Jamiyat | 18:00 / 02.07.2020
22636
4 daqiqa o‘qiladi

«Elektr o‘tgan joyda ham, yo‘l chetida ham, daryo bo‘yida ham qurilish qilingan» – Oliy sud raisi o‘rinbosari Bo‘stonliqdagi «snos»lar haqida

Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududidagi dachalarning ko‘pchiligi xavfsizlik talablariga javob bermasligi, aksariyati qalbaki hujjat bilan qurilgani haqida gapirdi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida noqonuniy dala hovlilarning buzilishi bo‘yicha press-tur tashkillashtirildi. Press-turda ishtirok etayotgan Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov hududda olib borilayotgan «snos» ishlari bo‘yicha izoh berdi.

«Bo‘stonliqda arzon, sifatli va xavfsiz hordiq uchun muhit yaratish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun esa yo‘llarni, infratuzilmani to‘g‘rilab olishimiz kerak. Bo‘stonliqqa sayyohlar ham keladi. Bundan kimga foyda? Shu yerdagi xalqqa foyda. Ma'lum to‘lov evaziga sayyohning xizmatini, choyini qilib beradi.

Ammo yo‘l chetlarida, daryo bo‘yida, kuchli elektr quvvati o‘tgan nuqtalarda qurilish qilish mumkin emas. Holatni o‘rganish mobaynida elektr simi o‘tgan joyda ham, yo‘lning chetida ham qurilishlar qilinganiga guvoh bo‘ldik. Odamlar yurishiga yo‘lakcha ham yo‘q, uylariga qo‘shib olgan. Birinchi navbatda – xavfsizlik degan narsa kerak. Shuni aholiga to‘g‘ri tushuntira olishimiz kerak.

Yuqorida yosh bolalarning sil kasalliklari shifoxonasi bor. Butun respublikadan bolalar kelib davolanishadi, o‘qishadi. Hatto shu hududlar ham talon-toroj qilingan. Kimdir uy qurib olgan, kimdir endi uy quryapti», deya Yodgorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Mas'ulning so‘zlariga ko‘ra, buzilayotgan uylarning aksariyati qalbaki hujjat asosida qurilgan.

«Bir ayolning suv bo‘yida qurilgan uyi buzilyapti. Ayol esa ijtimoiy tarmoqqa chiqib olib, dod-voy solib, uyimni ogohlantirishsiz buzishyapti deyapti. Vaholanki, ikki oydan beri ogohlantirib kelyapmiz. Bu yerda qurish mumkin emas, deb qancha aytdik. Hujjatim bor deb chiqdi. 2019 yilda 1998 yilgi hujjatni qalbakilashtirib olgan. Chunki qaynotasi mahalla raisi bo‘lgan. Hujjati qonuniy bo‘lib, jamoat ehtiyoji uchun uning mulki yoki yeri olinganida, so‘zsiz kompensatsiya berilardi. Ya'ni yeri uchun yer, uyi uchun uy, agarda u uyi bitguncha ijarada yashasa, ijara puli ham beriladi.

Bu yerdagilarning ko‘pchiligi noqonuniy, hujjati qalbaki bo‘lgan uyga katta mablag‘ sarflagan. «Dacha»larning ko‘pchiligi xavfsizlik talablariga javob bermaydi. Yer berishning ham tartib-qoidasi bor. Qurilish qiladimi, «dacha» quradimi, tartibga bo‘ysunishi kerak. Bo‘stonliq – tog‘li hudud. Ertaga kimningdir uyiga sel kelishi, turgan joyi o‘pirilib tushishi mumkin. Buzilayotgan uylar 2018 yilda 20 apreldagi o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarga berilgan bir martalik davlat aksiyasidan keyingi uylar. Ungacha bo‘lgan uylarning barchasini hujjatlashtirib berganmiz. Davlat hech kimni ko‘chada qoldirmoqchi emas, hech kimning uyini buzmoqchi emas. Lekin noqonuniy qurilgan uylarga jim qarab tura olmaymiz. Bir yil ichida 1193 gektar yer qaytarib olindi», deydi Xolmo‘min Yodgorov.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati
Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

«Bo‘stonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi bayonida ko‘rsatilishicha, Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan xatlov jarayonida jami 338ta turar va noturar bino egalariga amaldagi uy-joy, yer qonunchiligi talablari tushuntirilib, barchasiga noqonuniy qurilmalarni ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirishlar berildi.

Mavzuga oid