O‘zbekiston | 14:17 / 06.09.2023
10520
6 daqiqa o‘qiladi

Talabalar yotoqxonasi yana kun tartibida – vazirlik rejani bajara ol(a)dimi?

Turar joyga muhtoj talabalarning 43 foizi yotoqxona bilan ta’minlangan. Bu o‘tgan yilgidan 11 foizga ko‘p. Vazirlik yil boshidan beri 8 ming o‘rinli yotoqxona qurganini, yil tugaguncha yana 10 ming o‘rinli yotoqxona foydalanishga topshirilishini aytyapti.

Foto: Kun.uz

Yangi o‘quv yili boshlanib, talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi kun tartibiga chiqdi. Davlat oliy ta’lim muassasalari ayni kunlarda necha foiz talabani yotoqxona bilan ta’minlay olyapti, 2023 yilda yana qancha yotoqxona quriladi, yotoqxona qurish bo‘yicha oldingi yilgi rejalarning qanchasi bajarildi? Kun.uz shu kabi savollarga javob izlaydi.

Talabalarning qanchasi yotoqxona bilan qamrab olinadi?

Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligining Kun.uz'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, ayni damda respublikada 302 ta talabalar turar joyi bo‘lib, ular jami 116 mingdan ortiq talabani qamrab oladi. Bu yotoqxonaga muhtoj talabalarning 43 foiziga to‘g‘ri keladi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari 2022/2023 o‘quv yilida yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalarning 32 foizini yotoqxona bilan ta’minlagandi. Ya’ni o‘tgan yili talabalar turar joylarida 95 ming o‘rin bor. Bu yil 116 mingdan ortiq bo‘lib, bu – oldingi yildan 11 foizga oshganini ko‘rsatadi”, – deya ma’lumot berdi vazirlik bosh mutaxassisi Laziz Mingeshov.

Rasmiylar bergan ma’lumotdan kelib chiqilsa, demak, yana 116 mingdan ko‘proq talabaning yotoqxonaga ehtiyoji bor.

2022 yilgi reja

2021 yil sentabridagi hukumat qaroriga ko‘ra respublika bo‘yicha davlat-xususiy sherikchiligi asosida har biri o‘rtacha 400 o‘rinli jami 228 ta talabalar turar joylari barpo etilishi belgilangandi. 2022 yilning o‘zida hududlarda 47ta yotoqxona qurilishi kerak edi. Kun.uz surishtiruvlari natijasida 2022 yilning iyul oyida yillik rejaning 4 foizi bajarilgani ma’lum bo‘lgandi. Tadbirkorlar TTJ qurish jarayoni murakkab va uzoq vaqtni talab qilgani sabab ko‘p qavatli uy qurib sotishni afzal ko‘rishayotgani haqida aytishgandi. Xo‘sh, 2022 yilgi rejaning qancha qismi bajarildi va 2023 yil uchun nechta yotoqxona qurish rejalashtirilgan?

Vazirlikka ko‘ra, 2022 yilda jami 17505 o‘rinli 36ta TTJ qurib foydalanishga topshirilgan. Bu – o‘tgan yilgi rejadan 11ta kam yotoqxona qurilgan degani.

Yangi o‘quv yilida qancha yotoqxona quril(a)di?

2023 yil fevral oyidagi davlat dasturida yil oxirigacha 18 ming o‘rinli yotoqxona qurilishi belgilangandi. OTFIV bergan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yil 1 sentabr holatiga ko‘ra, 8 416 o‘rinli 18ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirilgan. Yil yakunigacha yana 9700 o‘rinli 21 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Hozir sentabr oyining boshi ekani hisobga olinsa, 9700 o‘rinli yotoqxonalar qurish uchun vazirlikda 4 oy bor.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 38 ming o‘rinli 83 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar ish boshlagan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda vazirlik vakili Otabek Bozarov Kun.uz’ga bergan intervyusida talabalarning yotoqxona bilan ta’minlanishi ko‘rsatkichini 2020/21 o‘quv yili oxirigacha 35–36 foizga, 2025 yilgacha esa 50 foizga yetkazish loyihasi taklifi hukumatga kiritilganini bildirgandi. “2030 yilgacha esa motel va hosteller ham qurilib, ularning hisobiga talabalarning 90 foizga yaqini turar joyga ega bo‘lishi ko‘zda tutilyapti”, – degan Bozorov.

1-bosqich talabalari uchun qulaylik

2023/2024 o‘quv yili uchun davlat OTMning 1-kurs talabalari talaba bo‘lgani haqida mandat javobini olganidan keyin my.gov.uz portali orqali onlayn ariza berib, o‘quv yili boshlanmasidan oldin yotoqxonaga kelib joylashishlari mumkin bo‘ldi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, bu tartib 2024/2025 yildan barcha bosqich talabalari uchun amal qiladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish 1 avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, bir necha yillardan beri aynan 1-kurs talabalarining yotoqxona qidirib sarson bo‘lish holatlari kuzatiladi. Hatto o‘tgan yili ayrim talabalarning ko‘chada tunab qolgani suratlari ham tarqalgandi. Shundan keyin o‘sha paytdagi oliy ta’lim vaziri bilan uchrashuvda jurnalistlar Abduqodir Toshqulovga hech bo‘lmasa 1-bosqich talablarini o‘quv yili boshlanmasidan oldinroq yotoqxonaga joylashtirish uchun harakat boshlanishi kerakligi so‘ralgandi.

Sobiq vazir yotoqxonalar haqida

Umuman olganda, rivojlangan davlatlarda talabalarni turar joy bilan ta’minlash ta’lim vazirligi emas, uy joy bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar orqali bo‘ladi. Buni 2022/2023 o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida sobiq vazir Abduqodir Toshqulov eslab o‘tib, yotoqxonalar qurishga keyingi yillardan vazirlik javobgar bo‘lmasligi, buni xususiy sektorlar qilishini ta’kidlagandi. Ammo bu tartib qachon boshlanishi noma’lumligicha qolmoqda.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz

Mavzuga oid