O‘zbekiston | 16:00 / 06.04.2026
26796
2 daqiqa o‘qiladi

“Uchastkavoy”larga topshiriq: “daydi topmasang qarindoshingni yoki o‘zingni daydi qilib yop!”

Toshkent shahri Olmazor tumani IIB amaldori Abror Xudoyberdiyev profilaktika inspektorlariga ko‘chadan daydi topib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. U 300 ta qilishi kerakligini aytib, barcha xodimga ko‘chaga chiqishni buyurgan.

Foto: Videodan kadr

Kun.uz’ga Olmazor tuman IIB amaldori Abror Xudoyberdiyevning topshirig‘i aks etgan audio va videolavhalar kelib tushdi. Unda amaldor profilaktika inspektorlariga ko‘chadan daydi topib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergan.

Xususan, audioda Abror Xudoyberdiyev daydi topmagan xodim qarindoshini yoki o‘zini daydi sifatida “yopishi” bo‘yicha aytgan.

E, profilaktika inspektorlari, men sizlarga yana qayta aytyapman, daydi nol bo‘lib turibdi! Vijdonsiz, daydi yo‘qmi Olmazor tumanida? Daydi qil hozir!

Hamma narsada nol bo‘lib yotibdi protokollar: majburiy davolashga joylashtirishing nol, daydi nol, ma’muriy bayonnomang nol, ma’muriy nazorat nol!

Nima, o‘zlaringdan ketib qolganmisanlar, vijdonsiz! Qani bittang daydi qilma-chi. O‘zingni daydi qilib olib borib yop, qarindoshingni olib borib yop daydi qilib! O‘zing daydi bo‘lasan!” degan u.

Shuningdek, amaldor videolavhada 300 ta qilishi kerakligini aytib, barcha xodimga ko‘chaga chiqish topshirig‘ini bergan.

1 soat vaqtimiz qoldi. 22:00 da hisob-kitob bo‘ladi. Men borishni xohlamayman. “Davay”, hozir “gazlaymiz”, 300 taga chiqdi, 200 ta protokolimiz qoldi, chiq hammang ko‘chaga!” degan Abror Xudoyberdiyev o‘z topshirig‘ida.

IIV matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban holat o‘rganib chiqilishini ma’lum qildi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid