O‘zbekiston | 22:32 / 07.05.2020
48618
4 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonov Sardobadagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun 15 mln dollar ajratdi

Rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi suv ombori to‘g‘oni buzilishi va suv toshqini yuzaga kelishidan jabr ko‘rgan aholiga ko‘mak berish uchun 15 million dollar miqdorida xayriya mablag‘i ajratdi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu mablag‘ning 10 million dollarlik qismi O‘zbekiston uchun, 5 million dollari esa Qozog‘iston uchun taqdim etilgan.

Tengrinews.kz nashri xabariga ko‘ra, suv toshqinidan jabr ko‘rgan Turkiston viloyati hokimligi 5 million 202 ming dollar ajratilganini tasdiqlagan. 

«Bu mablag‘lar jabrlangan 5202 oila boshliqlariga o‘tkazib beriladi», degan hokimiyatdagi manba.

O‘zAda Alisher Usmonov shu munosabat bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktub e'lon qilindi.

«Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Bolaligim va yoshlik yillarim o‘tgan ona yurtimdagi aka-ukalarim va opa-singillarim bilan hozirgi epidemiologik qiyinchiliklarga sherik bo‘lar ekanman, Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan fojia haqidagi xabarni, shuningdek, uni odamlarimiz munosib va mardona qabul qilganligini qalbimda og‘riq bilan his qildim.

Muqaddas Ramazon oyida Allohning o‘zi meni Vatanimga chorladi, zero bu kunlarda biz yordamga muhtoj odamlarga alohida g‘amxo‘rlik qilishimiz va ko‘mak berishimiz kerak. Biz quvonchli damlarda ham, boshga g‘am-tashvish tushganda ham, bir-birimizni yelkama-yelka turib qo‘llab-quvvatlaymiz. Men xalqimizning taqdiriga befarq qarab tura olmayman va shu sababli suv toshqinidan jabrlanganlar turmushini tiklash va yaxshilash, talafot oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etishga yordam ko‘rsatish uchun 10 million dollar beryapman.

Men xalqimizning duolariga qo‘shilib, ularning boshiga tushgan kutilmagan sinovlardan tezroq xalos qilishini Allohdan so‘rab qolaman», deyiladi xatda.

1 may kuni Sirdaryoning Sardoba tumanida ro‘y bergan suv toshqini oqibatida atrofdagi hududlardan, jumladan Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridan ham jami 90 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilindi.

Suv Qozog‘iston janubiga kirib borishi tufayli Turkiston viloyati Maqtaraal tumanida 10ta qishloqni suv bosdi va xavfli hududlardan 30 mingdan ortiq kishi ko‘chirildi.

Qayd etish kerakki, Alisher Usmonov so‘nggi oylarda koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekiston aholisi uchun ikki marta xayriya mablag‘i ajratgandi. Mart va aprel oylarida u jami 25 million dollar miqdoridagi mablag‘ni koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasidagi O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik jamg‘armasiga o‘tkazib bergandi.

Financial Times nashri ma'lumotiga ko‘ra, u 2019 yilda ham bir necha yuz million dollar miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistondagi ijtimoiy va madaniy loyihalarga yo‘naltirgan.

Forbes jurnalining 2020 yilgi ma'lumotiga ko‘ra, Alisher Usmonovning boyligi 13,4 milliard dollarni tashkil etadi. U Rossiyada eng badavlat tadbirkorlar reytingida yettinchi o‘rinda joylashgan.

Mavzuga oid