O‘zbekiston | 11:44 / 06.04.2026
17086
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari 50 ming dollar bilan ushlandi

2024 yildan buyon viloyat hokimining turizm bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Isomiddin Ismanov Bobur shaharchasidagi 20 sotix yerni hujjatlashtirib olib berish evaziga 50 ming dollar talab qilgan. U bu pulni o‘z uyida olayotganida qo‘lga tushgan.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Andijon viloyat hokimi o‘rinbosari Isomiddin Ismanov o‘z uyida 50 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olindi. Kun.uz’ning prokuratura tizimidagi manbasi ushbu ma’lumotni tasdiqladi. 

Qayd etilishicha, hokim o‘rinbosari fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun Bobur shaharchasi hududidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 20 sotix yer maydonini viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i orqali auksionga qo‘ydirib, uning nomiga rasmiylashtirib va kelgusida ushbu joyda qurilish uchun ruxsatnoma olib berishini aytib, buning evaziga 50 ming dollar talab qilgan. 

Fuqaro arizasiga ko‘ra 4 aprel kuni DXX va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor tadbir o‘tkazgan. Hokim o‘rinbosari so‘ralgan pulni o‘z uyida olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

5 aprel kuni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, hokim o‘rinbosari protsessual tartibda ushlangan.

Ma’lumot uchun, Isomiddin Ismanov 2025 yil dekabridan buyon Andijon viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

U muqaddam Ichki ishlar vazirligi tizimida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan. Xususan, 2022–2025 yillarda Andijon viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i vazifasida ishlagan. U 2021 yilda «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil kuzida ham Andijon viloyati hokimining investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Botirjon Hamroyev budjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa holatlarda ayblanib, 7 yil muddatga qamalgandi. O‘shanda uning uyidan katta miqdorda naqd pul topilgani haqida xabarlar tarqalgandi, keyinroq bu xabar tasdiqlanmadi. 2026 yil yanvarida apellyatsiya sudi Hamroyevga tayinlangan jazoni yetkazilgan zarar qoplangani munosabati bilan o‘zgartirgani va u ozodlikka chiqqani ma’lum bo‘lgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid