O‘zbekiston | 22:04 / 29.07.2023
60901
8 daqiqa o‘qiladi

Liftdan topilgan jasad voqeasi: yangi tafsilotlar

Fojia sodir bo‘lgan vaqtda liftda favqulodda chaqiruv yoki avariya-qutqaruv xizmatiga xabar beruvchi tugmalar ishlamagani ma’lum bo‘ldi. Shu bois ham qutqaruv xizmatiga hech qanday chaqiruv kelib tushmagan.

Foto: Kun.uz

“Lift “svet” o‘chgani sabab to‘xtab qolmagan”

Pochtachi bo‘lib ishlagan 32 yoshli Olga Leonteva 24 iyul kuni manzillarga xatlarni tarqatish uchun chiqib ketib uyiga qaytmagani, uning jasadi oradan uch kun o‘tgach yangi uylardan birining liftida topilgani haqida xabar bergandik. Dastlabki xabarlarda lift elektr ta’minotidagi uzilish sababli to‘xtab qolgani aytilgandi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot kotibi Faxriddin Nuraliyev Kun.uz’ga fojia ro‘y bergan kunlarda lift joylashgan ko‘p qavatli uyda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmaganini ta’kidladi.

“Lift “svet” o‘chgani sabab to‘xtab qolgani haqidagi gap-so‘zlar asozsiz.Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur xabar tarqatilganidan keyin holatni o‘rganish uchun voqea joyiga yetib keldik. Tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari vaziyatni atroflicha o‘rganishdi. Parkent ko‘chasida yangi qurilgan 269-sonli ko‘p qavatli uy Mirzo Ulug‘bek tumani hududida joylashgan bo‘lsa-da, elektr energiyasini Yashnobod tumani ETKdan oladi. Korxona xabariga ko‘ra, 23—24 iyul kunlari hodisa sodir bo‘lgan hududda elektr energiyasi ta’minotida uzilish bo‘lmagan.

To‘g‘ri, keyingi paytda hududlarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi yuqori kuchlanishli qurilmalarning qizib ketishi natijasida avariya holatlarida uzilishlarning oldini olish maqsadida poytaxt tumanlari bo‘ylab rejali o‘chirishlari bo‘lib turibdi. Bu haqda o‘z vaqtida aholiga xabar berib boryapmiz. Ammo fojia ro‘y bergan kuni ushbu hududda rejali o‘chirish ham, tarmoqda avariya ham kuzatilmagan. Buni dispetcherlik xizmatining favqulodda o‘chirilishlar to‘g‘risidagi qaydlari tasdiqlaydi. Hududda uzilishlar yoki avariyaviy holat kuzatilsa, bu aniqlangan bo‘lardi”, deydi Faxriddin Nuraliyev.

Yashnobod TETK dispetcherlik xizmatining favqulodda o‘chirilishlar to‘g‘risidagi qaydlari

Kun.uz bilan suhbatlashgan mutaxassislarga ko‘ra, lift elektr ta’minotidagi uzilishlar sababli o‘chib qolgan taqdirda u “svet” kelishi bilan ishlab ketgan bo‘lardi. “Yuqori qavatda qolib ketgan lift uch kunlab ishlamagan ekan, muammoning sababini boshqa joydan qidirish kerak” deb aytmoqda ular.

Sozmi, nosozmi?

Bosh prokuratura 28 iyul kuni pochtachi ayolning jasadi topilgan lift nosoz bo‘lganini ma’lum qilgan, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi esa buni rad etib chiqqandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda tekshirish davomida ushbu lift bir necha kundan buyon ishlamayotgani, oldin ham ishlamay qolishi holatlari ko‘p marotaba bo‘lgani haqida muqimlar tomonidan tushuntirishlar berilgani ta’kidlanadi.

Bosh prokuratura bayonoti Skrinshot: Telegram/@ uzbprokuratura

Biroq fojia yuzasidan munosabat bildirgan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga ko‘ra, tekshiruv davomida liftning xavfsizlik moslamalari ishchi holatdaligi aniqlangan.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi bayonoti Skrinshot: Telegram/@ uzbprokuratura

Xo‘sh, bu o‘rinda kimga ishonish kerak? Bosh prokuraturagami yoki Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga? Jamoatchilikda uyg‘ongan shubha-gumonlarga chek qo‘yish maqsadida Bosh prokuratura matbuot xizmati yangi bayonot bilan chiqib, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasining iddaolariga munosabat bildirdi.

“26 iyul kuni marhumaning yaqin qarindoshlari ayolni topib berish yuzasidan ichki ishlar idorasiga murojaat qilishgan. 27 iyul kuni uy yashovchilari tomonidan marhuma ayol lift ichidan topilgan. Mazkur holat yuzasidan prokuratura tekshirish o‘tkazishni boshlagan.

Shu orada, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, e’tibor bering “28 iyul kuni mutaxassislar tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganida, lift qurilmasining xavfsizlik moslamalari ishchi holatdaligi yuzasidan birlamchi ko‘rik ishlari amalga oshirildi va ularning ishchi holatdaligi aniqlandi” deb rasmiy munosabat bildirgan.

Vaholanki, lift 24-28 iyul kunlari ishlamayotgani voqea guvohlari, uy yashovchilari o‘z tushuntirishlarida, shuningdek, voqea joyida xolis surishtiruv olib borgan ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarning videoreportajlarida to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan”, deyiladi bayonotda.

Chindan ham Milliy TV, Daryo, Qalampir, Xabardor internet-nashrlari tomonidan e’lon qilingan surishtiruvlarda ham liftning nosoz ekani aniqlangan, muqimlar ham buni tasdiqlashgan.

Liftning avariya-qutqaruv tugmasi ishlamagan

Hodisa yuzasidan Kun.uz ham o‘z surishtiruvini o‘tkazdi. Unda fojia ro‘y bergan uyda yashovchi Alisher Abdullayev liftda favqulodda holat paytida fuqarolarning joniga ora kirishi lozim bo‘lgan tugmalar ishlamasligini ta’kidlagan.

“Liftda favqulodda chaqiruv yoki avariya-qutqaruv xizmatiga xabar beruvchi tugmalar ishlamaydi. Agar shu tizimlar ishlab turganda ayol o‘zi tushib qolgan favqulodda holat haqida xabar bera olgan va uning joni omon qolgan bo‘lardi”, deya ta’kidlagan Alisher Abdullayev.

Shuningdek, u bundan bir necha kun oldin liftga chiqqan vaqtda u to‘xtab qolgani, baxtiga lift tuzatadigan ustalar u paytda shu yerda ishlayotgani va ular singlisini qutqarib olganini aytib bergan.

FVV matbuot kotibi Murod Sodiqov Kun.uz so‘roviga javoban fojia ro‘y bergan kunlari ushbu ko‘p qavatli uyda joylashgan liftlardan qutqaruv xizmatiga hech qanday chaqiruv kelib tushmaganini bildirdi.

Fojia sodir bo‘lgan lift Foto: Kun.uz 

Shu uyda yashovchi boshqa fuqaro ushbu turar joy Real House brendi egalik qiluvchi Lotus Gaz Invest kompaniyasi tomonidan qurilgani, aholi bu yerga ko‘chib kelgan vaqtda liftlar hali o‘rnatilmagani, odamlarning tinimsiz murojaatlaridan so‘ng liftlar olib kelib o‘rnatilganini aytmoqda.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi lift 2021 yilda Xitoyning Aoyama Elevator Global kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgani, yuk ko‘tarish quvvati 630 kg ekanini ma’lum qilgan. Lift Arena Avto Trans Servis tomonidan o‘rnatilgan va 2022 yilda quruvchiga topshirilgan.

Biroq Parkent ko‘chasida yangi qurilgan 269-sonli ko‘p qavatli uyni qurgan quruvchi firma liftning tegishli hujjatlarini boshqaruv servis kompaniyasiga taqdim etmagan.

Uyda yashovchilardan biri quruvchi tomonidan talabga javob bermaydigan lift olib kelib o‘rnatilgani, sertifikatsiyadan o‘tmagani yoki qing‘ir yo‘llar bilan o‘tganini idda qilmoqda.

Ayni paytda fojia sabablari prokuratura organi tomonidan o‘rganilmoqda. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov 32 yoshli ayolning liftdagi o‘limi yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, liftda qamalib qolgan 32 yashar Olga Lentevaning o‘limiga shifokorlarning dastlabki tibbiy ma’lumotnomasiga ko‘ra, yurakning ishemik kasalligi, o‘tkir yurak, qon-tomir va nafas yetishmovchiligi sabab deb ko‘rsatilgan.

Yo‘qolgan odamlarni topishga ko‘maklashuvchi ko‘ngillilarning guruhida yozilishicha, marhumning 6 yashar qizchasi bo‘lgan. Bola buvisining qaramog‘ida qolgani aytilmoqda.

Mavzuga oid