O‘zbekiston | 12:25 / 10.04.2021
53663
4 daqiqa o‘qiladi

Termizda maktab o‘quvchisining nomusiga tegilgani bosti-bosti qilingan. IIBda bu kabi jinoyatlarni yashirish holatlari ko‘paymoqda

Termiz shahrida 16 yoshli qizning nomusiga tegilgan, ammo oradan 14 oy o‘tgan bo‘lsa-da, shahar IIB holat yuzasidan jinoyat ishi ochgani yo‘q.

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida B.E. ismli shaxs 2020 yilning yanvar oyida maktab o‘quvchisi bo‘lgan 16 yoshli voyaga yetmagan qizning ojizligidan foydalanib, nomusiga tekkan. Bir oy o‘tib, bu voqeani internetga ovoza qilish bilan qo‘rqitib, qizni takroran zo‘rlagan.

Senator Farhod Boqiyev Senat rasmiy saytidagi chiqishida shu haqda ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchining ota-onasi Termiz shahar IIO FMBga ariza bilan bir necha marta murojaat qilganiga qaramay, B.E.ga nisbatan qariyb 14 oydan beri jinoyat ishi qo‘zg‘atilmay kelinmoqda – mas'ullar yuzaki o‘rganishlar bilan cheklangan va ishni bosti-bosti qilib kelgan.

Qizning yaqinlari Termiz shahar IIO FMBda B.E.ning do‘stlari ishlashi sababli ish bosti-bosti qilib kelinayotganini aytgan. Bu organdan umidini uzgan ota-ona «so‘nggi chora sifatida» Senatga murojaat qilgan. Senat holat xolisona o‘rganilishi va yakunda qonuniy qaror qabul qilinishini nazoratga olgan.

10 aprel kuni Ichki ishlar vazirligi bayonot berib, Termiz shahar IIB xodimlarining xizmat mavqeyini suiiste'mol qilayotganliklari to‘g‘risida senator bildirgan ma'lumotlarni o‘rganish bo‘yicha vazirlik ishchi guruhi tomonidan xizmat tekshiruvi boshlanganini ma'lum qildi.

IIB nomusga tegish jinoyatini bosti-bosti qilishi birinchi marta emas

Avvalroq ham shunga o‘xshash nomusga tegish holatlari yuz bergan va ichki ishlar organlari xodimlari jinoyatlarni yashirishga urinishgan.

Xususan, xonanda Jasur Umirovning bir guruh shaxslar bilan voyaga yetmagan qizni zo‘rlab, nomusiga tekkani holati ekspertiza xulosalari tasdiqlab turgan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB xodimlari tomonidan yashirib kelingandi.

Hodisa OAV va jamoatchilik e'tiboriga tushgandan so‘ng xonanda va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan ularga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Kattaqo‘rg‘ondagi jinoyat bilan deyarli bir vaqtda Toshkent viloyatida sodir etilgan 14 yoshli qizning nomusiga tegish jinoyati hamon ochilmay qolmoqda. Qizning ota-onasi 2020 yil sentyabr oyida O‘rta Chirchiq tuman IIBga murojaat qilganiga qaramay, oradan yarim yil o‘tganiga qaramay jinoyatchilarga nisbatan haligacha hech qanday chora ko‘rilmagan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Quva tumanida kollejning uchinchi kursida o‘qiyotgan 19 yoshli qiz o‘g‘irlab ketilgani va bir oy davomida uch kishi tomonidan muntazam zo‘rlab kelingani aytilmoqda. IIB bu murojaatni o‘rganib chiqib, bunda jinoyat alomati yo‘q deya jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.

Mavzuga oid