O‘zbekiston | 21:50 / 10.01.2023
13439
7 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligi onlayn nashrlarni ma’muriy islohotlarni bir tomonlama yoritishda aybladi

​​​​​​​Faqat maqtov yog‘dirgan davlat nashrlaridan farqli ravishda, hukumatdagi o‘zgarishlarga nisbatan muqobil fikrlarga ham o‘rin bergan xususiy nashrlar Adliya vazirligining tanqidiga uchradi. O‘z fikrini bildirgan mutaxassislar bilimsiz va mas’uliyatsizga chiqarildi.

Foto: Adliya vazirligi

Adliya vazirligi ayrim ommaviy axborot vositalarini O‘zbekistondagi ma’muriy o‘zgarishlar, xususan vazirliklarning qo‘shib yuborilishi va ayrim davlat tashkilotlarining tugatilishini faqat salbiy tomondan ko‘rsatayotganlikda ayblab chiqdi.

“Albatta, fikrlar xilma-xil bo‘lgani yaxshi, lekin ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlar masalani mutaxassis bo‘lmagan yoki zarur bilim va tajribasi bo‘lmasa-da, o‘zlarini ekspert deb e’lon qilayotgan shaxslar bilan intervyular tashkil qilib, o‘z kuzatuvchilariga islohotlarni bir tomonlama faqat salbiy tomondan ko‘rsatish va baholash bilan shug‘ullanmoqdalar. Xususan, shu kunlarda Kun.uz va Qalampir.uz turkum intervyularni e’lon qilishdi”, – deyiladi adliya bayonotida.

O‘tgan haftalarda Kun.uz ma’muriy islohot mavzusida iqtisodchi Abdulla Abduqodirov, huquq faoli Abdurahmon Tashanov va ta’lim eksperti Bahodir G‘aniyev bilan, Qalampir.uz siyosatshunos Hamid Sodiq bilan intervyular e’lon qilgan edi. Bu suhbatlarda mutaxassislar ro‘y berayotgan ma’muriy o‘zgarishlarning nafaqat ijobiy jihatlari, balki kamchiliklari haqida ham o‘z fikrlarini bildirgandi.

Adliya vazirligi OAVning suhbatdoshlarini “o‘zlarini ekspert deb e’lon qilayotgan shaxslar” deb atarkan, ularni mas’uliyatsizlikda ayblagan.

“Avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, bunday masalada u yoki bu fikr, bahoni berishda zarur bilim, malaka va tajribaga ega bo‘lish, chuqur tahlilga asoslanish maqsadga muvofiq. Chunki ma’muriy islohotdek o‘ta professional masalani yengil-yelpi yondashuvlar, o‘zining hissiyot va qarashlari orqali bayon etish, ayniqsa OAV orqali tarqatish mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas”, – deyiladi davlat organining rasmiy munosabatida.

Adliyaning qayd etishicha, ma’muriy islohotlarni ishlab chiqishda “xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya institutlarining tajribali ekspertlari, shu jumladan, BMTning vakillari” ishtirok etgan. BMTdan tashqari qaysi xalqaro tashkilotlar, qaysi xalqaro ekspertlar ishtirok etgani, ular bergan takliflar, takliflarning qaysilari qabul qilingani, qaysilari rad etilgani ochiqlanmagan.

Adliya vazirligi va boshqa tashabbuskorlar ma’muriy islohot bo‘yicha haqiqatan ham xalqaro ekspertlar bilan maslahatlashgan bo‘lishi mumkin, lekin saylovchilar – O‘zbekiston fuqarolarining fikri bilan qiziqmagan. Bu boradagi loyihalar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmadi. O‘tgan yili aynan Adliya vazirligi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish shart degan qoidani bekor qilishga bosh-qosh bo‘lganlar qatorida edi. Kun.uz vazirlikning bu boradagi rasmiy izohini rad etuvchi omillar borligi haqida yozgandi.

Adliya vazirligining yuqoridagi bayonoti internetda tanqidlarga sabab bo‘ldi. Xususan, jamoatchilik faoli Komil Jalilov “va-va-vazirliklar tuzish, vazirlarning o‘rnini almashtirish, turli qo‘mita va agentliklarni vazirliklar ichiga “solib qo‘yish”, go‘yo ixchamlashgan hukumat hisobidan Administratsiyani yangi tayinlovlar bilan shishirish” kabilarni sanab o‘tib, bularni “ma’muriy islohot” deb atash qanchalik to‘g‘ri bo‘lishini savol ostiga oldi.

Jalilov Konstitutsiyaning 12-moddasida fikrlar xilma-xilligi, 67-moddasida esa OAV erkinligi kafolatlanganini eslatgan.

“OAV islohotlarni faqat maqtashga majbur emas – ularning vazifasi aynan jamiyatdagi turlicha fikrlar va qarashlarni muhokamaga olib chiqish. Har qanday voqelikka nisbatan qarashlar turlicha, shu jumladan, salbiy ham bo‘lishi tabiiy hol. Agar Adliya vazirligiga faqat maqtov kerak bo‘lsa, marhamat, budjetdan otning kallasiday pul ajratiladigan va hech kim jiddiy qabul qilmaydigan “Jannatdan xabarlar 24”, uzr, “O‘zbekiston 24” (va MTRKning boshqa kanallari) yetarli. Hech bo‘lmaganda muqobil axborot manbayi bo‘lgan mustaqil OAVlarni tinch qo‘yaylik”, – deya yozgan u.

Adliyaning OAVga intervyu berganlarni “mutaxassis emas”ga chiqargani haqida Komil Jalilov shunday deydi:

“O‘zbekistonda yashab turgan har qanday shaxs shu jamiyatda kechayotgan voqealarga munosabat bildirishga haqli. Masalan, meni jamoat transportining ahvoli qoniqtirmasa, buni aytishim uchun transport bo‘yicha mutaxassis bo‘lishim shartmi? Qolaversa, Kun.uz jurnalistlari tomonidan aynan “ma’muriy islohot” deya taqdim qilinayotgan jarayon bo‘yicha men ko‘rgan intervyularida siyosiy jarayonlar bo‘yicha mutaxassislar fikr bildirishdi. Umuman, turli fikrlarni olib chiqish – OAVning vazifasi. Adliya vazirligining vazifasi esa – “qonun ustuvorligini ta’minlashga ko‘maklashish”, OAVning ovozini o‘chirish yoki qonun bilan taqiqlangan senzura o‘rnatish emas”.

Kun.uz'ning shu mavzudagi suhbatdoshlaridan biri – ta’lim bo‘yicha ekspert Bahodir G‘aniyev ham Adliya vazirligining tanqidiy chiqishiga munosabat bildirdi.

“Avvalo, har bir fuqaro davlatda bo‘layotgan jarayonlarga munosabat bildirishga haqli, Konstitutsiyamizga asosan. Adliya vazirligi mutaxassislari Konstitutsiyani bir qayta o‘qib qo‘yishi kerak shekilli. Ularning asosiy vazifasi qonun ustuvorligini ta’minlash emasmidi?

Ikkinchidan, ekspertlarning mutaxassis bo‘lishiga me’yor qoidalari yo‘q. Davlatimizda nomutaxassislar vazir bo‘lib o‘tiribdi-ku, Adliya esa jim. Nomutaxassis vazir bo‘la oladi-yu, oddiy ekspert bo‘la olmaydimi?” – deya savol bergan u.

Bahodir G‘aniyev davlat organining “o‘zlarini ekspert deb e’lon qilayotgan shaxslar” degan yorliq yopishtirishiga javoban, muhandis-iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr darajasi va loyiha boshqaruvi ixtisosligi bo‘yicha magistr darajasiga ega ekani, Yyel universitetida davlat boshqaruvi bo‘yicha 1 yillik maxsus dasturni tamomlagani, Oliy Majlis deputati bo‘lgani, hokimlik, “El-yurt” jamg‘armasi, “Kamolot” YoIH va Prezident administratsiyasida ko‘plab davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etganini ta’kidlagan.

Adliya bayonotida yuqoridagi ayblovdan tashqari, boshlangan ma’muriy o‘zgarishlarning asosiy xususiyatlari sanab o‘tilgan.

Mavzuga oid