O‘zbekiston | 16:31 / 03.02.2026
3891
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida ayrim yo‘l uchastkalarida tezlik 80 km/soatgacha tushiriladi

Toshkent viloyatida D012 Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorbog‘ qo‘rg‘oni yo‘lining 6 ta aholi yashash joyidan tashqari qismida tezlik 80 km/soatgacha tushiriladi. Ushbu hududda belgilangan tezlikka rioya etilmasligi sabab bir yilda 63 marta YTH sodir bo‘lib, 15 kishi halok bo‘lgan.

Foto: LiveJournal

Toshkent viloyatining ayrim hududlarida transport vositalarining yuqori tezligi 80 km/soatgacha tushiriladi. Bu Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining 2 fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjat yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, fuqarolar va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Qaror bilan viloyat IIBB Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy maxsus komissiyasining davlat ahamiyatiga ega D012 Bektemir-Chirchiq-G‘azalkent-Chorbog‘ qo‘rg‘oni avtomobil yo‘lining 6 ta aholi yashash joyidan tashqari qismida harakat tezligini kamaytirish bo‘yicha taklifi ma’qullandi.

Spot nashri yozishicha, qaror avtomobil yo‘li bo‘ylab joylashgan aholi punktlari yaqinidagi quyidagi uchastkalarga taalluqli:

  • Xitoytepa (19−20 km);
  • Uyyenkulsoy (44−45 km);
  • Sari Qanli (49−50 km);
  • G‘azalkent (61−62 km);
  • Qaranko‘l (64−65 km);
  • Chinorkent (71−74 km).

Avval ushbu uchastkalarda harakat tezligi 100 km/soatgacha ruxsat etilgan edi.

Viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘iga o‘n kun muddatda ushbu hududlarda harakat tezligini cheklash uchun 3.24 «Yuqori tezlik cheklangan» (80 km/soat) yo‘l belgilarini o‘rnatish yuklatildi.

Qayd etilishicha, D012 yo‘lining 19–74-kilometrlari oralig‘ida belgilangan tezlikka amal qilmaslik oqibatida 2025 yilning 12 oyi davomida jami 63 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 15 kishi vafot etgan, 50 kishi tan jarohati olgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid