Qalampir.uz sayti jurnalistini tahqirlovchi videomontaj qilingan lavha ijtimoiy tarmoqda jurnalistlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

7 avgust kuni Internetda tarqatilgan tasvirda Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uyning ayvonidagi shaxsi aniqlab bo‘lmas darajada uzoqlikdan tasvirga olingan noma’lum erkak va ayol ishqiy munosabati aks etgan.

Ushbu axloqsiz video ayrim shaxslar tomonidan montaj qilinib, undagi noma’lum ayol xuddiki Qalampir.uz tahririyati jurnalisti Feruza Najmiddinova sifatida talqin qilingan.

Bunga jurnalist ayol tomonidan bir kun avval — 6 avgust kuni Tashkent City’dagi restoran va qahvaxonalar Maxsus komissiya tomonidan joriy etilgan karantin qoidalariga rioya qilmasdan, soat 20:00 dan keyin ham ishlayotgani, hattoki soat 22:00 da ham buyurtmalar qabul qilayotgani, yemakxonalar xo‘randalar bilan to‘la ekanligi borasida tayyorlagan reportaji sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Qalampir.uz onlayn nashri ushbu voqea yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi.

«Bugun biz istalgan odamni «shes sekund»da sharmanda qilish, uning ustidan istalgan vaqtda mag‘zava ag‘darib, tomosha qilib turish, obro‘sizlantirish va shu yo‘sinda alam olish oson bo‘lgan davrda yashayapmiz. Feruza Najmiddinova ekan deb tuhmat qilinayotgan videoda ayolning yuzidan uning kimligini tanib olish mumkin emas. Va ushbu videoga istalgan ayolning, aytaylik, amaldor ayollarning yoki amaldorlarning qizi, jiyani, ayoli suratini ham qo‘yib, «shunaqa ish bo‘libdi», deb tarqatish mumkin va bu haqiqat bo‘lolmaydi.

Ammo ayrim qabih niyatdagi kimsalar bir oilaning bekasi, jamiyatda va ishida o‘z obro‘-e’tiboriga ega bo‘lgan ayolga tuhmat qilish orqali, «loyni shunday otginki, o‘zi ketsa ham, izi qoladi» qabilida ish tutmoqchi bo‘lishdi. Lekin ular maqsadlariga yeta olmadilar. Xalq o‘z qahramonlarini yaxshi taniydi va ularni «shes sekund»da sharmanda qilish mumkin emas.

Mazkur holat jinsidan qat’i nazar, istalgan jurnalist bilan ro‘y berishi, ularning sha’ni ham ana shunday toptalishi mumkinligini inobatga olsak, O‘zbekistonda jurnalistlarning daxlsizligi masalasi yanada dolzarb bo‘lib borayotganini fahmlaymiz va QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova bilan bog‘liq vaziyat buning yaqqol isbotidir»,