O‘zbekiston | 11:18 / 04.12.2023
240905
3 daqiqa o‘qiladi

«Salimboy»ga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlandi

G‘ofur Rahimov qidiruvda ekani haqidagi xabarlar esa tasdiqlanmadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari «Salimboy» va «Salimboyvachcha» laqablari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyevga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazmoqda. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Salim Abduvaliyev 2017 yil yanvaridan buyon O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va mamlakat sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi hisoblanadi.

Turli sport tadbirlariga homiylik qilgani uchun Salim Abduvaliyev ayrim manbalarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi mukofotini olgani ma’lum qilingan.

Shuningdek, ichki ishlar organlaridagi manbalar G‘ofur Rahimovning qidiruvda ekani haqidagi xabarlarni tasdiqlamadi.

G‘ofur Rahimov / Foto: Kun.uz

Asli o‘zbekistonlik tadbirkor G‘ofur Rahimov O‘zbekiston professional boks federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari hisoblanadi. 

Rahimov 2018 yil noyabridan 2019 yil iyuliga qadar Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA)da rahbari lavozimida ishlagan. Shuningdek, 2010 yilda esa Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti etib saylangan. 2001 yildan 2012 yilgacha O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining vitse-prezidenti bo‘lgan.

  • 2 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB poytaxtda huquq-tartibot idoralari tomonidan «ko‘cha bollari» va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabar bergandi. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgani qayd etilgan.
  • Ko‘p o‘tmay Toshkent shahrida «Saidaziz medgorodok» laqabi bilan tanilgan shaxs qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. U atrofiga jismonan baquvvat shaxslarni to‘plab, qarzdorlik va boshqa muammolarni qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish bilan shug‘ullangan. 
  • Huquq-tartibot idoralari xodimlari, shuningdek, «Baxti Tashkenskiy» laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevni qo‘lga olgan. Bundan tashqari, o‘ta yirik miqdordagi tovlamachilikda gumon qilingan yana ikki shaxs qo‘lga olindi. Ularning barchasi 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Mavzuga oid