Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar va IIB xodimining mudhish jinoyati – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Rahbarlar tadbirkorlar bilan har chorakda “Biznes hamroh” markazlarida muloqot qiladi
Prezident qaroriga muvofiq, rahbarlar har chorakda tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida tadbirkorlar bilan “Biznes hamroh” markazlarida uchrashadi. Reja-grafiklar har chorakda barcha uchun ochiq holatda “Biznes hamroh” elektron platformasi hamda tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Shuningdek, platformadagi “Rahbarlar bilan muloqot” moduli orqali bir chorak davomida 1 ta hududdan kamida 10 nafar tadbirkorning murojaati yo‘naltirilgan tashkilot rahbarlari keyingi chorak reja-grafigiga o‘sha hududda tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazishni kiritishi shart qilib belgilangan. Uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalar va “Biznes hamroh” markazining Call-markazi orqali kelib tushgan murojaatlar platforma vositasida “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga kiritib boriladi.
Tadbirkorlarga mingdan ortiq xizmat “yagona darcha” asosida ko‘rsatiladi
Prezident qaroriga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlariga davlat va ayrim xususiy xizmatlarni kompleks ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Hujjatda mingdan ortiq xizmatni “yagona darcha” tamoyili asosida taqdim etish orqali tadbirkorlar faoliyatiga to‘laqonli hamrohlik qilish maqsadi belgilangan.
Loyiha doirasida Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan “Biznes hamroh” markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Dastlabki bosqichda ushbu markazlar Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek viloyatlar markazlarida tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, mazkur mexanizm tadbirkorlar uchun xizmatlardan foydalanishni soddalashtirish, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va biznes yuritish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Farg‘onada tanishini mashinada qasddan urib o‘ldirgan erkakka hukm o‘qildi
Farg‘ona shahrida mashinasi bilan tanishini urib ketib, o‘ldirgan shaxs ishi sudda ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi.
Jinoyat 1993 yilda tug‘ilgan F.Z. tomonidan sodir etilgan. Ta’kidlanishicha, u 2025 yil 10 iyul kuni marhum M.A. ukasi haqida noo‘rin gaplarni tarqatib yurganini vaj qilib, uni qasddan o‘ldirish rejasini tuzgan. Shundan so‘ng, o‘z mashinasida M.A. ortidan quvgan va uni urib yuborgan. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan M.A. vafot etgan.
Sud uni qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topib, 14 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Marhumning yaqinlari yetim qolgan 4 bola uchun 4 mlrd so‘m moddiy va ma’naviy zarar so‘radi. Sudlanuvchi marhumni qasddan urib ketmaganini bildirdi.
Bekobodda IIB xodimi mashinada odam urib o‘ldirdi
11 dekabr kuni Toshkent viloyati Bekobod tumani IIB Jinoyat qidiruvi bo‘limida ishlovchi xodim mashinasida piyodani urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan. So‘ng xodim jinoyatini yashirish uchun murdani Sirdaryoga oqizib yuborgani aytilmoqda. Jinoyatda gumon qilinayotgan IIB xodimi ushlangani ta’kidlanmoqda.
Holat yuzasidan Bekobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi va 117-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi shaxsga qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozir marhumning murdasini topishga qaratilgan tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Mavzuga oid
21:05 / 26.12.2025
2026 yil nomi va o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish rejasi – mahalliy dayjest
21:28 / 25.12.2025
Deputatlar yashirincha tasdiqlagan 41 trln so‘m va YHXX raddiyasi – mahalliy dayjest
21:41 / 24.12.2025
Yo‘llardagi yuzlab kameralarning internetda ochiq qoldirilishi va o‘zbek so‘mida sigareta tutatgan xorijliklar – mahalliy dayjest
21:57 / 23.12.2025