Oliy ta’lim muassasalaridagi joriy o‘quv yili ham talabalarni turar joy bilan ta’minlash muammosi bilan boshlandi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Laziz Mingishev Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali muloqotda talabalarni turar joy bilan ta’minlash muammosi keng ko‘lamli emasligi, internet va ommaviy axborot vositalarida tarqalgan holatlar ayrim oliy ta’lim muassasalaridagina kuzatilganini aytdi.

Laziz Mingishev

“Asosiy kuzatilgani Talabalar shaharchasida bo‘ldi. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga oid videoni ertalab kelib kimdir tasvirga olib tarqatib yuborgan. Biz u yerga borganimizda universitet mas’ullari talabalarni yotoqxonaga joylashtirish bilan shug‘ullanuvchi komissiya faoliyatini chiroyli tashkil etib qo‘ygan ekan. Birinchi navbatda muhtojlarni joylashdi.

Asosan bir-ikkita OTMda bo‘ldi muammoli vaziyat. Boshqalarda bunday holat kuzatilgani yo‘q. Bir haftadan beri viloyatlarni o‘rganib keldik. Viloyatlarda umuman kuzatilmadi. Bitta Talabalar shaharchasida sodir bo‘lgan vaziyatga asoslanib, nimaga vazirlik bu muammoning chorasini ko‘rmadi deb xulosa chiqarish to‘g‘ri emas, nazarimda. Talabalar shaharchasidayam [shov-shuvli holat] bir kun davom etdi xolos. Hamma yoppasiga kelganda bunday voqea kuzatilishi tabiiy jarayon. Uch kunlab o‘sha yerda yurdik, kimdir borar joyi bo‘lmay ko‘chada qolib ketmaganmikin deb. Lekin bunday vaziyatdagi talabalar va ularning yaqinlarini uchratmadik”, deydi Laziz Mingishev.

Mavzuni atroflicha o‘rgangan Gazeta.uz nashri muxbiri Ziyoda Ramazonova muammo nafaqat Talabalar shaharchasiga, balki poytaxtdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga tegishli ekanini aytmoqda.

“Ko‘rgan-kechirganlarimni aytadigan bo‘lsam, umumiy holatga yaxshi baho bermasdim. Borishim kerak bo‘lgan manzillar ko‘proq edi. Talabalar shaharchasiga borganimizda soat ertalabki yetti ham bo‘lmagandi. Yo‘lda odam judayam ko‘p, yuk ko‘targanlar karvoni juda katta edi. Ular bilan gaplashib o‘zimga ham biroz stressli holat bo‘ldi.