O‘zbekiston | 17:28 / 15.05.2020
55858
10 daqiqa o‘qiladi

Qurilishda xato bo‘lganmi yoki loyihada? Ekspert Sardoba fojiasi omillari haqida

Energetika bo‘yicha ilmiy tadqiqotchi Sarvar Qurbonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Sardoba fojiasi yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan omillar, tizimli muammolar va mazkur fojiadan chiqariladigan xulosalar haqida so‘z yuritdi.

– Sardobadagi to‘g‘on o‘pirilishiga uning bunday tipdagi suv omborlariga nisbatan ancha qisqa muddatlarda barpo etilgani sabab bo‘lmaganmi?

– Avvalo, bizga shu suv ombori kerak edimi, degan savolga javob topaylik. Har qancha yomonlashimizga qaramay oldingi davrda melioratsiya tizimi bo‘yicha juda qattiq nazorat tashkil qilingan. Shuning hisobiga davlatlararo suv o‘tishi, xavfsizlik yoki suv tanqisligi kabi muammolar kuzatilmagan. Keyin ittifoq davlatlari mustaqil bo‘la boshlagach, ular to‘g‘on qurish ishlarini boshlab yuborgan.

Masalan, Qirg‘iziston ham «Qambar ota – 1», «Qambar ota – 2» shaklida suv omborlari qurmoqda, buning bilan bizga Norin va Qoradaryodan keladigan suv o‘zanini to‘sish, suvni kerak paytda yopib, kerak bo‘lmagan paytda ochib yuborish kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin.

Shuning uchun «Rog‘un» GESi qurilgandan so‘ng O‘zbekistonda 2ta suv ombori qurilishi amalga oshirilgan va bularni juda to‘g‘ri qaror deb bilaman.

Birinchisi, vodiyda Sirdaryodan keladigan suvni to‘plash uchun qurilgan, keyingisi esa Sirdaryo viloyatida Tojikistondan o‘tib oqib keladigan suvni to‘plab, zarur paytda qo‘shni davlatlar chiqarayotgan suvni to‘plashi uchun qurilgan.

Vodiydagi suv omborida tuproq va texnologik jihatdan tashkil qilingan ishlardan xabardorman: qurilishda olimlar va mutaxassislar ishtirok etgan.

Biroq «Sardoba» suv ombori bilan yetarli darajada tanish emas edim. Mutaxassislar bilan gaplashganimda, ular qurilishga ko‘p mablag‘ sarflanganini ombor qurilishi jarayonida joyni qayta tayyorlash uchun tuproq almashtirilgani bilan izohlash mumkinligini aytishmoqda. Chunki «Sardoba» suv ombori deyarli tuproq bilan quriladigan sodda suv omborlari turiga kiradi.

Loyiha bo‘yicha tuproq zichligi, uning qanday tuproq ekani laboratoriyadan o‘tkazilib, suv kelganda qay darajada nam bo‘lishi va suv o‘tkazishi yoki struktura buzilishiga qadar o‘rganiladi. Natija asosida tuproq bosqichma-bosqich ko‘tarilib boriladi. Har bir ko‘tarilganda tuproq bilan bog‘liq sinovlar o‘tkazib boriladi va maxsus sensorlar o‘rnatiladi.

– Fojiaga loyihadagi xatolar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinmi?

– Menimcha, loyiha to‘g‘ri tashkillashtirilgan, biroq qurilishda xatolar kuzatilgan bo‘lishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar tomonidan sovetlar davridagi qurilish me'yorlarida qolib ketayotganimiz aytilmoqda. Biroq o‘sha davrda qurilgan «Chorvoq» va boshqa suv omborlari haliyam ishlab kelmoqda. Ya'ni mustahkamlik jihatdan faqat sobiq sovet davlati davrida qurilgan suv omborlari, balki boshqa dalvatlar hududida qurilgan omborlar ham ishlamoqda.

Aslida, qachon texnogen avariyalar bo‘lishi mumkin? Bu qurilish me'yorlari qo‘pol ravishda buzilishi va obektdan noto‘g‘ri foydalanish natijasida yuzaga keladi. Menimcha, omborda ishlaydiganlarning barchasi mutaxassisligi bo‘yicha tekshirib ko‘rilishi ham zarur. Chunki «Sardoba» suv ombori tabiiy usulda qurilgan, uning bu darajada buzilishi uchun avval tuproqqa nam yetib borishi va u yemirilishi zarur. Bu vaziyatda esa o‘rnatilgan sensorlar signal berishi va avariyadan deyarli 1-2 kun oldin xabardor qilishi lozim.

Bundan tashqari, to‘g‘on buzilishi paytida hech qanaqa bo‘ron yoki yomg‘ir yog‘ishi kuzatilmagan. Hozir texnika zamoni va hamma narsani tadqiqot orqali aniqlash mumkin. Fizik olim Rustam Ashurov ham o‘zining tekshiruv-tadqiqotlarida ombor buzilishiga sabab bo‘ladigan tabiiy ofat yoki bosim kuzatilmaganini aniqlagan.

Demak, aytaylik, suv ombor 100 litr suv sig‘imiga ega bo‘lsa, u bundan ko‘proq suv bosimi ostida tekshirib ko‘riladi. Tekshirib ko‘rilganda qayerlarda mo‘rtlik borligi aniqlanadi.

Sarvar Qurbonov

Agar ombor sement yoki boshqa qurilish materialidan qurilib, bosim qaysidir nuqtadan urib ketganda boshqa gap edi, lekin yuqorida aytganimdek, tuproq bilan qurilgan suv omborida unga namlik yetib borgan zahoti texnik xodimlar tuproqni almashtirib qo‘yishi mumkin edi. Vaziyat esa bunchalikka yetib bormasligi, suv ochilib ketmasligi mumkin edi.

– To‘g‘onning suv urib ketgan joyida hech qanday beton qoldiqlari ko‘zga tashlanmaydi. Bu qurilish uchun ajratilgan materiallar talon-toroj qilinganini anglatadimi? To‘g‘onning qolgan qismi ekspertizadan o‘tkazilsa, bularni fosh qilish mumkinmi?

– Suv omborida sement bo‘lishi ham shart emas. Chunki unga ishlatiladigan tuproqning ham har xil turlari bor. Uning tayyorlanish, jipslanish jarayonida qayerdadir xato ketgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda bu xatolik bo‘lishi mumkin yoki yo‘qligini ham tekshirish mumkin, chunki hali ombor o‘pirilishi sodir bo‘lgan joyda ham yon tomonlarda tuproqlar saqlanib qolgan. Ularni bemalol tahlil qilish mumkin.

Men 90 foiz qurilishda xatolik bo‘lgan degan fikrdaman. Chunki loyihada kamdan kam xato bo‘ladi. Odatda, loyihalar ortig‘i bilan beriladi, smeta ham qilib beriladi, har bir hududning o‘z koeffitsiyentigacha ko‘rsatiladi.

Masalan, loyihada olib kelinadigan tuproq kilometrini uzaytirib yoki qisqartirib bo‘lmaydi. Har birining o‘z jihati bor. Demak, loyihaga amal qilmasdan pul topishning birgina yo‘li - qurilishni to‘g‘ri qilmaslik.

Aytib o‘tilganidek, tender o‘tkazilmagani va o‘rtadagi ishtirokchilarning ko‘p bo‘lishi ham nazoratni qiyin ahvolga olib keladi. Yana bir hayron qolarli tarafi, to‘g‘ondan so‘ng gidroelektrostansiya qurilishi bo‘yicha tender ham o‘tkazilgan ekan. Lekin bu narsa to‘g‘on qurilishidan oldin o‘ylab ko‘rilmaganmi?

Agar hozir gidroelektrostansiya quriladigan bo‘lsa, uning uchun ham «kaskad» qilinadi, ya'ni xuddi o‘sha to‘g‘on buzilishi, yo‘l qilinishi, ortiqcha sarf-xarajat qilinishi kerak bo‘ladi. Boshida esa bular o‘ylab ko‘rilmagan.

Bundan tashqari, suv ombori yaqinida baliqxona borligi haqida ham ma'lumotlar tarqaldi. Buning suv omboriga ta'siri bor-yo‘qligini ham o‘rgandim. Baliqxona sathi suv ombori sathidan baland bo‘lsagina salbiy ta'sir ko‘rsatarkan. Ungacha baliqxonaning ta'siri bo‘lishi kerak emas.

Demak, bu variantni ham, tabiiy ofat variantini ham chiqarib tashlasak, faqatgina qurilishda xatolik bo‘lgani va inshootda texnik xizmatning to‘g‘ri bo‘lmagani, nazoratda kamchilik bo‘lgani bilan bog‘liq muammolar qoladi.

– Yuqorida avariyadan ogohlantiruvchi sensorlar haqida gapirib o‘tdingiz. Menimcha, agar ular omborda mavjud bo‘lganda suv sizib chiqayotganini birinchi bo‘lib bedana oviga borgan kishilar ko‘rib, boshqalarni ogohlantirmagan bo‘lardi. Vaziyat haqida oldinroq bilish mumkin edi. Bu haqida xabaringiz bormi?

– Yo‘q, bundan bexabarman, biroq «Sardoba» kabi tuproqli suv omborlarida sensorlar o‘rnatilishi lozim. Ular tuproqning qaysidir qismida namlik qaysi darajaga yetgani haqida kamida 10 kun oldin xabar berishi kerak.

Bitta sensordan namlik o‘tsa, keyingi sensor namlik darajasi haqida ma'lumot berishi lozim. Bu vaziyatda namlik ortgan hududda suvni muzlatish yoki boshqa usul bilan tuproqni almashtirishga ham imkon bo‘ladi.

– Yuqorida «Sardoba» suv omborining murakkab emasligi, sodda shaklda qurilgan suv ombori ekanini aytib o‘tdingiz. OAVda yozilayotganidek, bunday gidroinshoot 404 mln dollarga qurilishi mumkinmi?

– Agar ombor qurilishida hududdagi tuproq qurilishga yaramasligi uchun uni butunlay almashtirib, boshqa ayrim hududlarda uchraydigan noyob tuproq olib kelib foydalanilgan bo‘lsa, bo‘lishi mumkindir, ehtimol. Lekin shunda ham boshqa davlatlarda bundan arzonroq va mustahkamroq qurilgan to‘g‘onlar tajribasi ham mavjud.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Mavzuga oid