O‘zbekiston | 22:41 / 02.07.2020
40687
4 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda 10 kishi noqonuniy qurilishlarga aloqador ravishda qamoqqa olingan - Toshkent viloyati prokurori

«Ular – mahalla raisi, tuman hokimi o‘rinbosari, tuman «Yermulkkadastr» bo‘limi xodimi, maklerlar. Jami 10 nafar odam tergov oldida javob beryapti», – dedi viloyat prokurori Salom Samadov.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida noqonuniy dala hovlilarning buzilishi bo‘yicha jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi. Unda viloyat prokurori Salom Samadov vaziyatni sharhlab o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida 20 mln gektar yer bo‘lsa, shuning 20 foizi sug‘oriladigan yer hisoblanadi. O‘rmon xo‘jaligining yeri bo‘ladimi, qishloq xo‘jaligining yeri bo‘ladimi, faqatgina qurilishga ruxsat berilgan yerlarda qurilish qilish mumkin.

Qonunchiligimizda agarda mana shunday o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarga zarar yetkazsa, zarar pulini to‘lash ko‘zda tutilgan. Mana shunday qonunbuzarlar hozirda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Ular – mahalla raisi, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tuman «Yermulkkadastr» rahbari va xodimlari, maklerlar. Jami 10 nafar odam tergov oldida javob beryapti

Ko‘p yillardan beri Bo‘stonliq tumanida noqonuniy qurilish qilish oddiy holga aylangan. Qonunni buzsak ham davlat organi xodimlari bilan bilan kelishamiz, ular ham biron narsa kutadi, deyishadi. Natijada 2020 yil 11 may holatiga ko‘ra, 8ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 594ta obekt noqonuniy deb topilgan va 24ta mana shunday noqonuniy tarzda qurilgan uylarning egalari sudga chaqirilganida kelishmagan.

O‘rganishlar natijasida ko‘rdikki, nafaqat Bo‘stonliq tumanida, balki boshqa hududlarda ham fuqarolar noqonuniy tarzda egallamoqchi bo‘lgan yerlariga avvaliga tosh terib qo‘yishadi, keyin sekingina yog‘och taxlaydi, undan keyin g‘isht terishadi va «taq» etib ustini yopishadi, shu bilan imorat tayyor.

Bunday noqonuniy qurilishlarning sababi nimada? Albatta, so‘nggi yillarda O‘zbekiston aholisining soni oshib bormoqda, lekin hokimiyat tomonidan qonuniy tarzda qurilish qurish uchun yerlar ajratilmagan, ochiq auksionga qo‘yilmagan. Qurilishga biz qarshi emasmiz, mayli qursin, lekin qonuniy tomondan qurilsin.

Hokimiyat tomonidan qonuniy yerlar ko‘rsatilmagani va bee'tibor qoldirilgani uchun shu holatga kelgan, korrupsiya bo‘lgan.

Aynan Bo‘stonliq tumanining shunday go‘zal manzaralari bo‘lgani uchun biz Fransiya, Germaniya va Turkiya davlatlari bilan fikr almashgan holda bu yerda katta turistik zona qilmoqchimiz.

Oddiy o‘qituvchi, shifokor xodimlar bu yerdagi qimmat dachalarga kela olmaydi. Biz shu tomonlarni o‘ylagan holda 3-4 qavatli otellar qurishni rejalashtiryapmiz», – deydi Toshkent viloyati prokurori Salom Samadov.

Press-turga Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov ham jalb etilgan. Avvalroq mavzu yuzasidan uning fikrlari e'lon qilingan edi.

Mavzuga oid