Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bu o‘taketgan vahshiylik» – Zokirjon Almatov Farg‘onada IIB xodimlari ayolni tahqirlagani haqida
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan ayolning IIB xodimlari tomonidan kaltaklanib, yalang‘och holda tasvirga olinishini o‘taketgan vahshiylik deb atadi. Bu ishlarga bosh bo‘lgan tuman IIB rahbari esa qaysidir yo‘llar bilan amalga o‘tirib qolganini aytdi. “Biz o‘zidan ketib qolgan bunday rahbarlarni aslo kechirmaymiz”, dedi u.
Foto: Videodan kadr
7 oktyabr kuni IIV huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari va OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov Furqat tumani IIB xodimlari tomonidan ayolning tahqirlanish holatiga munosabat bildirdi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Zokirjon Almatov ichki ishlar xodimlari jahlini jilovlay olishi kerakligini ta’kidlagan.
“Bu o‘taketgan vahshiylik. U rahbar [Furqat tumani IIB sobiq boshlig‘i — tahr.] qaysidir yo‘llar bilan amalga o‘tirib qolgan, deb o‘ylayman. Qanday sharoitda bo‘lsa ham, ichki ishlar idorasi xodimi o‘zini ushlashni bilishi kerak. Biz bunday o‘zidan ketib qolgan rahbarlarni aslo kechirmaymiz”, degan Almatov.
Shuningdek, maslahatchi ichki ishlar xodimlarining vazifasi faqat qamash emasligini aytib o‘tgan.
“Har bir yig‘ilishda vazir, vazirlik rahbariyati, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshliqlari xodimlardan shu narsani talab qiladi: jahlingga erk berma, jahlingni jilovla, odamlarni yaxshilab eshit, deymiz. Bizga jahl qilib, o‘zini osib qo‘yganlar ham bo‘lgan. Shuning uchun yigitlar, qizlarimiz, eshitinglar, insonlarga nisbatan mehr-muhabbat degan tuyg‘ularning hammasi bizda bo‘lishi shart. Siz bilan biz faqat qamash uchun yaratilmaganmiz. Tarbiyalash, insonlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularga yordam berish uchun ichki ishlar xodimlari bor. Shu narsa hech qachon esimizdan chiqmasin. Lekin odam bo‘lmaydiganlarning qonun bo‘yicha jazosini berishimiz shart. Shu bois bizning faoliyatimizda har xil odamlar bo‘lgan, hozir ham uchrab turadi”, degan u.
Zokirjon Almatovning qo‘shimcha qilishicha, Farg‘onadagi holat bo‘yicha maxsus tekshiruv olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan holat haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Furqat tumani IIB xodimlari ayolni kaltaklab, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olgani haqida gap boradi. Holat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Ombudsman Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi jinoiy javobgarlikdan ozod etilganini ma’lum qilib, holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanishini so‘ragan.
Holat yuzasidan Furqat tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan 39 yoshli Akmal Xo‘jayev hamda uning birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan 34 yoshli Jasur Rasulovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular Jinoyat kodeksining 6 ta moddasi bo‘yicha ayblanmoqda. Hozirda ularga oid jinoyat ishi JIB Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Mavzuga oid
08:22
Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlandi
14:10 / 02.12.2025
“Suv sepish bilan ish bitmaydi” – Farg‘ona havosi hamon o‘ta zararli bo‘lib qolmoqda
21:34 / 30.11.2025
Farg‘onada havo ifloslanishi rekord darajani tashkil etdi
19:56 / 30.11.2025