanmaydi.

Tumanlar hokimliklari tomonidan tog‘li, olis hududlarda joylashgan maktablar ro‘yxati shakllantiriladi va bu maktablarda an’anaviy dars mashg‘ulotlarining boshlanish sanasi qo‘shimcha ma’lum qilinadi.

Samarqand viloyati

Samarqand viloyatidagi jami 1255 ta umumta’lim maktabidan 950 tasida darslar 11 yanvar kuni boshlanadi.

Havo harorati keskin sovigan vaqtda transportda borish qiyinligi, masofa uzoqligi va zarur issiqlik bilan ta’minlash imkoniyati cheklangani sababli 97 ta maktabda darslar 13 yanvardan, 208 tasida 18 yanvardan boshlanadi.

Viloyatdagi 13 ta OTMning hammasida darslar 11 yanvardan boshlanishi ma’lum qilindi. 73 ta o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi maskanlaridan 71 tasi 11 yanvardan, 2 tasi 13 yanvardan o‘quv jarayonlariga kirishadi.

Yuqoridagilar haqida soat 21:23da (!) xabar bergan Samarqand viloyati hokimligi qaysi maktablar qachondan ochilishiga hozircha aniqlik kiritmadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Qoraqalpog‘istondagi maktablarda darslar 12 yanvar, payshanbadan boshlanadi. Hozircha istisnolarsiz.

Bu haqda respublikaning Xalq bilimlendirish ministrligi soat 18:21da (!) xabar qildi.

Buxoro viloyati

Buxoro viloyatidagi barcha umumta’lim maktablarida 3-chorak 11 yanvardan boshlanadi. Bu haqda viloyat XTB 10 yanvar kuni soat 17:04da (!) e’lon qildi.

Farg‘ona viloyati

11 yanvardan Farg‘ona viloyatidagi 12 ta OTM, 76 ta texnikum, kollej va kasb-hunar maktablarida o‘qish boshlanadi.

Viloyatdagi 975 ta umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda esa uchinchi chorak 16 yanvar, dushanbadan start oladi.

Viloyatdagi bog‘chalar ham 16 yanvardan odatiy faoliyatiga qaytadi.

Viloyat hokimligi yuqoridagilar haqida 10 yanvar soat 15:02da (!) xabar berdi.

Andijon viloyati

Andijondagi ta’lim muassasalarida (nafaqat maktablar) 11 yanvardan rasman o‘quv jarayonlari boshlanadi. Bu haqda viloyat hokimligi 10 yanvar kuni soat 12:34da (!) ma’lum qildi. Tushunarsiz qo‘shimchaga ko‘ra, “ta’lim muassasalarining kelgusi faoliyati ob-havo sharoitidan kelib chiqqan holda tashkil etiladi”.

Kechqurun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov shu masalada yig‘ilish o‘tkazdi. Tuni bilan mas’ullar maktablarning sharoitini yaxshilash ishlari bilan band bo‘lishi ma’lum qilindi. Abdurahmonovning o‘zi 11 yanvarga o‘tar kechasi Andijon shahridagi 10-maktabda bo‘lib turibdi.

Xorazm viloyati

Xorazm maktablarida ham darslar 11 yanvardan boshlanadi.

Bu haqda 10 yanvar soat 12:10da (!) xabar qilgan viloyat hokimligi bu qarorini “O‘zgidromet” prognozi bilan izohlagan. Unga ko‘ra, 11-18-yanvar kunlari viloyatda havo haroratining keskin tushib ketmasligi kutilyapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalboshdan maktablarda ta’til 10 yanvarda tugashi, darslar 11 yanvardan boshlanishi belgilangan edi. Lekin anomal sovuq prognozidan keyin, 5 yanvar kuni ta’til 18 yanvargacha uzaytirilgani e’lon qilindi. Oxir-oqibat 10 yanvar kunining ikkinchi yarmi va oxirgi soatlariga kelib, hammasi o‘zgarib ketdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 10 yanvar kuni soat 20:15da (!) ma’lum qilishicha, ta’tilni uzaytirish yoki uzaytirmaslik vakolati hududlar hokimlariga berilgan.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi soat 13:23da (!) oliy va professional ta’lim muassasalari hamda akademik litseylarda 11 yanvardan e’tiboran bosqichma-bosqich dars mashg‘ulotlari boshlanishini bildirgan.

Mavzuga oid