O‘zbekiston | 21:24 / 11.09.2021
24454
7 daqiqa o‘qiladi

Qalampir.uz jurnalistiga tahdid qilgan prokuratura xodimiga chora ko‘rilmadi. Unga “odob darsi” o‘tilgan

Qalampir.uz sayti jurnalistiga tahdid qilgan prokuratura vakili uzr so‘rash bilan qutulib qolgan. Tahririyat bu haqda o‘z bayonotida ma’lum qildi.

Foto: Qalampir.uz

Nashrning qayd etishicha, 6 sentabr kuni tahririyat a’zolari – bosh muharrir o‘rinbosari Feruza Najmiddinova, tasvirchi Xo‘jamiyor Xolmurodov va yurist Shohrux Olimjonov Toshkent shahri Yunusobod tumani 2-mavzeda qurilishi yakunlanmagan 14 ta bino prokuratura va ichki ishlar xodimlari ishtirokida buzib tashlanayotgani haqidagi murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazish uchun voqea joyiga yetib boradi.

Ular jurnalist ekanliklarini tasdiqlovchi hujjat bilan “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartiblardan chetga chiqmagan holda jurnalistik faoliyatini amalga oshirishga kirishadi.

Shu vaqtda jurnalist F.Najmiddinova va tasvirchi X.Xolmurodovning jurnalistik faoliyatiga Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizov tomonidan to‘sqinlik qilinadi. Azizov yonidagi ichki ishlar posbonlariga OAV xodimlari tartibsizlik keltirib chiqarayotganini aytib, ularni ichki ishlar bo‘limiga olib borishni buyuradi. Buning uchun maxsus avtobus ham chaqirtiriladi.

Shuningdek, jurnalistlarning tasvirga olishiga ham to‘sqinlik qilingan. U.Azizov tasvirchi X.Xolmurodovni yoniga chaqirib, tasvirlarni o‘chirib yuborishni va voqea joyidan ketishni talab qilgan.

Tahririyat bo‘lib o‘tgan voqea haqida 7 sentabr kuni maqola va videoni e’lon qildi. Holat bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi yuzasidan 11 sentabr kuni Bosh prokuratura Qalampir.uz'ga rasmiy bayonot berdi. Unda qayd etilishicha, Umid Azizov prokuratura organlari tizimida 2019 yildan, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Yunusobod tumani prokurori sektori kotibi vazifasida 2020 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

Bosh prokuraturaning tasdiqlashicha, 2-sektor kotibi U.Azizov tomonidan mazkur sayt tasvirchisiga olingan videolarni o‘chirib ketishini aytib, jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilgani aniqlangan.

“Tekshirish natijasiga ko‘ra, U.Azizov bilan Toshkent shahar prokurori huzurida profilaktik suhbat o‘tkazilib, kelgusida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid qonunchilikka hamda prokuratura organlari xodimlarining “Kasb odobnomasi”ga qat’iy rioya qilish, aks holda intizomiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi”, – deya Bosh prokuratura axborotidan iqtibos keltirgan Qalampir.uz.

Nashrning e’tibor qaratishicha, bugungacha jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish, tazyiq o‘tkazish, tahqirlash kabi bir necha holatlar yuz bergan bo‘lsa-da, birinchi marta jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilingani aniqlanib, mansabdor shaxsning aybi tan olinyapti. 

“Albatta, Qalampir.uz tahririyati Bosh prokuraturaning jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilish holati bo‘yicha o‘tkazgan o‘rganishlari va adolatni tiklash borasidagi xatti-harakatlarini olqishlaydi. Biroq, tanganing ikkinchi tarafi ham bor.

O‘zbekistonda yuqoridagi kabi holatlar bir necha bor kuzatildi va junalist daxlsizligini ta’minlash, uning kasbiy faoliyatini amalga oshirish jarayonida to‘sqinlik o‘tkazish holati bo‘yicha javobgarlikka tortish masalasi dolzarb bo‘lib borayotgani ta’kidlab kelinmoqda. Biroq, mavjud qonunlarimizda jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilanmagan. Shu bois har qaysi mansabdor qilmishi uchun javobgarlikdan uzr-ma’zur bilan qutulib qolyapti.

Oqibatda jurnalistlarga nisbatan tazyiq, bosim, tahdid, so‘z va matbuot erkinligiga g‘ov bo‘lish holatlari orsa ortyaptiki, kamaymayapti. Bundan aziyat chekayotgan jurnalistlar esa o‘ziga ko‘rsatilgan bosim, tazyiq, tahdid, to‘sqinlik qilish holatlariga bugungidek “odob darslari”ni o‘tish bilan javob qilinayotganini ko‘rib, bilib turibdi. Xo‘sh, bundan keyin jurnalist kimga, qaysi qonunlarga ishonib qalam tebratsin? 

Jurnalistlarga qayta-qayta qonunlarga itoat qilish, etika qoidalarini buzmaslik, axborot olish va tarqatishda xolislik prinsipiga amal qilish eslatiladi. Bunga rioya qilmagan jurnalist va blogerlar javobgarlikka tortilganiga ham guvoh bo‘ldik. Kun.uz va Azon.uz bilan shunday holatlar kuzatilganidan ko‘pchilikning xabari bor. Lekin jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar qachongacha uzr va “odob darslari” bilan qutuladi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev jurnalistlarni o‘zining yaqin do‘sti deb bilishini bir necha bor ta’kidladi. Shunga qaramay, ayrim ijro hokimiyati organlarida ommaviy axborot vositalariga nisbatan nafrat saqlanib qolmoqda.

Qalampir.uz va Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi, shuningdek ko‘plab jurnalistlar bilan ro‘y bergan ana shunday holatlar qonunlarimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, xususan jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilish bo‘yicha jinoyat kodeksida javobgarlik belgilash zarurati ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Ayni holatda jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar “odob darsi” bilan qutulib qolishi qanchalik to‘g‘ri? Nega qonun himoyachisi bo‘lgan mansabdorga qonunga va “kasb odobnomasi”ga rioya qilishi eslatib turilishi kerak?! Bu ularning burchi va majburiyati emasmi? Boy jinoyat qilsa sho‘xlik, kambag‘alniki jinoyatmi? Holbuki, Qalampir.uz xodimlari bilan sodir bo‘lgan holat Jinoyat kodeksining 206-moddasi – Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish bilan malakalanishi va U.Azizov javobgarlikka tortilishi mumkin edi. Ammo, bunday bo‘lmadi”, – deyiladi bayonotda.

Sayt tahririyati Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Yuksalish” umummilliy harakati, siyosiy partiyalar, jurnalistlar va blogerlar jamiyatini, so‘z va matbuot erkinligiga befarq bo‘lmagan jamoatchilik vakillarini ushbu masalani atroflicha muhokama qilishga chaqirgan.

Qayd etish lozim, O‘zbekistonda jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlari uchrab turadi. 2019 yilda Kun.uz jurnalisti Rahmatilla Isroilov Olmazor tumani hokimligida tahdidga uchragan, so‘ng hokim o‘rinbosari unga nisbatan tuhmat qilgani oqibatsiz qolgan edi.

Bir oy oldin Qalampir.uz jurnalistiga nisbatan internetda tuhmat tarqatilgan, biroq videoni tarqatgan shaxslar aniqlanmay qolgandi. Shu yil aprelda Qarshi shahrida IIB mansabdori Daryo.uz jurnalistiga tahdid qilgandi.

Mavzuga oid